Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ogoh bo‘lingkim, har biringiz rahbar-boshliqdirsiz va har biringiz qo‘l ostidagi, qaramog‘ingizdagi kishilar(ning har tomonlama ya’ni ma’naviy va moddiy ta’minoti)ga mas’uldirsiz. Amir odamlarga rahbardir va qo‘l ostidagilarga mas’uldir. Erkak kishi oila-ahliga rahbardir va (Qiyomatda) qo‘l ostidagi(barcha oila-a’zolarini moddiy, ma’naviy, ta’lim-tarbiyaviy, axloqiy jihat)lari haqida so‘roqqa tutilur! Har bir erkakning ayoli erining uyi va farzandlariga rahbardir va u ayol eri va qaramog‘ida, bevosita tarbiyasida bo‘lgan farzandlari (ya’ni eri va farzandlarini haqlarini to‘liq ado etdimi-yo‘qmi ekani) haqida so‘roqqa tortilur!..”, deganlar. (Bu hadis barcha “Sahih” va “Sunan” kitoblarda rivoyat qilingan).
Oilaning barcha moddiy va ma’naviy ta’minoti erning zimmasida ekani Qur’oni karimda bunday bayon qilingan: «Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir[1]» (Niso surasi, 34-oyat).
Demak, erkaklarning oila rahbari bo‘lishlarining asosiy sababi ular ayollarning moddiy va ma’naviy ta’minotlarini ado etishga salohiyatliligi uchun ekan. Agar oilaning ta’minotiga befarq bo‘lsalar, rahbarlik vazifasini uddalay olmaganlari uchun shar’an javobgarlikka tortiladilar.
Fiqhiy manbalarimizda er safarda bo‘lib, oilasi ta’minotini joyiga qo‘ymasa, ayol buni qoziga ko‘tarsa, qozi unga bolalari va o‘ziga kifoya qilgudek zaruriy narsalarni erni nomiga qarz olishga kafolat xati qilib beradi va eri kelgach, erdan ayoli olgan qarzlarni qozi haqdorlarga undirib berishi ochiq aytilgan.
Alloh ko‘rsatmasin, mabodo, bir shar’iy arzigulik sabab bo‘lib, ajrashsalar, quyidagi tartibda hukm qilingan: avvalo, ayolga mahrini berib ulgurmagan bo‘lsa, uni to‘lashi vojib bo‘ladi: «Agar ularga mahrni belgilagan bo‘lsangiz-u, lekin qovushmay turib taloq qilgan bo‘lsangiz, belgilangan mahrning yarmi (zimmangizdadir). Magar ular (shu yarmini olishdan ham voz) kechib yuborsa yoki nikoh o‘z ixtiyorida bo‘lgan kishi (ya’ni er o‘sha yarim mahrdan) voz kechsa (ya’ni mahrni yarmini olib qolmay, xotinga mukammal to‘lasa, joizdir). Kechib yuborishingiz taqvoga yaqinroqdir...» (Baqara surasi, 236-237-oyat).
Agar yaqinlik qilgan bo‘lsalar, mahrni barchasini to‘lashi vojib bo‘ladi. Chunki endi ularni orasini bog‘lovchi nikoh tugadi. Ajrashgandan to iddasi chiqquncha ayol kishi erining uyida o‘tirishi va er uni moddiy ta’minlashi vojibdir. Chunki iddasi chiqquncha xotin shu erning qaramog‘ida bo‘ladi. «Taloq qilingan ayollarni me’yorida ta’minlash taqvodor (er)larning zimmalaridagi haq (burch)dir» (Baqara surasi, 241-oyat).
Nafaqa taloq qilingan ayolning iddasi chiqqunga qadar to‘lanadi. Iddasi tugagach, erni uyidan chiqib, o‘z nafaqasiga harakat qilish va boshqaga turmushga chiqishiga ruxsat beriladi. Agar orada emizikli farzand bo‘lsa, uni ona qaramog‘iga olib, emizsa va sut haqi talab qilsa, uni ham to‘laydi. Farzand sutdan chiqqach, onaga haq to‘lashni to‘xtatib, farzand to balog‘atga yetgunga qadar ota o‘z holidan kelib chiqib, o‘rtacha hol(ya’ni boy bo‘lsa, boylarning o‘rtachasi, o‘rta hol bo‘lsa, o‘rta hollarning o‘rtachasi, kambag‘al bo‘lsa, ularning o‘rtacha deb bilingan daraja)da bolani ta’minlaydi. Kiyim-kechak, yeb-ichish, turar-joy, kasalini davolatish – barchasi ota zimmasidadir.
Farzand qiz bo‘lsa, balog‘atga yetib, turmush qurgunga qadar ta’minoti va nikoh to‘yi xarajatlarini ham ota beradi. Agar o‘g‘ilmi-qizmi, farzand tuzalmas kasal bo‘lsa, bir umr uni ota ta’minlaydi.
Bugungi kunda ajrashgan otalarga ma’lum miqdor aliment belgilanadi. Bu yuqorida aytilgan shar’iy hukmlarga hamohangdir. Bunda belgilangan vaqtgacha, otaning oylik maoshini ma’lum foizini berish tayinlanadi. Aliment shar’iy nafaqadan yengil va ozdir. Chunki nafaqa bu har oyga ma’lum miqdor to‘lov emas, balki farzandning to balog‘atga yetguncha barcha xarajatlarni to‘liq kafolatlash, kasal bo‘lsa, davolatish ma’nosini ham qamrab oladi. Bu esa har oy bir xilda faloncha so‘m emas, sharoitga qarab, ba’zi bir oylarda ko‘proq bo‘lishi tabiiy.
Shuning uchun aliment beruvchi otalar, uni berishdan bosh tortishlari gunohi kabiradir. Bosh tortsalar yoki imkoni bo‘la turib, ortga sursalar, vazifa va majburiyatlarini bajarmagan bo‘ladilar va ularni shar’an ham, qonunan ham javobgarlikka tortish lozim bo‘ladi.
Ba’zi otalar “alimentni berdim, bo‘ldi”, demasdan, mabodo, farzandlari ko‘proq yordamga muhtoj yoki bemor bo‘lib qolsalar insof qilishlari va qo‘shimcha yordam ham berishlari zimmalaridagi vojib hisoblanishini unutmasliklari lozim. Hech bo‘lmaganda, ota alimentni o‘z vaqtida berishdan bosh tortmasligi lozim. Turli bayramlarda farzandlarini yo‘qlab, alimentdan tashqari kiyim-kechak va sovg‘a-salom berib turishlari kerak!
Aliment ba’zi yillarda davlat tashkilotida rasmiy xizmat qilgan odamlardangina olinar, rasmiy faoliyati yo‘q kishi to‘lamas edi. Afsuski, shu vaqtlar ba’zi kishilar ajrashgan xotinidan “erkakchasiga” qasos olmoqchi bo‘lib, aliment to‘lamaslik maqsadida rasmiy ishlaridan voz kechib, chet ellarda mardikorlik qilib yurganlar. Hozir esa rasmiy faoliyat olib borayotgan kishiga oylik maoshini ma’lum foizi, rasmiy faoliyatda bo‘lmaganlarga ham muayyan miqdorda oylik aliment belgilangan. Bugun alimentdan qochib qutilish imkoni yo‘q. Shunda ham, ba’zi kishilar boshqacha yo‘lga o‘tmoqdalar: rasmiy faoliyati bo‘lmagan kishilarga belgilangan aliment miqdori arzimas pul bo‘lsa ham, shuni yanada ozaytirish maqsadida bu insonlar eng kam ish haqi to‘lanadigan ishlarga nomigagina rasmiy o‘rnashib olib, o‘zi bozorda norasmiy faoliyat yuritib, yaxshigina daromad topsa-da, oy yakunida rasmiy arzimas maoshinini ma’lum foizini aliment hisobida to‘lamoqdalar. Bu odamlar mazkur firibgarligi bilan shariat tayinlagan vojib nafaqadan qochish payiga tushmoqdalar. Lekin shariat vojib qilgan vazifani ado etgan hisoblanmaydilar. Bo‘yinlarida qarz bo‘lib, qiyomatga qoladi.
Bir narsani yaxshi tushunish kerakki, shar’iy nafaqa va aliment to‘lovlari xotin uchun emas, o‘z farzandlari uchundir. Bu borada xotiniga g‘azab qilib, bosh tortish yoki hiyla qilish, o‘z farzandining haqini poymol qilish, kelajagiga bolta urishdir. Islomda yashab turgan ayoliga ham, ajrashgan xotiniga ham, faqat va faqat go‘zal muomala qilishga buyurilgan:
«...Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin» (Niso surasi, 19-oyat).
Bu oyatdagi «...totuv turmush kechirish» oyatini olimlar ayollarning barcha haqlarini to‘liq ado etish, mahri va nafaqasini o‘z vaqtida berish, qo‘pol so‘zlar ila muomala qilmaslik, undan yuz o‘girib, boshqasiga mayl qilmaslik, deb ta’kidlaganlar.
Xulosa so‘z shuki, otalar hamisha alimentlarini o‘z vaqtida, chin ko‘ngilgan chiqarib, otalik burchini ado etayotganini his qilib ado etishlari lozim. Imkoni bor otalar alimentni o‘zi bilan kifoyalanmay, doimo farzandlarini ehtiyojlarini vaqtida qondirib, birovga muhtoj qilmay, kelajakka nafrat bilan emas, havas va umid bilan, baxtiyor holda jismonan va ruhan ezilmay, sog‘lom, baquvvat bo‘lib voyaga yetishiga imkoniyat yaratib berishlari, ularni ham o‘zlari bilan bir uyda yashab turgan farzandlari bilan har tomonlama teng olib yurib, adolatli otalarga beriladigan ajru mukofotlarga erishish payida bo‘lishlari o‘zlarining ikki dunyolari uchun manfaatlidir. Aksincha, bundan turli hiylalar bilan bosh tortsalar ham, sud idoralarida o‘zlarini oqlab, xotinlari ustidan “g‘alaba” qozonsalar ham, bularning barchasi o‘tkinchi dunyodagi vaqtincha va yolg‘on g‘alabadir. Farzandlarini nafaqalarini, alimentlarini ado etmasalar, qiyomatda savobga muhtoj bo‘lgan hollarida xayru savoblari ota o‘rniga ota bo‘lib, qiynalib bola tarbiya qilgan sobiq xotinlari va otasi tomonidan haqlari poymol etilgan farzandlariga olib berilishi haqiqatdir. Adolat tarozusi tiklangach, oldi-berdilarni ado qilishga kech bo‘ladi! Bunday mag‘lubiyat va yuzi qarolikdan Alloh taolo barcha otalarni asrasin. Oilalarni qo‘shgani bilan qo‘sha qaritsin. Farzandlarni o‘z ota-onalari bag‘rida namunali kamol toptirsin!
Manbalar asosida
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi
Bahodir Bahromjon o‘g‘li tayyorladi
[1]. Maqoladagi oyatlar tafsiri muallifi: Shayx Abdulaziz Mansur (hafizahulloh).
Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhabbat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.
Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayotidagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qondirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.
Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.
Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.
Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinchligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).
Bu oyat nikohdagi juftlarning bir-biriga muhtojligi va ular o‘rtasidagi yaqinlikni ta’riflaydi.
Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqibatida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayotiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.
Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.
Kechira olish – go‘zal fazilat, dinimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqazishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.
Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.
Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.
Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mustahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi