Mevalar ichida limonning o‘z o‘rni bor. U o‘zida flavonoid moddasini saqlaydi. Flavonoid – viruslar, allergen va konsergenlarga qarshi kurashuvchi yagona biologik modifikator hisoblanadi. Ko‘pchilik limonning S vitaminga boyligini biladi. Vengriyalik olim Albert Sent-Derdi limon po‘stidan R vitaminini ajratib oldi. Keyinchalik R vitamini – bioflavonoidlarning majmuasi – o‘sish jarayonining moddasi, ya’ni kapillyar tomirlarning egiluvchanligini saqlaydi va mustahkamligini oshiradi.
Bu o‘z navbatida, S vitamining to‘liq singishiga yordam beradi. Qon bosimi kasalliklarida arterial qon tomirlarini kengaytirib, bosimni me’yorda ushlab turadi. Ovqat xazm qilish jarayonida ham faollik ko‘rsatadi. Limon o‘zida 48.3% kaliy (miya va nerv to‘qimalarini oziqlantiradi), 29.9% kalsiy (suyak va tishlarni oziqlantiradi), 4.4% magniy (qonda oqsillarni shakllanishida asosiy rol o‘ynaydi). Limonning ta’mi va xushbo‘yligi ruhiy zo‘riqishda samarali yordam beradi. Aromaterapiyada bo‘g‘im va terining dam olishiga va qon aylanishining yaxshilanishiga limondan keng foydalaniladi. Limon bilan yuz terisi artilsa, yuz yanada yaxshilanadi. Limon sharbati organizmdagi limfatik tizimni tozalaydi va teri to‘qimalarini mustahkamlab qon aylanishini yaxshilaydi. Homiladorlik vaqtida limon iste’mol qilish bolaning suyak to‘qimalarini mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Limonning ovqat hazmida ham foydasi bor, u oqsil, kalsiy va boshqa bir qator vitaminlarning so‘rilishiga yordam beruvchi fermentlarni ishlab chiqaradi.
Shuningdek, limon qondagi xolesterin miqdorini kamaytirib, soch to‘kilishini oldini oladi. Jigar va o‘t qopini yaxshi ishlashiga yordam beradi. Virusli va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda to‘laqonli leykotsitlarni shakllanishiga ko‘maklashadi.
Limonni davolashda qanday qo‘llaymiz? Shamollash va tomoq og‘rig‘ida bir choy qoshiq asalga, bitta limon sharbati qo‘shiladi, so‘ngra bir stakan suvga aralashtirib, har 2 soatda ichib turiladi. Shuningdek yarimta limonga bir bo‘lak sarimsoq piyoz qo‘shib asal bilan iste’mol qilinsa ham bo‘ladi. Olcha sharbati, limon sharbati va suvni har soatda ichib turish sistit kasalligida samarali yordam beradi. Isitmani tushirishda limon sharbatiga qaynoq suvni aralashtirib ichish tavsiya etiladi. Bolalar shamollashida isitmani tushirishda 2 dona limon bo‘lagini olib badanga yaxshilab surtish samarali yordam beradi. Limon po‘stining tish emalini oqartirishda hissasi beqiyosdir.
Yuqoridagilar limonning foydalaridan bir nechtasi, xolos. Sog‘lik va salomatlik – Yaratganning omonati hisoblanadi. Uni doimo asrab-avaylash insoniy burchimiz hisoblanadi.
Internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati