Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyul, 2026   |   17 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:09
Quyosh
04:54
Peshin
12:29
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:45
Bismillah
02 Iyul, 2026, 17 Muharram, 1448

Eng mukammal va boqiy Kitob

24.11.2017   20093   8 min.
Eng mukammal va boqiy Kitob

Qur’oni karimni butun olamlarni hidoyat qilish uchun nozil qilgan Alloh taologa O‘zining jaloliga munosib hamdu sanolar;

O‘ziga nozil etilgan Kitobni  ummatlariga yetkazib, unga amal qilishni o‘rgatgan Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga mukammal va muattar salavotu durudlar;

Payg‘ambar alayhissalomdan Qur’oni karimni o‘ta aniqlik  ila o‘rganib, unga misli ko‘rilmagan ixlos ila amal qilgan  sahobai kiromlarga Allohning rizvonlari bo‘lsin.

Qur’oni karimga iymon keltirgan, uni o‘rgatgan, o‘rgangan va  amal qilgan har bir musulmonga Allohning rahmati, xayri barakasi yog‘ilsin.

Mehribon Rabbimiz O‘zi yaratgan dunyoda O‘zi yaratgan inson qanday  hayot kechirishini bayon qilib berish uchun samoviy kitoblar nozil qilib turishni iroda qilgani ma’lum. Insoniyat taraqqiy etishi jarayonida nozil qilingan samoviy kitoblar – Zabur, Tavrot va Injilda  Alloh taolo mazkur kitoblar nozil qilinayotgan davr va shart-sharoitlarni e’tiborga olgani ham  ayon. Ya’ni, ushbu kitoblar insoniyat tarixidagi ma’lum bir bosqich uchun ko‘zlangan edi. Ulardan avvalgisi o‘z  vazifasini o‘tab bo‘lganidan so‘ng keyingisi kelib, uni amaldan qoldirar va o‘ziga belgilangan vazifani ado etishga kirishar edi. Alloh taoloning O‘ziga ma’lum hikmat borki, ana shu ilohiy kitoblar tushirilgan xalqlar o‘zlariga yuklatilgan mas’uliyatni muvaffaqiyat ila ado eta olmadi. Ular o‘zlariga nozil  qilingan samoviy kitobning asliyatini saqlab qola olmadi hamda yangi samoviy kitob kelganida eskisi amaldan qolishi haqidagi ilohiy ko‘rsatmani buzdi. Ba’zi ahli kitoblar hasad  qilgan holda yangi samoviy kitobni inkor etib, eskisini mahkam ushlab oldi. Ular o‘zlari  ixtiro etgan botilni to‘g‘ri qilib ko‘rsatish uchun ilohiy kitobga o‘zgartish kiritishdan ham  qaytmadi. Shu tarzda hozirda saqlanib qolgan eski ilohiy kitoblar haqni botildan ajratib bo‘lmaydigan  holga kelib qoldi.

O‘zi yaratgan insoniyatni go‘dakligidan tarbiya qilib kelgan Alloh taolo insoniyat  kamolga yetganida unga eng mukammal, qiyomatgacha amalda qoluvchi, har zamon va har makonda insonni ikki dunyo saodatiga boshlovchi hamda abadiy mo‘jiza bo‘lmish kitobini – Qur’oni karimni  nozil etishni iroda qildi. Hakiymu Xobiyr sifatiga sohib bo‘lgan Zot – Alloh taolo mazkur kitobini nozil etish uchun eng  munosib vaqtni, eng munosib joyni, eng munosib tilni va eng munosib xalqni ixtiyor qildi.

Eng munosib vaqt deganda, insoniyatning Qur’oni karimga ehtiyoji rosa tushib turgan vaqtni ko‘zda  tutmoqdamiz. Chunki o‘sha vaqtda insoniyat batamom johiliyat botqog‘iga botib qolgan, samoviy kitoblar o‘z vazifasini o‘tab bo‘lgan, insoniyatni hidoyatga boshlovchi yangi  ilohiy ta’limotga ehtiyoj kuchaygan bir vaqt edi. Alloh taolo ana shunday bir vaqtda o‘zining mukammal hidoyat mayog‘i bo‘lmish Qur’oni karimni  nozil etdi.

Eng munosib joy deganda, Alloh taolo Qur’oni karimni nozil etish uchun tanlagan makon: Makkai Mukarrama, Madinai Munavvara va ularga bog‘liq yerlarni ko‘zda tutmoqdamiz. Butun olam uchun hidoyat mayog‘i bo‘lmish Allohning oxirgi Kitobining aynan shu makonda nozil  qilinishi behikmat bo‘lmagan. Alloh taolo o‘z Qur’onini nozil etish uchun ixtiyor qilgan joy bir  qancha o‘ta muhim omillar qatori Qur’on da’vatining olamshumulligidan ham kelib chiqqan edi. Qur’on da’vati Alloh taoloning oxirgi va hamma insoniyat uchun qiyomatgacha ko‘zlangan bir  da’vati edi. Bunday da’vatning markazi qilib Makkai Mukarramaning tanlanishi esa, u muqaddas shahar  quruqlikning qoq markazida joylashgan edi. Bu hikmatni insoniyat Qur’on oyatlarini o‘rganish jarayonida yaqinda anglab yetdi. Qur’oni karimning An’om surasidagi: «Bu – Biz tushirgan kitob muborakdir, o‘zidan oldingini tasdiqlovchidir. Ummul Quro(shaharlar  onasi)ni va uning atrofini ogohlantirishing uchundir...» oyatini ilmiy  ravishda o‘rganayotgan  jo‘g‘rofiya olimlari Ummul Quro nomi ila mashhur bo‘lgan Makkai Mukarrama yerning qoq markazida joylashganini kashf qildilar. Demak, butun yer yuzi uchun mo‘ljallangan ilohiy kitob Qur’oni karimni nozil qilishga eng  munosib joy deb yer kurrasining qoq o‘rtasi ixtiyor qilingan ekan.

Eng munosib til deganda, Alloh taolo o‘zining oxirgi va mukammal risolasi ma’nolarini ifoda etish uchun ixtiyor qilgan tilni – arab tilini ko‘zda tutmoqdamiz. Darhaqiqat, Qur’oni karimdek qiyomatgacha boqiy qolishi lozim bo‘lgan ilohiy dastur uchun o‘ziga  xos imkoniyatlarga ega bo‘lgan til kerak edi. Qur’oni karimdek hidoyati butun insoniyatni qiyomatgacha ikki dunyo saodatiga boshlashi lozim  bo‘lgan ilohiy kitob uchun mazkur mas’uliyatni ado eta oladigan til kerak edi. Qur’oni karimdek har bir lafzi, iborasi, jumlasi va oyati hamda ularning ma’nolari ilohiy  mo‘jiza bo‘lgan kitob uchun alohida xususiyatlarga ega til kerak edi. Ana o‘sha til – arab tili edi. Qur’oni karim nozil bo‘lgandan hozirgacha barcha ilmiy  bahslarda Allohning oxirgi va mukammal kalomining bayoni uchun faqat arab tili munosib  til ekani qayta-qayta ta’kidlanmoqda.

Eng munosib xalq deganda o‘sha, Qur’oni karim nozil bo‘lgan davrda Arabiston yarim orolida  yashab turgan arablarni ko‘zda tutmoqdamiz. Dunyodagi barcha xalqlar qatori o‘sha vaqtdagi arablarning ham yaxshi va yaxshi bo‘lmagan tomonlari bor edi. Alloh taoloning hikmati ila Ul Zot  Qur’oni karimni birinchi bo‘lib qabul qilib olishga tanlagan xalqning – arablarning yaxshi  sifatlari ham, yaxshi bo‘lmagan sifatlari ham Qur’oni karim uchun xizmat qiladigan bo‘ldi. Arablar o‘sha davrning eng johil, eng ilmsiz, eng urushqoq, eng tartibsiz xalqi edi. Ular  Qur’oni karim nozil bo‘lganidan so‘ng qisqa muddat o‘tishi bilan eng madaniyatli, eng bilimdon,  eng odobli va eng tartibli xalqqa aylandi. Ana shu Qur’oni karimning mo‘jizalaridan biri edi. Agar Alloh taolo o‘zining oxirgi kitobini o‘sha davrning eng bilimdon, eng madaniyatli va  qadimdan yetakchilik qilib kelayotgan xalqiga nozil qilganida ushbu mo‘jizani insonlar anglay olmas edi.  Kishilar bu xalq azaldan ilmli, madaniyatli, intizomli va odobli, peshqadam xalq edi, endi bizga  ilohiy kalom tushdi, deb da’vo qila boshladi, der edi. Arablarning Qur’oni karimni qabul qilib olishi uchun xizmat qilgan yaxshi sifatlaridan biri, ularning yodlash qobiliyatlarining kuchliligi edi. Ular o‘qish-yozishni bilmaganlaridan hamma  narsani – tarixni, nasablarini, turli qasidalarni yodlab olib, avloddan avlodga o‘tkazib  kelishar edi. Ana o‘sha xislat Qur’oni karimni ham o‘ta aniqlik bilan yodlab olib, avloddan avlodga o‘tkazishga xizmat qildi. Albatta, Alloh taolo o‘z Qur’onini arablarga bevosita tushiravergani yo‘q. Balki ularning  ichidan, nafaqat arablarning ichidan, balki butun insoniyat ichidan eng afzalini – Muhammad ibn  Abdulloh sollallohu alayhi vasallamni tanlab olib, o‘sha zotga nozil qildi. U zot esa, o‘z ummatlariga Allohning kalomini yetkazdilar. Chunki Alloh taoloning  bu boradagi odati shu edi. Ana o‘sha urf bo‘lib qolgan odatga binoan, Payg‘ambarimiz sollallohu  alayhi vasallamga ilohiy kalomni Jabroil alayhissalom keltirib turdilar. Olam tarixidagi eng muhim hodisa Hiro g‘orida ramazon oyining o‘n yettinchi kunida sodir bo‘ldi. O‘sha kuni tarixdagi eng ulug‘ ish – Alloh taoloning oxirgi va mukammal kitobi nozil bo‘la  boshladi.

M.SAIDJALOLOVA,

Xadichai  Kubro ayol-qizlar  o‘rta  maxsus  islom  bilim  yurti  Axborot-resurs markazi   rahbari

 

 

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Milliy o‘zlik va yuksak qadriyatlar ramzi

02.07.2026   771   1 min.
Milliy o‘zlik va yuksak qadriyatlar ramzi

Har bir mamlakatning bayrog‘i, gerbi va madhiyasi uning mustaqilligi hamda xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini ko‘rsatuvchi muqaddas timsollardir. Shu ma’noda, bizning bosh gerbimiz ham xalqimizning boy o‘tmishi, mehnatsevarligi, tinchliksevar tabiati va yorug‘ kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchini o‘zida mujassam etgan. Ushbu davlat ramzlari xalqning o‘tmishi, buguni va ertasini bog‘lovchi ma’naviy ko‘prik va kuch bo‘lgani sababli, ularning tub mohiyatini yosh avlodga chuqur tushuntirish vatanparvarlik tarbiyasining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.


1992 yil 2 iyul kuni «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinib, mustaqil yurtimizning ramzlaridan biri tasdiqlangan edi. Bu tarixiy qadam milliy davlatchilik an’analarimizni tiklash hamda xalqimizning oliy orzu-istaklarini qonuniy mustahkamlashda muhim poydevor bo‘ldi. Shu bois, har yili 2 iyul sanasi yurtimizda shunchaki tarixiy kun sifatida emas, balki milliy g‘urur va Vatanga bo‘lgan cheksiz sadoqatni his etish bayrami o‘laroq keng nishonlanadi. Mazkur qutlug‘ ayyom har bir yurtdoshimizni davlat ramzlarini qadrlashga va jonajon O‘zbekistonimiz ravnaqi uchun daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga chorlaydi.


Bugun Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va kuchli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mana shunday tarixiy yangilanishlar davrida davlat ramzlari xalqimizni umumiy va ezgu maqsadlar atrofida jipslashtiruvchi asosiy ma’naviy suyanchga aylandi. Mustaqilligimiz, birligimiz va yurt taraqqiyotining ramzi bo‘lgan davlat gerbi qalblarimizda yuksak faxr va iftixor tuyg‘usini uyg‘otaveradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Maqolalar