frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

24.11.2017 y. Mavlidi Nabiy muborak!

21.11.2017   11431   15 min.
24.11.2017 y. Mavlidi Nabiy muborak!

Muhtaram jamoat! Olamlarning Rabbisi bo‘lmish Alloh taoloning habibi, olamlarga rahmat qilib yuborilgan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.)ning tavallud oylari barchamizga muborak bo‘lsin! Ma’lumki, Rabiul avval oyining 12 kuni janobi Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tavallud topgan kunlaridir.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) milodiy sananing 571 yilida Makkai Mukarramada arablar orasida obro‘li sanalmish Quraysh qabilasida tavallud topganlar. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) komil inson bo‘lib, u to qiyomat kunigacha keladigan butun insoniyat uchun eng mukammal va eng guzal namunadir.

Rasululloh (s.a.v) ning hayotlari biz mo‘min-musulmonlar uchun katta ibrat maktabidir. Oqil inson hayoti davomida solih kishilarning fazilatli jihatlaridan o‘rnak olib yashaydi. Bizlar ham biror tabarruk, ahli solih inson bilan uchrashib qolganimizda, yoki uning yaxshi xislatlarini zikr qilganimizda havas qilib, “bizga ham sizning yo‘lingizni bersin”, “falonchiga o‘xshab yuraylik” degan iboralarni ishlatamiz. Aslida mo‘min-musulmon kishi uchun o‘rnak bo‘lishga eng loyiq va haqli zot Muhammad (s.a.v) bo‘lib, Alloh taolo Qur’oni karimda:

 لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا

ya’ni: “(Ey imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” – deb marhamat qilgan (Ahzob surasi, 21-oyat).

Shuningdek, yana Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilgan:

(وَمَا أَرْسَلْنَاكَ إِلَّا رَحْمَةً لِلْعَالَمِينَ  (سُورَةُ الأنبياء/107

ya’ni: (Ey Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi, 107-oyat). Oyatdagi “rahmat” juda keng ma’noni anglatadi. Ularni bilish uchun Muhammad (s.a.v.)ning axloq-odoblari, siyrat va shamoillari, shariatlarining bag‘rikengligi, hatto, kufr va shirk ahliga ham zulmni ravo ko‘rmasligi, mehr-oqibat, ezgulik kabi fazilatlar manbai ekanidan xabardor bo‘lish zarur.

Buyuk vatandoshimiz Abu Lays as-Samarqandiy “Bahrul ulum” nomli tafsir kitoblarida “olamlarga rahmat” jumlasining tafsirida: jin va insga, umuman jamiki xaloiqqa rahmatdir. Mo‘minlarga hidoyat qilish bilan rahmat, munofiqlarga o‘limdan omonlik berish bilan rahmat, kofirlarga azobni oxiratga qoldirish bilan rahmatdir, deganlar va quyidagi rivoyatni keltirganlar:

(حكي أن النبي  صلى الله عليه وسلم  قال لجبريل  عليه السلام: "هَلْ أَصَابَكَ مِن هَذِهِ الرَّحمَةِ شَيءٌ؟ قَالَ: نَعَمْ ، كُنتُ أَخشَى العَاقبَِةَ فَأَمَنتُ لِثَنَاءِ اللهِ عز وجل عَلَيَّ بِقَولِهِ: {  ذِي قُوَّةٍ عِنْدَ ذِي الْعَرْشِ مَكِينٍ  مُطَاعٍ ثَمَّ أَمِينٍ}" (سورة التكوير/20-21

ya’ni: Hikoya qilinishicha, Payg‘ambar (s.a.v.) Jabroil a.s.ga: “Sizga ham ushbu rahmatdan biror nasiba yetganmi?” – deb so‘radilar. Shunda Jabroil (a.s.): Ha, men oqibatim qanday bo‘lishidan qo‘rquvda edim. Ammo, Alloh azza va jalla men haqimda: (Jabroil) quvvatli, Arshning sohibi (Alloh) nazdida martabali, u joyda (farishtalar tomonidan) itoat etiluvchi va ishonchli zotdir”, deb tasanno aytganidan keyin xotirjam bo‘ldim, dedilar.

Rasululloh (s.a.v.)ning rahmat elchisi ekanliklari U zotning axloqlarida ham namoyon edi. Quyidagi hadisi sharif shunga dalolat qiladi:

(عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ، قِيلَ: "يَا رَسُولَ اللَّهِ  ادْعُ عَلَى الْمُشْرِكِينَ  قَالَ: إِنِّي لَمْ أُبْعَثْ لَعَّانًا وَ إِنَّمَا بُعِثْتُ رَحْمَةً" (رواه الإمام مسلم

ya’ni: Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilib aytadilar: Yo Rasululloh! Mushriklarni duoyibad qiling, – deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Men la’natlovchi qilib emas, rahmat qilib yuborilganman”, deb javob berdilar (Imom Muslim rivoyati).

Muhtaram jamoat! Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning olamlarga rahmat qilib yuborilganliklari U zotga nozil qilingan shariat ahkomlarida ham namoyon bo‘ladi. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

أَوَلَمْ يَكْفِهِمْ أَنَّا أَنْزَلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ يُتْلَى عَلَيْهِمْ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَرَحْمَةً وَذِكْرَى لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ  

(سُورَةُ العنكبوت/51).

ya’ni: “Axir, ularga tilovat qilinayotgan (shu) Kitobni Biz Sizga nozil qilganimiz ular uchun yetarli emasmi?! Albatta, bu (Kitob)da imon keltiradigan qavm uchun rahmat (mo‘jiza) va eslatma bordir. (Ankabut surasi, 51-oyat).

 Darhaqiqat, Islom shariati oliyjanob, bag‘rikeng va mo‘tadil shariat ekanligi bilan barcha zamon va makonga mos keladi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

(يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ  (سُورَةُ البقرة/185

ya’ni: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi” (Baqara surasi, 185-oyat). Boshqa bir oyatda:

(وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ  (سُورَةُ الحج/78

ya’ni: “va dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi”, deyilgan (Haj surasi, 78-oyat). Rivoyat qilinishicha Rasululloh (s.a.v.) Muoz ibn Jabal va Abu Muso al-Ash’ariyni Yamanga elchi qilib yuborayotganlarida:

(عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: يسِّرا ولا تعسِّرا وبشِّرا ولا تنفِّرا وتطاوعَا ولا تختلِفا (رواه البخاري ومسلم

ya’ni: “Dinni yengil qilib ko‘rsatinglar qiyin qilmanglar, dinga qiziqtiringlar nafratlantirmanglar, bir-biringizga itoat etinglar ixtilof qilmanglar”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Shuningdek, Muhammad mustafo (s.a.v.)ning sizu biz ummatlari ham eng adolatli va yaxshi ummat bo‘lib, barcha insoniyatga yaxshilik tarqatadigan, yaxshilik ishlarda o‘rnak va namuna bo‘ladigan ummatdirmiz. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan:

كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ

(سُورَةُ آل عمران/110).

ya’ni: “Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron surasi, 110-oyat). Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan ham bu haqda quyidagi hadis vorid bo‘lgan:

(عن درة بنت أبي لهب قالت: قام رجل إلى النبي صلى الله عليه وسلم وهو على المنبر فقال: يا رسول الله أيّ الناس خير؟ فقال: "خَيْرُ النَّاسِ أقْرَؤهُمْ وأتقاهم للهِ وآمَرُهُمْ بِالمعروفِ وأنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنْكَرِ وَأَوْصَلُهُمْ لِلرَّحِمِ" (رواه الإمام أحمد

ya’ni: Durra bint Abi Lahab aytadilar, Payg‘ambar (s.a.v.) minbarda turgan edilar, bir kishi o‘rnidan turib: Yo Rasululloh! Odamlarning qandayi yaxshi? – deb so‘radi. Shunda, Rasululloh (s.a.v.): “Odamlarning eng yaxshisi ko‘p va xo‘b qiroat qiladigani, Allohga eng qo‘p taqvo qiladigani, yaxshilikka eng ko‘p buyuradigani, munkar ishdan eng ko‘p qaytaradigani va qarindoshlik rishtasini mahkam tutadigani”, deb javob berdilar (Imom Ahmad rivoyati).

Azizlar! Alloh taologa beadad hamdu sano va shukrlar bo‘lsinkim, sizu bizlarni oxirzamon payg‘ambari Muhammad mustafo (s.a.v.)ga ummat bo‘lish baxtiga muyassar etdi. Zero, Qur’oni karimda marhamat qilinadi:

(وَكَذَلِكَ جَعَلْنَاكُمْ أُمَّةً وَسَطًا لِتَكُونُوا شُهَدَاءَ عَلَى النَّاسِ وَيَكُونَ الرَّسُول عَلَيْكُمْ شَهِيدًا  (سُورَةُ البقرة/143

ya’ni: “Shuningdek, sizlarni (musulmonlarni boshqa) odamlarga (ummatlarga) guvoh bo‘lishingiz va Payg‘ambarning sizlarga guvoh bo‘lishi uchun “o‘rta ummat” qilib qo‘ydik” (Baqara surasi, 143-oyat). “O‘rta ummat” – ummatlarning yaxshisi demakdir. Zero, har bir narsada o‘rtahollik yaxshidir.

Buyuk mufassirlardan Ibn Jarir at-Tabariy “Jome’ al-bayon fi ta’vil al-Qur’on”da A’rof surasining 150-oyati tafsirida quyidagi rivoyatni keltiradilar: “Muso (a.s.): Yo Rabbim, men lavhda odamlarga chiqarilgan ummatning eng yaxshisi bo‘lgan, amri ma’ruf, nahyi munkar qiladigan ummatni topdim. Ularni menga ummat qilgin, dedi. Alloh taolo: Ular Muhammadning ummati, - dedi. Muso: Yo Rabbim, men lavhda  hammadan keyin yaratilib, jannatga birinchi bo‘lib kiradigan ummatni topdim. Ularni menga ummat qilib bergin, deb so‘radi. Alloh taolo: Ular Muhammadning ummati, dedi. Muso: Yo Rabbim, men lavhda Qur’onlarini qalblariga joylab olib o‘qiydigan ummatni topdim, ularni menga ummat qilib ber, dedi. Alloh taolo: Ular Muhammadning ummati, deb javob berdi. Muso: Yo Rabbim, men lavhda qilgan sadaqotlaridan o‘zlari ham  yeydigan va bunga ajr ham oladigan ummatni topdim, menga ularni ummat qilib ber, deb so‘radi. Alloh taolo: Ular Muhammadning ummati, deb javob berdi. Muso: Yo Rabbim, men lavhda bir yaxshilikni niyat qilib uni amalga oshira olmasa bitta savob, agar amalga oshirsa o‘ntadan yetti yuz barobargacha savob beriladigan ummatni topdim, ularni menga ummat qilib bergin, deb so‘radi. Alloh taolo: Ular Muhammadning ummati, deb javob berdi. Muso: Yo Rabbim, men lavhda to‘g‘ri yo‘lga chaqirilsa labbay deb qabul qiladigan hamda duolari ijobat bo‘ladigan ummatni topdim, ularni menga ummat qilib bergin, dedi. Alloh: Ular Muhammadning ummati, dedi. Shunda Muso Lavhlarni uloqtirib tashlab: Yo Allohim, meni ham Muhammadning ummatidan qilgin, deb duo qildi”.

Bugungi kunda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tavallud topgan muborak kunlarini nishonlash va u zotning siyrati saniyalarini o‘qib-o‘rganish va eshitish bilan birga, butun olamga rahmat etib yuborilgan Rosululloh (s.a.v.) hayot tarzlari, xulq-obodlaridan o‘rnak olib yashamoqligimiz kerak. Yurtimiz ravnaqi va taraqqiyoti, xalqimizning tinch va osoyishtaligi yo‘lida barakali mehnat qilishimizda Payg‘ambarimizning (s.a.v.) go‘zal odob axloqlari ilm olishga targ‘ibotlari, xayr-u sahovatlari, insoniylik fazilatlari bizlarga hamisha ilhom berishi lozim.

Shuni ta’kidlash kerakki, ba’zan kishilar orasida aslida mavlid o‘qish shartmi, bu xaqida Qur’oni karimda, hadisi sharifda ham ko‘rsatma yo‘q-ku degan fikrlarga borib, uni bid’at deyishadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) vafotlaridan 6-7 asr o‘tgandan so‘ng o‘sha zamonaning mashhur ulamolardan ba’zilari Rasululloh (s.a.v.)ning nomi shariflariga hurmat ko‘rsatish, xotirlab turish maqsadida u zotning tavallud topgan kunini mavlid kuni deb atay boshladilar. Islom tarixida birinchi marta Ibn Hajar Asqaloniy, Jaloliddin Suyutiy keyinchalik imom Ja’far Barzanjiy tomonidan qasidalar o‘qish, u zot  (s.a.v.)ni yod etish durustligi xususida fatvo berishgan.

Butun dunyoda bo‘lganidek, diyorimiz musulmonlari orasida ham qadimdan mavlid kunini bayram qilish odat tusiga kirgan. Shu munosabat bilan robi’ul avval oyi kelgach, barcha jome masjidlarimizda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning siyratlari, yuksak odob-axloqlari va oliy fazilatlari haqida mav’izalar qilinadi, mavlidi shariflar o‘qiladi.

Bu kabi xayrli tadbirlarning o‘sib kelayotgan yosh avlodni go‘zal axloqqa yo‘g‘rilgan azaliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashda, ularning ma’nan barkamol bo‘lib yetishishlaridagi ahamiyatlari beqiyosdir.

Albatta, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga ummat bo‘lish ayni paytda sizu bizlarning zimmamizga mas’uliyat ham yuklaydi. Bu mas’uliyat U zot keltirgan dinni musaffoligini saqlab, kelajak avlodga omonat bilan yetkazish, turli xildagi bid’at va xurofotlarga berilmay, buzuq e’tiqodlarga ergashmay, aksincha, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solib, chin mo‘min-musulmon bo‘lib yashashdan iboratdir.

 

I L O V A

Muhtaram jamoat! Rasululloh (s.a.v.) o‘z oilalaridagi kundalik yumushlarida ham bizga namuna bo‘lganlar. U zot g‘oyat tavoze’li, kibrdan uzoq kishi edilar. O‘zlari uchun odamlarni podshohlar uchun turgandek turishdan qaytarardilar. Miskinlar holidan xabar olardilar, kambag‘al-miskinlar bilan birga o‘tirardilar, qulning chorlovini ham qabul qilardilar, as'hoblari ichida ulardan biri kabi o‘tirardilar. Oisha roziyallohu anho aytadi: «O‘z poyabzallarini yamar, kiyimlarini tikar, sizlardan biringiz o‘z uyida nima ishlarni qilsa, u zot ham shuni qilardilar. Oddiy inson edilar, kiyimlarini o‘zlari tozalar, echkilarini sog‘ar, o‘z yumushlarini o‘zlari qilar edilar».

Albatta, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga ummat bo‘lish ayni paytda sizu bizlarning zimmamizga mas’uliyat ham yuklaydi. Bu mas’uliyat U zot keltirgan dinni musaffoligini saqlab, kelajak avlodga omonat bilan yetkazish, turli xildagi bid’at va xurofotlarga berilmay, buzuq e’tiqodlarga ergashmay, aksincha, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solib, chin mo‘min-musulmon bo‘lib yashashdan iboratdir.

Aziz musulmonlar! Ushbu mavlid oyi bo‘lmish Rabiul avval oyida musulmon yurtlarida, shu jumladan, bizning yurtimizda ham ko‘p asrlardan buyon Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning tavalludlariga shodlik izhor qilish, shu kunlarni xursandchilikda o‘tkazish ma’nosida yo‘lga qo‘yilgan. Yaqin tariximizni o‘rganadigan bo‘lsak, mavlid yig‘inlarida aynan shu kayfiyat va holat bizning yurtimizdagi musulmonlar orasida yaqqol sezilib keladi. Umuman olganda, juda ko‘p mu’tabar olimlar mavlid oyi kelganda Mavlid o‘qish, masjidlarda jamaot bilan buni keng nishonlashga ruxsat berishgan.    

Muhtaram azizlar! Bugungi juma kunimizda bilishimi lozim bo‘lgan odoblardan yana biri bu Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga salavot aytish odoblaridir. Ular quyidagilar: 

  1. Musulmon kishi umrida bir marta salavot aytish farzdir.
  2. Namozning oxirgi tashahhudidan keyin salavot aytish sunnatdir.
  3. Namozdan tashqari barcha vaqtlarda salavot aytish mustahabdir.
  4. “Allohumma solli ’ala Muhammad va ’ala oli Muhammad” deb salavot aytish afzalroqdir.
  5. Salavot aytib turib, ortidan u zotning ahli baytiga, as'hoblari va tobeinlariga ham aytish avlodir.
  6. Juma kuni salavotni ko‘p aytish afzal.
  7. Har duoning avvali va oxirida salavot aytish targ‘ib qilingan.
  8. Salavot aytish asnosida tahoratli, og‘izning toza va xo‘shbo‘y holda bo‘lishi mustahabdir.
  9. Avrat joylar yopiq va to‘silgan bo‘lishi.
  10. Qalbi va xayoli zikr va salavot aytishga hozirlanishi.
  11. Salavot aytganda tadabbur va xayolan mushohada qilish.

 

Alloh taolo barchamizni olamlarga rahmat bo‘lmish zotga chin ummat bo‘lib, ahil va inoqlikda umrguzaronlik qilmog‘imizni nasib aylasin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   32328   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari