Turk hukmdorlaridan Sulton Mahmud G‘aznaviy taqvosi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga uyg‘un yashagani va adolatparvarligi bilan mashhur edi. Uning bir vaziri bo‘lib, vazirning Muhammad ismli o‘g‘li Sultonga kotiblik qilardi.
Bir kuni Mahmud G‘aznaviy kotibni ismi bilan emas, “Ey vazirning o‘g‘li”, deb chaqiradi. Bu holdan kotib sergaklanib, podshohni ranjitadigan biror ish qildimmi, deya xavotirga tushadi. Voqeani otasiga aytib, maslahat ham so‘raydi.
Ammo podshoh keyinroq uning o‘g‘lini yana ismi bilan chaqirganini ko‘rib, ming andishada podshohdan: «O‘g‘lim xatosini o‘ngladimi, uni yana o‘z ismi bilan chaqiryapsiz?» deb so‘raydi. Podshoh: «Tashvishlanma, doim o‘g‘lingning otini aytib chaqirganimda tahoratli bo‘lar edim. O‘sha safar tahoratim yo‘q bo‘lgani uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlarini tilga olgim kelmadi», deb javob berdi («Siz Payg‘ambarni ko‘rganmisiz» kitobidan).
Olamlar sarvari tavallud topgan oy – Rabi’ul avval oyi kirib kelgani munosabati bilan iymonlashmoqni niyat qilib o‘qiganim ana shu ibratli voqeani Siz azizlarga ham ilinishga jur’at qildim.
Binobarin, bu voqea Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlariga bobolarimiz nechog‘lik hurmat ko‘rsatganini namoyon etadi.
Yana mo‘tabar manbalarda Alloh taologa eng ko‘p yoqadigan ismlar “Muhammad” va “Abdurrahmon” ekani aytilgan. Shuningdek, qaysiki, ota-ona farzandiga olijanob orzular, ezgu istaklar bilan “Muhammad” deb ot qo‘ysa, o‘sha bolaga ism hurmatidan nojo‘ya gaplar aytmasin, deyilgan.
Millatimizda “Mammadi”, “Mamat” degan ot bo‘lardi. Istiqlol yillarida ilmimiz ko‘payib, diniy tasavvurlarimiz tiniq tortib, o‘sha “Mammadi” va “Mamat” degan otlarni to‘g‘rilab “Muhammad” deydigan bo‘ldik. Ammo bu ishimiz ham qiziq bo‘lganga o‘xshaydi...
Gap shundaki, yurtimizga ziyoratga kelgan bir turkiyalik mehmon bilan Hazrati Imom majmuasida uchrashib gaplashib qoldik. Gap aylanib Istanbul fotihi Sulton Muhammadga borganda u “Sultan Mehmet” deb gapirdi. Uning bu gapi menga erish tuyildi. Axir Payg‘ambar alayhissalomning hamda Istanbul fotihining ismini shunchaki “Mehmet” deb gapirib bo‘ladimi!
O‘ylanib turib unga: “Biz ham bir vaqtlar “Muhammad” ismini “Mammadi” yoki sizlarga o‘xshab “Mamat” deb aytar edik, endi to‘g‘rilab “Muhammad” deb aytadigan bo‘ldik”, dedim. U esa: “Biz ataylab “Mehmet” deymiz. Agar “Muhammad” deb chaqirsak, to‘g‘ridan to‘g‘ri janobi Payg‘ambarimizning ismi hosil bo‘ladi, “Mehmet” deganda esa o‘zimizga o‘xshagan oddiy odam tushuniladi. Agar u biror noo‘rin ish qilsa, urishib berish ham mumkin bo‘ladi, to‘g‘rimi?” dedi.
“Bilmadim, balki shundaydir”, deb qo‘ydim.
To‘g‘risi, o‘sha choqda uning gapining qanchalik to‘g‘ri ekanini bilmadim-u, ammo menga o‘rinlidek tuyildi. Chunki “Muhammad” ismli bolakaylarni onalari avra-astarini ag‘darib qarg‘ab yotganini ko‘p ko‘rganman-da.
Yana o‘zimcha o‘ylab yurib shunday fikrga keldim: ota-bobolarimiz bolaga Payg‘ambar alayhissalomning ismini andesha yuzasidan qo‘ymasdan, u zotning muborak ismidan yangi ismlar hosil qilib, bolasini o‘sha ismlar bilan atagan ekan-da.
Demak, bolaga ot qo‘yish borasida ham bobolarning hikmatlarini o‘rgansak ko‘p narsani bilib olar ekanmiz.
Bu borada muhtaram olimlarimiz nima deydi?
Damin JUMAQUL
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi