U zotning to‘liq ismi Sa’d ibn Molik ibn Uhayb ibn Abdumanof ibn Zuhra ibn Kilob ibn Murra, nasabi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning nasabi bilan Kilob ibn Murrada birlashadi. Otasining ismi Molik, Molikning kunyasi Abu Vaqqos bo‘lgan. Biroq Sa’d ibn Abu Vaqqosning nomiga otasining ismi emas, kunyasi qo‘shib aytilgan.
Sa’d ibn Abu Vaqqos Islomga birinchi bo‘lib kirgan sahobai kiromlar sirasidan.
Ma’lumki, hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning dastlabki da’vati samarasi o‘laroq o‘sha vaqtda Quraysh ashroflaridan bo‘lgan, keyinchalik sahobalarning ulug‘lariga aylangan va jannatga kirishlariga bashorat berilgan o‘n kishining beshtasi; Usmon ibn Affon, Zubayr ibn al-Avvom, Abdurrohman ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos va Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhumlar iymonga keldilar. Shu bilan birga, Sa’d ibn Abu Vaqqos o‘zini Islomga uchinchi bo‘lib kirgan shaxs hisoblar yurgan ekanlar.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men Islomga kirgan kunimdan avval birov Islomga kirmagan edi. Ta’kidki, yetti kungacha Islomning uchdan biri bo‘lib turdim» (Buxoriy rivoyat qilgan). Ulamolarimiz ma’lumotlarning hammasini diqqat bilan o‘rganib chiqib, Sa’d ibn Abu Vaqqos yettinchi o‘rinda musulmon bo‘lgan, degan xulosaga kelganlar. Bu manbalar Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning Islomga ilk bor kirgan ulug‘lardan ekanini ko‘rsatadi va u zot uchun buyuk fazl manbasi hisoblanadi.
Sa’d ibn Abu Vaqqos e’tiqodini e’lon qilgani zahoti din yo‘lida sinovga duchor bo‘ldilar. Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sa’dning onasi unga hattoki u o‘z diniga kufr keltirmagunicha hech ham unga gapirmaslikka, yeb ichmaslikka qasam ichdi. Va “Alloh senga ota-onangga itoat qilishga amr qilgan, men onangman, men seni shunga amr qilmoqdaman!» dedi. Bas, uch kun turib qiynalganidan hushidan ketib yiqildi. Uning Umora degan o‘g‘li turib unga (bir narsa) ichirdi.
Boshqa rivoyatda: «Qachon unga ichimlik ichirmoqchi bo‘lishsa, og‘zini cho‘p bilan ochib turib, quyishar edi. U Sa’dni duoi bad qila boshladi. Bas, Alloh taolo: «Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tasviya qildik. Agar ular seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishing uchun jihod qilsalar, bas, ularga itoat qilma»ni nozil qildi» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Sa’d ibn Abu Vaqqosning onalari bilan bo‘lib o‘tgan bu mojarolari haqida zikr qilingan yuqoridagi hadisda aytilgan «Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tasviya qildik. Agar ular seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishing uchun jihod qilsalar, bas, ularga itoat qilma» oyati karimasining nozil bo‘lish sababi haqidagi rivoyatlarini o‘rgansak, vaziyat yanada ravshanlashadi.
Imom Termiziy bu haqda quyidagilarni rivoyat qiladilar: «Ushbu oyat Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu va uning onasi Hamna binti Abu Sufyon haqida nozil bo‘lgan. U onasiga yaxshilik qiluvchi edi. Sa’d ibn Abu Vaqqos yoshligidan o‘zida jangovarlik sifatlarini mujassam qilgan holda o‘sgan edi. U kishi kamon otishni juda ko‘p mashq qilar edi. Shu boisdan mohir va mashhur amonchisi bo‘lib yetishdi. U kishining qalbini iymon nuri yoritgan lahzadan boshlab Islomning muxlis lashkariga aylandilar. U kishi har qanday og‘ir holatda ham dushmanga yuzma-yuz kelishdan tap tortmas edilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos Islomga birinchilardan bo‘lib kirganlaridek boshqa islomiy ishlarda ham birinchilardan bo‘lish u kishiga nasib etdi. Jumladan, hijratga izn berilganda Sa’d ibn Abu Vaqqos birinchilardan bo‘lib dinu diyonat, iymonu e’tiqod yo‘lida Makkadan Madinaga hijrat qildilar. Hijratdan keyin bo‘lgan barcha ishlarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yonlarida turdilar.
Birinchi hijriy sanada Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ubayda ibn al-Horis ibn Abdulmuttolib boshliq sariyyani Robig‘ tarafga yubordilar. Ular birinchi sariyya edilar. Sariyya Quraysh karvoni bilan to‘qnashishi kerak edi. Musulmonlarning sariyyasi oltmishta muhojir sahobalardan iborat edi. Musulmonlarning bu birinchi chiqishlarida, birinchi bayroq ham tikilgan edi. Birinchi bayroqdorlikka Sa’d ibn Abu Vaqqos ixtiyor qilingan edilar. Ikki taraf to‘qnashdi. Mushriklarga Abu Sufyon boshliq edi. Mushriklar bilan musulmonlar orasida birinchi qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Ana o‘shanda Sa’d ibn Abu Vaqqos dushmanga qarata birinchi bo‘lib kamondan o‘q otdilar.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Badr kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida turib o‘z kamonlaridan dushmanga tinmay o‘q uzar edilar. U kishi har o‘q otishidan oldin: «Ey bor Xudoyo! Ularning qadamlarini larzaga solgin, qalblariga qo‘rquvni solgin, undoq qilgin, bundoq qilgin», der duo qilar edilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bo‘lsalar: «Ey bor Xudoyo! Sa’dning duosini qabul qilgin!» der edilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning xuddi o‘sha merganlik sifatlari Uhud urushida qo‘l keldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Sa’d ibn Abu Vaqqosga: «Ot! Ota-onam senga fido bo‘lsin! Ot!» deyishlari juda katta gap. Bu gapni u zot alayhissalom birinchi bo‘lib Sa’d ibn Abu Vaqqosga aytganlar. Ana shu ibora ham uning fazilatli zot ekanini bildiradi. Ikkinchi marta Xandaq urushida u zot alayhissalom «Ota-onam senga fido bo‘lsin!» degan gapni Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuga aytganlar va undan keyin boshqa birovga aytmaganlar.
Imom Terimiziy rivoyatidagi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Sa’d ibn Abu Vaqqosga qarata aytgan, «Ey pahlavon yigit!» degan gaplari yolg‘iz Sa’d ibn Abu Vaqqosning o‘zlariga xosdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida bir kecha uyqulari qochdi va: «Sahobalarimdan bir kishi meni kechasi qo‘riqlaganida edi», dedilar. Biz shundoq holda turganimizda silohning shitirlaganini eshitib qoldik. Bas u zot: «Kim u?!» dedilar. «Sa’d ibn Abu Vaqqos», dedi. «Nimaga kelding?» dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ko‘nglimga Nabiy sollallohu alayhi vasallam haqida xavf tushib u zotni qo‘riqlagani keldim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning haqiga duo qilib so‘ngra uyquga ketdilar» (Imom Termiziy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Alloh taolo Sa’d ibn Abu Vaqqos ko‘ngliga Rasulining istagi natijasi o‘laroq ilhom qilib solmasa bunday ish bo‘lmaydi. Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi orzu qilganlariga mos kelib u zotni qo‘riqlab duolarini olish qanday saodat!
Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Allohim, Sa’d Senga qachon duo qilsa, qabul aylagin!» dedilar» (Termiziy rivoyat qilgan).
Ellik to‘rtinchi hijriy sana. Madinai munavvaraning chetidagi Aqiq degan tuman. Sakson uch yoshli Sa’d ibn Abu Vaqqos safarga hozirlanmoqdalar. U kishining o‘g‘illari bu haqda shunday hikoya qilgan: «Otamning boshi quchog‘imda edi. U kishi jon taslim qilmoqda edilar. Men yig‘ladim. U kishi: «Nega yig‘laysan, o‘g‘lim? Albatta, Alloh meni hech azaoblamaydi. Men ahli jannatlardanman» dedilar.
So‘ngra u kishi sandiqqa ishora qildilar. Uni ochishdi. Ichidan eskirib ketgan ridoni olishdi. Sa’d ibn Abu Vaqqos o‘z ahllariga o‘zlarini o‘sha ridoga kafanlashni amr qililar va: «Badr kuni mushriklar bilan jang qilganimda shuni kiygan edim. Mana shu kun uchun saqlab qo‘ygan edim», dedilar.
Sa’d ibn Abu Vaqqosning janozasini Marvon ibn Hakam o‘qidi. U zotning pok jasadlari Jannatul Baqiy’ga dafn etildi. Jannat bashorati berilgan o‘nlikdan oxiri vafot etganlari Sa’d ibn Abu Vaqqos edilar. Ba’zi ulamolarimiz, muhojirlardan oxiri vafot etganlari ham Sa’d ibn Abu Vaqqosdir, deydilar. Alloh taolo Sa’d ibn Abu Vaqqosdan O‘zi rozi bo‘lsin!
Po‘latxon KATTAYEV,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Milodiy XV asrning yarmiga qadar yer yuzida insonlarni hidoyatga boshlovchi, ularga ilm o‘rgatib, ruhiy tarbiya beruvchi, ichki olamiga go‘zal naqshlar soluvchi, hidoyat mayoqlari bo‘lgan ulamolar, tariqat va tasavvuf murshidlari ko‘p edi. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular birin-ketin boqiy dunyoga rihlat qildilar. Ularning vafotlaridan so‘ng insonlarni nur yuzli zotlarni ko‘rmaslik qo‘rquvi chulg‘ab oldi.
Alloh taoloning va’dasi – haq, bunga aslo shak-shubha yo‘q. Buyuk Robbimiz hech qachon habibi Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ummatini yordamsiz qoldirmaydi. Darhaqiqat, shunday bo‘ldi ham. Musulmon olami G‘arbiy Panjobdagi Jhang shahridan ufqqa hidoyat mayog‘i bo‘lib ko‘tarilgan oyni ko‘rdi. Uning nuri juda tezlik bilan butun ufqni yoritdi. Qaqrab yotgan dillar rahmat bulutining yomg‘iridan qonib-qonib icha boshladi. Qo‘rquv va noumidlik o‘rnini ishonch va umid egalladi. U ulug‘ zot ulamolar va solihlar suyuklisi, shariat va tariqat piri hazrat Mavlono Pir Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy Mujaddidiy edi.
Tavallud topishlari va yoshlik yillari
Hazrat 1953 yil 1 aprelda Hindistonning Panjob viloyati Jhang shahrida tug‘ilgan. Otasining ismi Alloh Deyeta hofizi Qur’on bo‘lib, Alloh roziligi uchun Qur’ondan dars berardi. Har kuni tahajjuddan keyin Qur’oni karimdan 3-4 pora tilovat qilish odati bor edi. Hazratning volidasi ham obida, soliha, taqvodor ayol edi. U zot onalarini bunlay xotirlaydi: “Men uch yoshimgacha onam bilan birga uxlardim. Kechalari uyg‘onib qolsam, volidam oldimda bo‘lmas edi. Har gal onamni joynamoz ustida tahajjud namozini o‘qiyotganini ko‘rardim. Onam namozini tugatishini ancha kutardim. Namozdan so‘ng yig‘lab uzoq duo qilardi. Onamning tahajjud namozida yig‘laganidek birovning bunchalik ko‘p yig‘laganini ko‘rmaganman. Ba’zan mening ismimni tilga olib, duo qilardi, bundan juda xursand bo‘lib uxlar qolar edim.
Boshlang‘ich ta’lim va tarbiya
Hazratning ta’lim va tarbiyasida u zotning akasi Malik Ahmad Alining hissasi katta bo‘lgan. U kishi qattiqqo‘l va mehribon edi. Hamisha ukalarini yomon xulqli bolalar bilan do‘stlashish va suhbatlashishdan uzoq qilgan.
Mavlono Zulfiqor Ahmad maktab va kollej darslaridan tashqari, Qur’oni karimni to‘liq yod olib, Qur’on hofizi bo‘ldi. Fors va arab tilidagi asarlarni, sarf-nahv (arab tili grammatikasi)ni, ayniqsa, hadisi sharifga doir bir qancha kitoblarni qunt bilan o‘qidi.
Ilohiy muhabbat otashi
Bu davrga kelib hazrat “G‘unyatut tolibiyn”, “Kashful mahjub” va shu kabi kitoblarni o‘qib, juda qattiq ta’sirlanadi. Qalbida muhabbat uchqunlari alanga ola boshlaydi.
Hazratga Shayxul Hadis Mavlono Zakariyo rahmatullohi alayhning “Fazoili zikr” nomli kitobida kelgan bir voqea juda qattiq ta’sir qiladi. Ushbu hikoyada Sirri Saqatiy rahmatullohi alayh aytadi: “Men Jurjoniy hazratlarini quruq talqonni chaynamasdan tanovul qilayotganini ko‘rdim. Shunda men “Axir, bu quvvat bo‘maydi. Non yesangiz-chi”, dedim. Shunda u zot: “Nonni chaynash va talqon yeyish uchun sarflanadigan vaqtni hisoblab chiqib, juda ko‘p vaqt isrof bo‘lishini bildim. Bu vaqtda yetmish marta “Subhanalloh” deb zikr qilish mumkin. Shu bois, yetmish yildan beri non yemayman”, deb javob beradi.
Bu voqea hazratning hassos tabiatiga shu darajada ta’sir etadiki, u zot ertayu kech, har holatda “Subhanalloh” zikrini tilidan tushirmaydi. Buning natijasida hazrat o‘ziga kamgaplik, oz yeyish, kam uxlashni odat qildi. Hazrat ikki yarim yil “Subhanalloh” zikrini tilidan qo‘ymadi. Ikki yil davomida har kun hojat namozini o‘qib Allohdan: “Yo Ilohiy, biror-bir komil piri murshidga uchrashtirgin, uning suhbatini menga nasib etgin”, deb duolar qildi.
Ilohiy rahmat jilvasi
Alloh taolo hech qachon xolis duoni rad qilmagan, qilmaydi ham. 18 yoshida hazrat bilan bog‘liq ajoyib voqea yuz berdi. Mavlono Zulfiqor Ahmad masjidda e’tikofda edi, tahajjud namozidan so‘ng zikrlardan forig‘ bo‘lgach, tong otishiga chamasi bir soatcha vaqt qolganda, joynamoz ustida uxlab qoladi va tushida hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuni ko‘radi. U zot barmoqlarini hazratning qalbga qo‘yib, “Alloh…”, “Alloh…” “Alloh…”, deydilar. Hazrat uyg‘onib ketadi, butun badani esa titrar edi.
Ustoz tutishlari
Bu voqeadan so‘ng hazrat namoz, zikr, tilovatlarida ajib bir lazzat tuya boshlaydi. Qalbi qattiqroq, lekin yoqimli tarzda ura boshlaydi. Hatto bir necha kun ko‘kslarini bog‘lab yuradi. Oxiri universitetdagi do‘stlari Janob Muhammad Aminga bo‘lib o‘tgan voqeani aytib beradi. U kishi Lohurga borib, Shayx Vajihuddindan maslahat oladi. Unga piri komil Abdulloh rahmatullohi alayhga xat yozishni tavsiya qilishadi. Xatga bir necha kundan keyin bunday mazmundagi javob keladi: “Ma’lum bo‘lgan narsa shuki, sizning qalbingiz ravshan bo‘libdi. Darhol bir ustozdan ta’lim oling, Alloh taolo siz bilan yuz minglab insonlarni hidoyatga boshlaydi. Agar ustoz tutmasangiz, la’natlangan shayton sizni fitnaga solishi mumkin”.
Bu xatni o‘qigach, hazrat Zulfiqor Ahmad o‘sha davrning mashhur naqshbandiya tariqatining Shayxi Mavlono Sayyid Zavvor Husayn Shoh rahmatullohi alayhning huzuriga borib, u zotni ustoz tutib, ta’lim oladi. Ustozlari vafotidan so‘ng, o‘sha davr naqshbandiya tariqatining yetuk murshidi hazrat Xoja G‘ulom Habibdan ta’lim olishni davom ettiradi.
1983 yil ustozidan xalfalik maqomini oladi va naqshbandiya tariqati asosida insonlarga ta’lim bera boshlaydi. Natijada naqshbandiya tariqatining yetuk shayxlaridan biriga aylanadi.
Albatta, avliyolarning karomatlari haqdir. Bundan bir necha yil oldin Xoja Mavlono Abdulloh: “Alloh sizni sababchi qilib yuz minglab insonlarni hidoyatga boshlaydi”, degan edi. Hozirgi kunda Shayx Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazratning shogirdlari va izdoshlari million nafardan oshib ketdi.
Hazrat zamonamiz muammolarini naqshbandiya tariqatining ta’limotiga ko‘ra, mohirona va zamonaviy misollar bilan tushuntirib beradi. Shayx hazratning nutq va ma’ruzalari diltortar bo‘lib, ruhiy tarbiyani isloh qilishga qaratilgan. Hazratning ma’ruza va suhbatlarini insonlar ko‘zda yosh bilan tinglab, gunohlariga chin ko‘ngildan tavba qilishadi. Eng muhimi, hayotda sunnatga amal qilishni odat tusiga kiritishadi.
Shayx Zulfiqor Ahmad hazratning asarlari kitobxonlar orasida qo‘lma-qo‘l, sevib mutolaa qilinadi. U zot diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallagani, bir necha xorijiy tillarda bemalol ma’ruza qilishi tufayli XXI asrda naqshbandiya tariqati ta’limotlarini nafaqat Osiyo, balki Yevropa va AQSHda ham keng targ‘ib qilmoqda. Hazrat yetmishdan ortiq mamlakatlarga, xususan, bir necha marta O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan. U zot safarlarini xotirlab “Lohur se to xake Samarqandu Buxoro” (Lohurdan Samarqand va Buxoro tuproqlarigacha) nomli kitob yozgan.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazrat Xoja Muhammad Abdulmolik Siddiyqiyning Qur’on hofizi bo‘lgan kichik qizlariga uylangan. Ulardan ikki o‘g‘il: Mavlono Pir Habibulloh Naqshbandiy va Mavlono Sayfulloh Naqshbandiy dunyoga kelgan.
Ta’lim olgan joylari
– 1967 yil – o‘rta maktab
– 1971 yil – Panjobda o‘rta maxsus ta’lim (kollej)
– 1976 yil – Lohurda elektr muhandisligi ixtisosligi
– 1990 yil – Shvetsiyada o‘z sohasi bo‘yicha malaka oshirgan
Diniy ta’lim yo‘li
– Otasidan Qur’onni to‘liq yod olgan.
– Jomiya Rehmaniya Jahaniya Mandi universitetida hadis fanidan to‘liq hadis davrasida bilim oldi.
– Jomia Qasim ul-ulum Multan universitetida ham hadis fanidan to‘liq hadis davrasida ishtirok etdi.
– 1971 yil Naqshbandiya tariqati va tasavvuf ta’limotidan Shayx Mavlono Sayyid Zavvor Husayn Shoh rahmatullohi alayhdan saboq oladi.
– 1983 yil Naqshbandiya tariqati va tasavvufdan hazrat Xoja G‘ulom Habib rahmatullohi alayhdan ta’lim oladi.
Yozgan kitoblari
“Ilohiy ishq”, “Ishqi Rasul”, “Habibimiz hayotlari”, “Suluk darajalari”, “Suluk maqomotlari”, “Naqshbandiya tariqatining zikrlari”, “Naqshbandiya shayxlari silsilasi”, “Dil davosi”, “Qalb xotirjamligi”, “Foydali ilm”, “Namunali ayol”, “Gunohlardan qanday saqlanamiz?”, “Erkak kamolotida ayolning o‘rni”, “Noumid bo‘lmang”, “Imonning ahamiyati”, “Qalbni poklash usullari”, Mag‘firat qilinish shartlari”, “Ayollar uchun islohiy tarbiyalar”, “Turmushning namunali ko‘rinishi”, “Muslima ayollar uchun yo‘riqnoma”, “Tasavvuf va suluk”, “Odobli nasibalidir”, “O‘limga tayyorlanish”, “Lahurdan Buxoro va Samarqand tuproqlarigacha”, “Islomning ayollarga mehribonligi”.
Xulosa o‘rnida shunday deyish mumkin, insoniyat taraqqiyoti tarixida shunday shaxslar bo‘lganki, ularning faoliyati mahalliy, madaniy hudud chegarasidan tashqariga chiqibgina qolmay, balki davrlar chegarasini yorib o‘tib, g‘oyalar rivojlanishida umumjahon jarayonining bir qismiga ham aylangan. Ularning asarlari barcha nodir hodisalar singari avval o‘tganlar tajribalarni eng qimmatli tomonlarini o‘zida gavdalantiradi, jamiyat ilmiy fikri hamda ma’naviy madaniyatning keyingi ko‘p asrlarda sodir bo‘ladigan olg‘a harakatini belgilab beradi. Mana shunday buyuk siymo bu so‘zsiz shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiydir.
Nodir Odinayev