O'zbekiston musulmonlari idorasi vakili – Toshkent viloyati «Abu Bakr Siddiq» masjidi imom-xatibi Nurali Mavlanovning Rossiya hududlariga amaliy safari doirasida Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatida yashayotgan hamda ta'lim olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlari tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirlar davomida Nurali domla so'ngi yillarda yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish bo'yicha amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar, diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan fuqarolarning o'z diniy amallarini emin-erkin bajarishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, qurilayotgan masjidlar, ta'lim dargohlari haqida so'zlab berdi.
Tadbirda Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatidagi vatandosh tashkilotlar rahbar va faollari so'zga chiqib, ushbu uchrashuvni tashkil etgan Bosh konsullikka minnatdorlik bildirdilar va mamlakatimiz tomonidan xorijdagi vatandoshlarga qaratilayotgan katta e'tiborni e'tirof etdilar.
Talabalar bilan uchrashuvda esa O'zbekiston Konstitutsiyasiga o'zgartirishlar kiritish va yangilanayotgan Konstitutsiya bo'yicha bo'lajak umumxalq referendumi va xorijda istiqomat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizning ovoz berishi uchun tashkil etilgan uchastkalar to'g'risida ma'lumot berildi.
Uchrashuv yakunida talabalarga o'qishdan tashqari bo'sh vaqtlarida Bosh konsulxonaga tashrif buyurgan holda, diplomatik vakolatxona ish faoliyati bilan tanishishlari va bevosita fuqarolar bilan ishlash bo'yicha o'z bilim hamda malakalarini oshirishlari mumkinligi ma'lum qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati