Bugun Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi ochildi.
Tasavvuf maktabida tinglovchilarga asosan naqshbandiya ta’limoti o‘rgatiladi. Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan va aholimiz o‘rtasida keng tarqalgan, mamlakatimiz tarixida o‘ziga xos ijtimoiy-madaniy ahamiyat kasb etgan kubraviya yassaviya hamda qodiriya tariqatlari o‘rganilishiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Tasavvuf maktabida quyidagilar o‘qitiladi.
Darslarda tasavvuf shayxlari, xususan, naqshbandiya shayxlarining hayot yo‘llari, turmush tarzi haqidagi kitoblar o‘qitiladi.
Tariqat pirlari nasihat sifatida aytgan hikmatli so‘zlar sharhlanadi. Ruhiy tarbiyaga oid kitoblar o‘qitiladi.
Tinglovchilarga muntazam ravishda arab va fors tilidan saboq beriladi, tarixiy manbalarni o‘qish jarayonida til qoidalari tushuntirilib, bilim va ko‘nikmalari mustahkamlab boriladi.
Zamonaviy tasavvufshunoslik fanida tasavvuf ta’limoti borasida amalga oshirilgan zamonaviy ilmiy tadqiqotlar, nashrlar, zamonaviy tariqatchilik harakatlari xususida so‘z yuritiladi. O‘zbekistondan yetishib chiqqan tasavvufshunos olimlar Aziz Qayumov, Orif Usmon, Najmiddin Komilov, Homidjon Islomiy, Sadriddin Salim Buxoriy, Abdug‘afur Razzoq Buxoriy, B.Bobojonov, E.Karimov; Rossiyalik olimlar O.Akimushkin, Ye.Bertels, N. Semyonov, A.Xismatullin; Najdat Tusun, Mahmud As’ad Jo‘shon, Hasan Komil Yilmaz; G‘arb sharqshunoslaridan Yu.Paul, X.Algar, J.Gross, J.Trimingem, Anke fon Kyugelgen kabilarning ilmiy tadqiqotlari haqida ma’lumotlar beriladi.
Bundan tashqari tasavvuf ilmiy maktabi faoliyatining istiqboldagi rejalari qatoriga ilmiy ishlar – tasavvufga oid asarlar tarjimasi hamda ularni chop qilish ishlarini ham kiritish mumkin. Bularga Gulchehra Navro‘zova, Erkin Zoirov, Halim To‘rayev, Bobir Namozov, Samad Azimov va boshqa bir qator mutaxassislarning arab, fors va nemis tillaridagi kitoblarni o‘zbek va rus tillariga tarjima va sharhlar qilinib nashrga tayyorlanayotganini misol qilish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili ushbu ilmiy maktabning rahbari Mansur Nurullayev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi azosi, shoira, tarjimon, jurnalist Ibodat Rajabova, Buxoro davlat badiiy memorchilik muzey qo‘riqxona huzuridagi arab yozuvidagi qo‘lyozmalarni o‘rganish ilmiy markazi mudiri Axtam Axmedovlardan iborat tarjimonlar jamoasi sifatida ish olib borib, bir qator kitoblarning tarjima qilinishi tasavvuf ilmiy maktabining istiqboldagi rejalarini ko‘rsatadi.






O‘MI Buxoro viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Farg‘ona viloyatida «Vaqf» xayriya jamoat fondining viloyat filiali tomonidan ikki yuzga yaqin ehtiyojmand oilalar uchun xayriya tadbirlari tashkil etildi. Bu jarayonda kam ta’minlangan oilalarga ko‘mir, issiq kiyim-kechak, poyabzal, elektr isitgichlar, oziq-ovqat mahsulotlari va uy-ro‘zg‘or uchun maishiy texnikalar taqdim etildi. Shuningdek, homiylarimiz tomonidan boquvchisi yo‘q oilalarda voyaga yetayotgan bolajonlarga to‘kin dasturxon yozilib, kabobxo‘rlik tashkil etildi.
Qish mavsumida yangi poliz mahsulotlari va sarxil mevalar, issiq kiyimlar, ayniqsa sovuq kunlarda asqatadigan ko‘mir bilan ehtiyojmand oilalarga iliqlik ulashgan, ularni xursand qilgan barcha homiylardan, saxovatpesha fuqarolarimizdan Alloh rozi bo‘lsin.
Xayriya tadbirlarining yuqori tashkilotchilik va mehr-muruvvat bilan o‘tkazilishiga o‘z hissasini qo‘shgan barcha ishtirokchilar, ko‘ngillilarni O‘zi ulkan ajr-savoblar bilan mukofotlasin!
Vaqf.uz