Gohida yaxshi ko'rgan kishilarimizni yo'qotamiz, bunga ularga zulm qilganimiz, qo'pol munosabatda bo'lganimiz sabab bo'ladi.
Ularning xatosi, ayb-kamchiligini yuziga solib, fazilatlarini, yaxshi jihatlarini unutib qo'yamiz.
Hamma ayb-nuqsondan xoli bo'lishni ulardan talab qilamiz. Hatto o'zimiz yo'l qo'yadigan xatoni boshqalar qilsa, ularni ayblab yuramiz. Hato qilgan paytimiz “Endi biz insonmizda, ma'sum (gunohdan pok) emasmiz”, deya o'zimizni oqlaymiz-u, boshqalarni yomonlaymiz.
Imom Muhammad ibn Siyriyn rahimahulloh aytadi: “Birodaringda ko'rgan eng yomon xislatlarni uning yuziga solib, yaxshi xislatlarini berkitishing unga qilgan zulmingdir!”.
Boshqalar bilan xusumatlashmang, xusumat do'stlik rishtasini uzadi!
Har yili yuragingiz kengayib borsin, bu yil yuragingiz o'tgan yildagigan kengroq bo'lsin! Baxtli kishilarning qalbi tor bo'lmaydi, ular odamlarning aybiga ko'z yumadilar, xatolariga e'tibor qilmaydilar.
Odamlarning yomonligini unuting, yaxshi xislatlarini eslang. Do'stlaringizdan sodir bo'ladigan ayblarni ko'mish uchun yoningizda doim bitta qabr tayyor tursin!
Biror kim bilan adovatga borib qolsangiz, o'ta dushmanchilik qilib yubormang! Hech kim bilan aloqani butunlay uzib qo'ymang, ehtimol Alloh bir kun kelib o'rtangizda muhabbatni paydo etar! Axir U Zot aytganku:
“Shoyadki, Alloh sizlar bilan ular ichidagi dushmanlaringiz o'rtasida do'stlik paydo qilsa, Alloh qodirdir. Alloh kechiruvchi va rahmdildir” (Mumtahana surasi, 7-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Yaxshi ko'rgan odamingni engil yaxshi ko'rgin (qattiq mehr qo'yib yuborma), ehtimol bir kun kelib u dushmaningga aylanar! Dushmaningni ham juda yomon ko'rib yubormaki, ehtimol bir kun kelib senga do'st bo'lar!”
Boshqalar sizga insof qilishidan avval o'zingizga insof qilishingiz kerak!
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu aytadi: “Kimki o'zida uch xislatni jam aylasa, itmonga to'liq ega bo'libdir. Ular: o'ziga insof qilish, butun olamga salom ulashish, kambag'al holda infoq qilish”.
O'ziga insof qilish bu – inson Allohning oldidagi burchlarini ado etishi, Alloh man etgan narsalardan chetlanishi, odamlarning haqqiga rioya qilishi va o'zining haqqi bo'lmagan narsalarni ulardan talab qilmasligidir.
Olamga salom ulashish degani – barcha insonlarga salom ulashish, hech kimga kibr qilmaslik, hech kim bilan o'rtasida salom berishdan man qilib turadigan to'siq bo'lmasligi deganidir.
Kambag'al holda infoq qilish esa rizqi oz bo'lishiga qaramay infoq qilish demakdir. Zotan bunday qilgan inson Alloh taologa tamoman ishongan bo'ladi, Unga to'liq o'zini topshirgan va musulmonlarga bag'rikenglik qilgan bo'ladi.
Nubuvvat madrasasi talabasi Ammor! Sizni Alloh rahmatiga olsin!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari