Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyul, 2026   |   13 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:37
Quyosh
05:08
Peshin
12:35
Asr
17:35
Shom
19:50
Xufton
21:18
Bismillah
27 Iyul, 2026, 13 Safar, 1448

Shayx Abdulaziz Mansur Hadis va Kalom maktablarida

10.11.2017   9784   3 min.
Shayx Abdulaziz Mansur Hadis va Kalom maktablarida

Avvalroq, Samarqand viloyatidagi “Hadis” va “Kalom” ilmiy maktablarining ochilish marosimi o‘tkazilib, unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etishgani haqida xabar bergan edik.

2017 yil 10 noyabr kuni esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur Samarqand viloyatida tashkil etilgan Kalom va Hadis maktablarining ustoz va talabalari bilan uchrashdi. Ustozga Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov hamrohlik qildi.

Shayx hazratlari ushbu maktablar faoliyati va darslik adabiyotlari bilan tanishar ekan, ushbu ishdan nihoyatda mamnun ekani va kelajakda bu maktablardan kalom va hadis fanlari bo‘yicha yetuk olimlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

Abdulaziz Mansur dastlab kalom maktabi o‘qituvchi va talabalarining dars jarayonini kuzatib, o‘zining qimmatli maslahat va takliflarini aytib o‘tdi. Jumladan, Shayx hazratlari: “Kalom maktabida avvalo, buyuk mazhabboshimiz Imom Abu Hanifaning “Fiqhul Akbar” kitobini asl manbadan o‘qiyotganlaringiz va uni yodlashni boshlaganlaringiz meni juda ham xursand qildi. Bizning mazhabimiz va aqidamizga eng mos va mo‘tabar kitob manashu kitobdir. Darslaringiz davomida ushbu kitobning ulug‘ allomalar Aliyyul Qoriy va Taftazoniylar tomonidan yozilgan sharhlarini ham o‘qib borishlaringizni maslahat beraman. Chunki kitobning sharhida juda ko‘p masalalar bayon etilgan. Shuningdek, ushbu kitoblar sof arab tilida yozilgan bo‘lib, bu sizlarga arab tilini eng chiroyli uslubda o‘qish va talaffuz qilishingizda katta yordam beradi” dedilar.

Shayx Abdulaziz Mansurov Hadis maktabi o‘qituvchi va talabalari bilan ham uchrashib, hadis kitoblarini o‘qishda va hadis turlarini yaxshi o‘zlashtirib borishlarini ta’kidladi. Hozirgi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan talabalar uchun tayyorlab nashr qilingan buyuk bobomiz Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning “al-Adab al-Mufrad” kitobini yod olishlarini tavsiya qildi. Hadislar ma’nosiga jiddiy e’tibor qaratib, unga amal qilishda hushyor bo‘lishga chaqirdi. Chunki, hadislardan fiqhiy, e’tiqodiy masalalarda hukm olishda mazhablar o‘rtasida turli qarashlar mavjudligini eslatib o‘tdi.

Bugungi kunda ayrim aqidaparst oqimlar, oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilganliklari sababli ham noto‘g‘ri yo‘llarga tushib qolganligini aytib o‘tdi.

Shayx Abdulaziz Mansurov azaliy ajdodlarimizning ustoz-shogird an’anasiga muvofiq, dars o‘tib, yaratgandan ushbu maktab rivoji uchun, uni tashkil qilishda xizmat qilgan rahbarlarimiz va barcha ustoz va talabar haqlariga duoyi xayr qildi.

Tohir Evadullayev

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonga arab dunyosidan 1000 noyob ilmiy kitob keltirildi

27.07.2026   1447   4 min.
O‘zbekistonga arab dunyosidan 1000 noyob ilmiy kitob keltirildi

O‘zbekiston xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish orqali o‘zining boy ma’naviy merosini jahon ilmiy hamjamiyati bilan bog‘lash yo‘lida dadil harakat qilmoqda.

Ana shu jarayonning amaliy ifodasi sifatida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘mon Sultonligida faoliyat yurituvchi «Orabi International Group» tashkiloti rahbari, taniqli tadqiqotchi va jamoat arbobi doktor Muhammad Zakariya Orobiy ishtirokida Markaz kutubxonasiga 1000 ta noyob kitobni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati, olimlar, tadqiqotchilar hamda sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

Marosimda Markaz direktori o‘rinbosari Gulnora G‘aniyeva so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ilm-fanni rivojlantirish, madaniy merosni asrash, qo‘lyozmalarni o‘rganish va jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob manbalarni O‘zbekistonga jalb etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun nafaqat muzey yoki kutubxona, balki islom sivilizatsiyasi tarixi, manbashunoslik va sharqshunoslik bo‘yicha xalqaro ilmiy muloqot maydoniga aylanib bormoqda.

«O‘mon Sultonligidan taqdim etilgan mazkur kitoblar nafaqat kutubxona fondini boyitadi. Ular islom sivilizatsiyasi tarixi, islom huquqi, tafsir, hadis, aqida, arab tili va boshqa yo‘nalishlarda fundamental tadqiqotlarni kengaytirish uchun mustahkam manba vazifasini bajaradi. Bu esa yangi avlod olimlarini tayyorlashga ham xizmat qiladi», — dedi Gulnora G‘aniyeva.

Doktor Muhammad Zakariya Orobiy ushbu kitoblar taqdimotini ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ilmiy hamkorlikning ramziy voqeasi sifatida baholadi.

«Bu shunchaki kitoblar emas. Bu ilmga bo‘lgan hurmat, ma’rifatga sadoqat va xalqlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydigan intellektual ko‘prikdir. Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini yuksak qadrlaymiz. Bu markaz butun islom olamining ilmiy merosini birlashtiruvchi nufuzli platformaga aylanishiga ishonamiz», — dedi doktor Orobiy.

Uning fikricha, kutubxonalar insoniyat sivilizatsiyasining umumiy xotirasini saqlaydigan maskanlar bo‘lib, har bir kitob yangi bilim, yangi g‘oya va yangi ilmiy kashfiyotlarga yo‘l ochadi. Shu bois ilmga sarmoya kiritish kelajakka sarmoya kiritish bilan tengdir.

Marosimda ishtirok etgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov ham mazkur xayrli tashabbusning mamlakat ilmiy salohiyati uchun ahamiyatini alohida qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha, arab dunyosida so‘nggi yillarda chop etilgan fundamental ilmiy adabiyotlarning O‘zbekistonga keltirilishi tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar, magistrantlar va yosh olimlar uchun ishonchli manbalar bazasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Taqdim etilgan kitoblar islom tarixi, Qur’on tafsiri, hadisshunoslik, fiqh, aqida, arab tili, islom sivilizatsiyasi tarixi va boshqa qator yo‘nalishlarni qamrab oladi. Ular orasida arab mamlakatlarida so‘nggi yillarda nashr etilgan ilmiy asarlar ham mavjud bo‘lib, bu Markaz kutubxonasini mintaqadagi eng boy ixtisoslashgan fondlardan biriga aylantirish imkoniyatini yanada kengaytiradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston madaniy diplomatiya sohasida faol tashqi siyosat yuritmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy ilmiy markazlari ishtirokida xalqaro hamkorlik kengayib, YUNЕSKO, ICESCO va qator ilmiy muassasalar bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘mon  Sultonligidan 1000 ta noyob kitobning taqdim etilishi ana shu izchil davlat siyosatining yana bir amaliy natijasi sifatida baholanmoqda.

Marosim yakunida tomonlar mazkur xayrli tashabbus O‘zbekiston va O‘mon  Sultonligi o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ma’rifiy hamkorlikni yanada mustahkamlashini ta’kidlab, kelgusida qo‘shma tadqiqotlar, kitob almashinuvi, ilmiy ekspeditsiyalar va akademik dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O‘zbekistonga arab dunyosidan 1000 noyob ilmiy kitob keltirildi O‘zbekistonga arab dunyosidan 1000 noyob ilmiy kitob keltirildi
O'zbekiston yangiliklari