Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir qancha masjidlarda Juma mav’izasi boshlangunga qadar «Kahf» surasi tilovat qilinadi. Ayrimlar, nega, aynan, juma kuni ushbu sura o‘qilishiga qiziqishadi, ba’zan sababi haqida ham bir birlaridan so‘rashayotgani quloqqa chalinadi. Quyida, buning sababini bilib olasiz. Keling, dastlab, ushbu sura haqida qisqacha ma’lumotga berib o‘tsak. “Kahf” surasi Qur’oni Karimdagi «Alhamdu» bilan boshlangan besh suradan biri hisoblanadi. Bu surada, tarixiy qissalarga asosiy urg‘u berilgan. 110 oyatdan iborat suraning 71 oyati qissalardan iborat. Surada kahf(g‘or)ga kirib olgan yigitlar, ikki bog‘, Odam va Iblis, Muso alayhissalom va solih banda hamda Zulqarnayn haqidagi qissalar keltiriladi.
Endi esa, juma kuni nega, aynan, ushbu sura tilovat qilinishining fazilati haqidagi quyidagilarni keltirib o‘tamiz:
Yuqoridagi hadisi shariflardan ma’lum bo‘ladiki, juma kuni ushbu surani tilovat qilishning fazilati bisyor ekan. Kimki har juma «Kahf» surasini tadabbur bilan o‘qisa, dunyo va oxirat yaxshiligiga musharraf bo‘lar ekan. Demak, «Kahf» surasini o‘qishga shoshilaylik!
Ilhom Ma’rupov
tayyorladi.
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.