Abu Dardo roziyallohu anhuning uyiga bir sovuq kechada mehmon keldi. Ularga oddiygina taom hozirlandi.
Taomdan so‘ng mehmonlar uxlamoqchi bo‘ldi, biroq yopinchiq yo‘q edi. Ulardan biri mezbondan yopinchiq so‘rash maqsadida xona oldiga bordi. Qarasa, Abu Dardo roziyallohu anhu yonboshlab yotibdi. Ayoli esa unga yaqin joyda o‘tiribdi. Ayolining ham, o‘zining ham ustida yupungina. Na taglariga to‘shaladigan ko‘rpa, na ustilariga yopadigan biror narsa bor edi. Mehmon ularga: “Nega sovqotib yotibsiz, ko‘rpa-to‘shagingiz qani?” dedi.
Abu Dardo roziyallohu anhu: “Bizning yana bir hovlimiz bor. Topganlarimizni o‘sha yoqqa jo‘natamiz. Agar bu hovlida nimadir olib qolganimizda, sizga albatta berardik... Borar yo‘limizda ko‘tarilish qiyin bir dovon bor. Undan o‘tishga faqat yuki yengil insonlar muvofiq bo‘lurlar. Bizning ham umidimiz o‘sha dovondan oson o‘tish” dedi.
Uning so‘zlari mehmonning ko‘zlarini yoshladi: “Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin!” deya duo qildi.
Abdulahad SOBIROV,
Chilonzor tumani “Novza” jome masjidi imomi noibi
Malayziyada bo‘lib o‘tgan “MATTA Fair” yirik sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan milliy pavilon tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Malayziya xalqaro savdo va ko‘rgazmalar markazida namoyish etilgan milliy pavilon mamlakatimizning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga respublikada turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ziyorat turizmini jadal rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
So‘nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan, Malayziya fuqarolari uchun ham mamlakatga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Sayyohlar Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrining tarixiy va zamonaviy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi va san’ati, milliy an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Milliy pavilonda Turizm qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi vakillari hamda respublikaning qator turkompaniyalari tomonidan ziyorat turizmi, tarixiy-madaniy turizm, gastronomik turizm, Umra+, qishki turizm kabi sayyohlik dasturlari “B2B” va “B2C” formatlarida keng targ‘ib qilindi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi vakillari mamlakatimizga sayohat qiluvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, jumladan, Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar mavjudligi haqida axborot berdi.
Tadbir davomida ikki mamlakat turoperatorlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorligi doirasida respublikaga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati