Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyul, 2026   |   5 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:26
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:56
Xufton
21:28
Bismillah
19 Iyul, 2026, 5 Safar, 1448

Yana bir hovlimiz bor...

07.11.2017   12974   1 min.
Yana bir hovlimiz bor...

Abu Dardo roziyallohu anhuning uyiga bir sovuq kechada mehmon keldi. Ularga oddiygina taom hozirlandi.

Taomdan so‘ng mehmonlar uxlamoqchi bo‘ldi, biroq yopinchiq yo‘q edi. Ulardan biri mezbondan yopinchiq so‘rash maqsadida xona oldiga bordi. Qarasa, Abu Dardo roziyallohu anhu yonboshlab yotibdi. Ayoli esa unga yaqin joyda o‘tiribdi. Ayolining ham, o‘zining ham ustida yupungina. Na taglariga to‘shaladigan ko‘rpa, na ustilariga yopadigan biror narsa bor edi. Mehmon ularga: “Nega sovqotib yotibsiz, ko‘rpa-to‘shagingiz qani?” dedi.

Abu Dardo roziyallohu anhu: “Bizning yana bir hovlimiz bor. Topganlarimizni o‘sha yoqqa jo‘natamiz. Agar bu hovlida nimadir olib qolganimizda, sizga albatta berardik... Borar yo‘limizda ko‘tarilish qiyin bir dovon bor. Undan o‘tishga faqat yuki yengil insonlar muvofiq bo‘lurlar. Bizning ham umidimiz o‘sha dovondan oson o‘tish” dedi.

Uning so‘zlari mehmonning ko‘zlarini yoshladi: “Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin!”  deya duo qildi.

Abdulahad SOBIROV,

Chilonzor tumani “Novza” jome masjidi imomi noibi

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Q8 Press”: I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ilgari surilgan tashabbuslar tinchlik, sheriklik va tarixiy-madaniy merosni mustahkamlashga xizmat qiladi

17.07.2026   16556   1 min.
“Q8 Press”: I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumida ilgari surilgan tashabbuslar tinchlik, sheriklik va tarixiy-madaniy merosni mustahkamlashga xizmat qiladi

Kuvaytning “Q8 Press” nashrida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, forum islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib qilish sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim tadbirga aylangan. Uning asosiy natijasi sifatida mazkur yo‘nalishdagi global hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan, o‘nta xalqaro tashabbusni qamrab olgan Toshkent deklaratsiyasining qabul qilingani bo‘ldi.

Ushbu deklaratsiya doirasida xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar, muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot markazlarini birlashtiruvchi Jahon islom sivilizatsiyasi alyansini tashkil etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasi merosining jahon raqamli reyestri va kutubxonasini yaratish, xalqaro mukofot, jamg‘arma, ensiklopediya hamda muzeylar uyushmasini ta’sis etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2030 yilgacha mo‘ljallangan qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish ham deklaratsiyaning muhim tashabbuslaridan biri sifatida belgilangan.

“Q8 Press” nashrining yozishicha, anjumanda ilgari surilgan tashabbuslar sheriklikni rivojlantirish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, tinchlik, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqot qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari