Brenda toqqa tirmashib chiqishni orzu qiladigan qiz. Bir kuni jasorat etib toqqa chiquvchilar safiga qo‘shildi. Borib qarasa, qarshisidan devor kabi tik qoya va qiyalik chiqdi. Qattiq qo‘rqayotganiga qaramay, Brenda qat’iyatli edi; xavfsizlik kamarini taqdi, arqonni mahkam tutib qoyaning tik yuziga qarab tirmasha boshladi. Bir oz tirmashganidan so‘ng bir o‘yiq joy topdi...
U yerda osilib turarkan, yuqorida arqonni tutib turgan kishi toliqqanidan arqonda silkina boshladi. Keskin silkingan arqon Brendaning ko‘zining oldidan shuvillab o‘tib ketdi va uning linzasini uchirib yubordi. Linza juda kichkina edi. Shu bois uning topilishidan umid qilmasa ham bo‘lardi. Linza qiyalikda bir joyga tushdi, Brenda endi xira ko‘rayotgan edi.
Brenda linzasini o‘zi topishidan umid uzib Allohga astoydil nola qila boshladi.
“Allohim! Sen bu yerdagi barcha tog‘larning qo‘riqlovchisisan. Bu tog‘lardagi har bir toshni va yaproqni bilganing kabi mening linzam tushgan joyni ham bilasan, uni topishimga madad ber!”
Suqmoq yo‘ldan yurib quyiga indilar. pastga tushganlarida tirmashish uchun bu yerga kelgan yangi guruh bilan duchlashdilar. Ulardan biri: “Orangizda linzasini yo‘qotgan kishi bormi?” deb qoldi.
Brendaga keyinroq linzani bir chumoli sudrab borayotganini gapirib berishdi. Qoya yuzidan chumoli yurib borayotganda qizlarning e’tiborini qandaydir bir porlagan narsa tortgan. Uyga qaytganidan so‘ng Brenda otasiga linzani qanday yo‘qotib, qanday topib olganini so‘zlab berdi.
Karikaturachi bo‘lgan otasi og‘zida linzani tishlab sudrab borayotgan chumoli rasmini chizadi va uning tepasiga mana bu so‘zlarni yozadi: “Allohim! Buni nega olib ketayotganimni bilmayman. Buni yeya olmayman va sudrashimga ham g‘oyat og‘ir. Ammo uni tashishimni Sen istaganing uchun tashiyapman... bu og‘ir yukni nega tashiyapman?” demayman.
Turkchadan Damin JUMAQUL tarjimasi
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati