Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2025   |   27 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
23 Iyun, 2025, 27 Zulhijja, 1446

Vitr namozi haqida

06.11.2017   42578   15 min.
Vitr namozi haqida

عن عائشة رضى الله عنها "أن النبى صلى الله عليهِ وسلم كان يصلىِّ إحدى عشرة ركعة، كانت تلك صلاته – تعنى  بالليلِ – فيسجدُ السجدة من ذلك قدْر ما يقرأ أحدُكُم خمسين آية قبل أن يرفع رأسه، ويركعُ ركعتينِ قبل صلاةِ الفجرِ ثُمّ يضطجعُ على شقه الأيمنِ حتى يأتيه المؤذنُ للصلاةِ"

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam tunda o‘n bir rakat namoz o‘qirdilar. Shu  namozlarida bir sajda qilsalar uning miqdori sizlardan biringiz o‘rtacha ellik oyat o‘qiydigan darajada bo‘lardi. So‘ng boshlarini sajdadan ko‘tarardilar va bomdod nomozidan (ya’ni farzidan) oldin ikki rakat namoz o‘qib,  o‘ng tomonlariga yonboshlardilar to muazzin namozga chaqirib kelguncha (ya’ni bomdodni farzini masjidda jamoatga o‘qib berishni so‘rab kelguncha)”, dedilar.

Sharh: Vitrning lug‘aviy ma’nosi toq, deganidir. Ammo vitrning hukmida mazhab imomlari ixtilof qilishgan. Bizning Hanafiy mazhabimizda Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam quyidagi “Albatta Alloh sizlarga bir namozni ziyoda qildi, o‘sha namoz vitrdir” so‘zlariga asoslanib vojib, deyilgan.

Demak, Hanafiy mazhabida vitr namozi vojib, boshqa mazhablar esa vojib emas, deyishgan. Chunki Hanafiy mazhabidan boshqa mazhablarda farz va vojib tushunchalari bir ma’noni, ya’ni Hanafiy mazhabidagi farz ma’nosini anglatadi. Shuning uchun besh vaqt namoz farzligi haqidagi dalil va hujjatlarni keltirib, uch mazhab vakillari vitrni ham vojib, desak olti vaqt namoz bo‘lib qoladi, degan fikrga borishgan. Hanafiy mazhabimizda esa, farz bilan sunnatning orasida vojib borligi va vitr namozi haqidagi dalillar farzdan kuchsiz, sunnatdan kuchli bo‘lgani uchun vojib, deydilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tunda o‘n bir rakat namoz o‘qishni odat qilgandilar. Uni shu darajada chiroyli ado etib, qiroat, ruku’ va sajdalarni uzun qilardilar. Sajdalarining miqdori sizlardan biringiz mo‘tadil holatda Allohning kitobidan ellik oyat o‘qish miqdoricha bo‘lar edi. Bu kabi amal musulmonlar Allohga yuzlanishga, ibodatni g‘aflat paytida ko‘paytirishga undash ma’nosida edi. Ruku’ va sajdalarida “Subhonakallohumma va bihamdika Allohummag‘firliydeb ko‘p aytardilar. Shuningdek, bomdod namozi farzidan oldin ikki rakat namoz o‘qirdilar. Keyin muazzin kelib, masjidda jamoatga bomdod farzini ado etishlarini talab qilib kelgunicha qisqa holda rohat olish uchun yonboshlab olardilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kechani oxirida bedorlik sababli paydo bo‘lgan charchoqdan dam olishlari uchun kechani oxirida yonboshlab rohatlanardilar. Yonboshlashda o‘ng tomonni ixtiyor qilishlari o‘ng tomonni yaxshi ko‘rganliklaridan  va yana hikmatlaridan biri uyquga cho‘mib ketmaslik uchun edi. Chunki qalb chap tomonda joylashgan. Kishi chap tomonga yonboshlab yotgudek bo‘lsa uyquga cho‘mib ketishi osonroq bo‘ladi.

Hadisdan olinadigan foydalar:

1. Vitrdan keyin namoz yo‘qligi.

2. Kechasidagi namozlarni sajdasini ellik oyat miqdorida uzun qilishga targ‘ib etilgani.

3. Bomdodni farzidan oldingi sunnat ikki rakat ekanligi.

4. Bomdod namozidagi afzal narsa avvalgi vaqtidan kechiktirilishi.

5. Muazzinni imomga namoz vaqti bo‘lganidan ogoh etishi.

Jaloliiddin Hamroqulov

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar

Muhabbat mana shunday bo‘ladi

20.06.2025   7230   3 min.
Muhabbat mana shunday bo‘ladi

 Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati

Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.

Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir... 


Savbon roziyallohu anhuning muhabbati

Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.

 
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati

Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!”dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval  Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Niso surasi, 69-oyat.