Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Gunohlar kechirilishini xohlaysizmi?

06.11.2017   15438   17 min.
Gunohlar kechirilishini xohlaysizmi?

Alloh taolo taqvodor insonlar haqida shunday marhamat qiladi: “Ular farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-sadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar.” ( Oli Imron surasi 134-oyat). Ya’ni taqvodor insonlar – bular har qanday holatda ham to‘qlikda ham, tanglikda ham, qiyinchilikda ham, yengillikda ham, sog‘liklarida ham, kasal bo‘lganlarida ham o‘z mollaridan faqirlarga sadaqa va qarindoshlarga esa silai rahm qiladiganlardir. Ular  o‘zlari kuchli bo‘lsalar ham birovga ozor bermaslik uchun g‘azablarini yutadiganlardir. Abu Hurayra roziyallohu anhu dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Paxlavonlik tosh ko‘tarishda emas, balki kuchlilik insonning g‘azabi kelganida o‘zini tiya olishidadir”- dedilar”. (Imom Ahmad rivoyati)  Xorisa ibn Qudoma as-Sa’diy aytadi: “Ey, Allohning Rasuli! Menga bir ish qilishni maslahat bering!”- deb so‘radim. Shunda “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘azab qilma!”- dedilar. (Imom Ahmad rivoyati) 

G‘azabning davosi haqida Utya bin Sa’d as-Sa’diy roziyallohu anhudan quyidagi hadis rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, g‘azablanish shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgan. Olov suv bilan o‘chadi. Kimning g‘azabi kelsa, u tahorat olsin!”- dedilar”. (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati.) 

Taqvodor insonlar odamlarning xato va kamchiliklarini afv etadilar hamda ularga qilingan ozorlarini o‘zlariga qaytarishga imkonlari bo‘lsa ham, ularga iltifot qiladilar. Bu esa insondagi aql va fikrning mulohazakorligi, kuchli iroda va quvvatga egaligini namoyon qiladi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida Nido qiluvchi: “Insonlarning xato va kamchiliklarini afv etganlar qayerda? Robbingizning oldiga shoshilinglar, ajr (mukofot)laringizni olinglar. Har bir kechirimli oliyjanob musulmonning jannatga kirishi haqdir”-deb aytadi”- dedilar”.  (Tabaroniy va Hokim rivoyati.) 

 (Har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshash yomonlikdir. Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Alloh zimmasidadir”. ( Sho‘ro surasi 40-oyat). Adolat nuqtayi nazaridan qaraganda, har qanday o‘lchovda o‘lchanmasin yomonlikning jazosi ana o‘shanday yomonlik, yaxshilikning mukofoti xuddi shunday yaxshilik bo‘ladi. Agar shunday qilinsa, uni hech kim malomat qilmaydi. Lekin agar kim yomonlik ila zulm qilgan kimsani afv etsa, oradagi ginalarni unutib, unga chiroyli muomala qilsa, uning mukofoti Allohning zimmasida bo‘lib, Alloh taolo unga ulug‘ ajr beradi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bandasiga uning afvi sababli unga izzat-ikromni ko‘paytiradi.”- dedilar.” (Imom Ahmad, Muslim va Termiziy rivoyati) “Albatta, kimki (aziyatlarga) sabr qilsa va (Alloh uchun) kechirib yuborsa, albatta, bu puxta ishlardandir.” ( Sho‘ro surasi 43-oyat). 

(Ey, Muhammad!) Iymon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari(qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (U sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!” ( Josiya surasi 14-oyat). Ya’ni ey Allohning nabiysi Alloh va uning rasulini tasdiqlaganlarga ayting: “Ular Allohning turli azoblari qoim bo‘ladigan kundan qo‘rqmaydigan mushriklarning aziyatlarini afv etsin, kechirsin va ularga sabr qilsinlar!” Shunda Alloh taolo u mo‘minlarni bu dunyoda aziyatlarga sabr qilib, g‘azablarini ichlariga yutib, yomonliklardan o‘zlarini saqlab va yaxshi amallar qilganliklari sababli mukofotlagay. Va albatta, “Kimki yaxshilik qilsa, bas, o‘zi uchundir. Kimki yomonlik qilsa, bas, o‘z zararigadir. So‘ngra Robbingiz huzuriga qaytarilursiz.” ( Josiya surasi 15-oyat). 

Demak, yuqoridagi oyat va hadislardan ma’lum bo‘ladiki, kechirimli bo‘lish, g‘azabi kelganda o‘zini tiya olish va boshqalarning aziyatlariga sabr qilish ulkan ajr-u savoblarga sabab bo‘ladi. Hayotimiz davomida boshqa insonlarga g‘azab qilmasdan, ularni kamchiliklarini kechirib, ular bilan ahil-inoq yashar ekanmiz ana o‘sha hadisda keltirilgandek haqiqiy “pahlavonlik” hisoblanadi. Insonlarga nisbatan kechirimli bo‘lsak, shoyad Alloh taolo bizning ham gunohlarimizni kechib yuborsa. Alloh taolo barchalarimizni hayotimiz davomida O‘zining dinida bardavom bo‘lishimizni nasib etsin! Omiyn! 

Jaloliddin Hamroqulov

 

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik to‘yonasi: Buxoroda 35 nafar bolajonning sunnat to‘yi o‘tkazildi

10.08.2026   15467   1 min.
Mustaqillik to‘yonasi: Buxoroda 35 nafar bolajonning sunnat to‘yi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.


Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.


Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.


Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.


Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Mustaqillik to‘yonasi: Buxoroda 35 nafar bolajonning sunnat to‘yi o‘tkazildi Mustaqillik to‘yonasi: Buxoroda 35 nafar bolajonning sunnat to‘yi o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari