Qur’on ilmlari mavzulari orasida makkiy va madaniy suralar bahsi katta va muhim mavzulardan bo‘lib, hatto ba’zi ulamolar ular haqida alohida kitoblar ham bitishgan.
Abulqosim Hasan ibn Muhammad ibn Habib an-Naysoburiy (vaf. 406/1016 y.) “At-Tanbeh a’la fazl ulum al-Qur’on” (Qur’on ilmlari fazilati borasida eslatma) kitobida: “Qur’on ilmlarining katta mavzulari sirasiga nozil bo‘lish va uning sabablari ilmi, Makka va Madinada nozil bo‘lgan suralar tartibi, Makkada nozil bo‘lib, hukmi madaniy bo‘lgan oyatlar, Madinada nozil bo‘lib, hukmi makkiy bo‘lgan oyatlar, Makkada Madina ahli uchun, Madinada Makka ahli uchun nozil bo‘lgan oyatlar, makkiy suralarga o‘xshab ketadigan madaniy suralar, madaniy suralarga o‘xshab ketadigan makkiy suralar, Juhfada[1] nozil bo‘lgan oyatlar, Baytul Maqdisda nozil bo‘lgan oyatlar, Toifda nozil bo‘lgan oyatlar, Hudaybiyada nozil bo‘lgan oyatlar, kechasi nozil bo‘lgan oyatlar, kunduzi nozil bo‘lgan oyatlar, jam bo‘lib nozil bo‘lgan oyatalar, alohida nozil bo‘lgan oyatlar, makkiy suralar ichidagi madaniy oyatlar, madaniy suralar ichidagi makkiy oyatlar, Makkadan Madinaga ko‘tarilgan oyatlar, Madinadan Makkaga ko‘tarilgan oyatlar, Madinadan Habashiston yerlariga ko‘tarilgan oyatlar, mujmal nozil bo‘lgan oyatlar, tafsir qilingan holatda nozil bo‘lgan oyatlar, ixtilof qilingan suralar va ba’zilar makkiy, ba’zilar esa madaniy degan suralar ilmi kiradi. Bu mavzular yigirma besh xildir. Kim buni bilmasa va ularning orasini farqlay olmasa unga Allohning Kitobidan so‘zlash durust emas!” – degan.
Ibn Arabiy o‘zining “An-Nosix val-mansux” asarida: “Qur’on borasida biz bilgan narsalar shuki, ular orasida makkiy va madaniy suralar, safarda yoki muqimlikda nozil bo‘lgan oyatlar, kechasi yoki kunduzi nozil bo‘lgan oyatlar, osmonda yoki yerda nozil bo‘lgan oyatlar, Yer-u Osmon o‘rtasida nozil bo‘lgan oyatlar, g‘orda nozil bo‘lgan oyatlar mavjud”, deydi.
Ibn Naqib[2] esa o‘z tafsiri muqaddimasida shunday deydi: “Qur’onda nozil bo‘lgan suralar to‘rt qismdir: makkiy suralar, madaniy suralar, ba’zisi makkiy va ba’zisi madaniy bo‘lgan suralar, makkiy ham madaniy ham bo‘lmagan suralar”.
Insonlar makkiy va madaniy borasida uch hil ta’rif beradilar:
Ularning eng mashhuri: Makkiy suralar deb – Rosululloh sallalohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tishlaridan oldin nozil bo‘lgan oyat va suralar, madaniy suralar esa, hijratdan keyin nozil bo‘lgan oyat va suralardir. Ularni Madinada nozil bo‘lishi, Makkada nozil bo‘lishi, fath yili yoki hajjatul vado’da nozil bo‘lishi yoki biror safarda nozil bo‘lishining e’tibori yo‘q. Usmon ibn Said sanadi bilan Yahyo ibn Sallomdan rivoyat qiladi: “Makkada nozil bo‘lgan va Nabiy sollallohu alayhi vasallam madinaga yetib borishlaridan oldin yo‘lda nozil bo‘lgan oyat va suralar makkiy hisoblanadi. Shuningdek Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlaridan keyin biror bir safarda nozil bo‘lgan oyat va suralar madaniy hisoblanadi”. Ushbu rivoyat hijrat safarida nozil bo‘lgan oyat va suralar makkiy ekanligi olinadigan muhim rivoyatdir.
Ikkinchisi: Makkiy deb, garchi hijratdan keyin nozil bo‘lgan bo‘lsa ham Makkada nozil bo‘lgan oyat va suralarga aytiladi. Madaniy deb esa, Madinada nozil bo‘lgan oyat va suralarga aytiladi. Bu gapga ko‘ra orada yana bir narsa kelib chiqadi. Safarlarda nozil bo‘lgan oyat va suralarga na makkiy va na madaniy degan nom ishlatiladi. Tabaroniy “Al-Kabir” asarida Abu Umomadan quyidagi rivoyatni keltiradi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on uch joyda nozil bo‘ldi: Makka, Madina va Shomda”, dedilar. Valid buni Baytul-Maqdis deb tafsir qiladi. Ibn Kasir esa, buni Tabuk deb tafsir qilsa yaxshiroq bo‘lardi, deydi. Makkiylarga uning atrofida nozil bo‘lgan oyat va suralar ham kiradi. Ya’ni Minoda, Arafotda va Hudaybiyada nozil bo‘lgan oyat va suralar. Madaniyga esa uning atrofida, ya’ni Badr, Uhud va Sal’[3] degan joylarda nozil bo‘lgan oyat va suralar kiradi.
Uchinchisi: Makkiy deb, Makka ahliga xitob tarzida nozil bo‘lgan oyat va suralarga aytiladi. Madaniy deb esa Madina ahliga xitob tarzida nozil bo‘lgan oyatlarga aytiladi. Ibn Mas’ud roziyallohu anhuning quyidagi so‘zlarini shunga haml qilinadi.
Imom Buxoriy Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Undan o‘zga iloh yo‘q bo‘lgan zotga qasamki, Allohning Kitobidan biror oyat nozil bo‘lgan bo‘lsa uni kim borasida nozil bo‘lganini ham, qayerda nozil bo‘lganini ham bilaman”. Ayyub aytadi: “Bir kishi Ikrimadan Qur’ondagi bir oyat haqida so‘radi. U: “Bu oyat mana shu tog‘ yonbag‘rida nozil bo‘lgan”, deb Sal’ tog‘iga ishora qildilar”. Buni Abu Nu’aym “Al-Hilya” kitobida keltirgan.
Qozi Abu Bakr “Al-Intisor” asarida shunday deydi:“Makkiy va madaniy suralarni ajratishda sahoba va tobeinlarning rivoyatlariga murojaat qilinadi. Bu borada Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan biror bir so‘z vorid bo‘lmagan. Chunki u zot ham bunga buyurilmaganlar. Garchi ahli ilmlar uchun ularning ba’zilarida nosix va mansuxning tarixini bilishlari lozim bo‘lsada Alloh taolo buning ilmini ummatga farz qilmagan. Buni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning nasslarisiz ham bilish mumkin.
Ibn Abbos roziyallohu anhu va boshqalar makkiy va madaniy suralarni sanab o‘tishgani rivoyatlarda keladi. Ibn Sa’d “Tabaqot” da zikr qiladi: “Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytdilar: “Ubay ibn Ka’bdan Qur’ondagi Madinada nozil bo‘lgan suralar haqida so‘radim. U: “Ular yigirma yettita sura, qolgani Makkada nozil bo‘lgan”, deb javob berdi”.
Abu Ja’far an-Nahhos o‘zining “An-Nosix val-mansux” asarida quyidagini keltiradi: “Abu Amr ibn Alo aytadi: “Mujohiddan Qur’onning makkiy va madaniy oyatlari haqida so‘radim. U kishi: “Ibn Abbosdan bu haqida so‘raganimda u kishi: “An’om surasi to‘lig‘icha Makkada nozil bo‘lgan. U makkiy sura, lekin uning uch oyati Madinada nozil bo‘lgan: قُلْ تَعَالَوْا أَتْلُ... dan uch oyat (151,152,153 oyatlar). Undan oldingi barcha suralar madaniy suralar. Makkada nozil bo‘lgan suralardan: A’rof, Yunus, Hud, Yusuf, Ra’d, Ibrohim, Hijr, Nahl- uning oxirgi uch oyati Makka va Madina o‘rtasida Uhuddan chiqish joyida nozil bo‘lgan, Bani Isroil, Kahf, Maryam, Toha, Anbiyo, Haj- uningهذان خصمان dan boshlab uch oyati (19-21 oyatlar) Madinada nozil bo‘lgan, Mo‘minun, Furqon, Shuaro- uning oxirgi besh oyati:وَالشُّعَرَاءُ يَتَّبِعُهُمُ الْغَاوُونَ dan oxirigacha Madinada nozil bo‘lgan, Naml, Qosos, Ankabut, Rum, Luqmon: uning وَلَوْ أَنَّمَا فِي الْأَرْضِ مِنْ شَجَرَةٍdan boshlab uch oyati Madinada nozil bo‘lgan, Sajda- uning أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًاdan boshlab uch oyati Madinada nozil bo‘lgan, Saba’, Fotir, Yasin, Vas-Soffat, Sod, Zumar-uning قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا dan boshlab uch oyati Madinada Hamza roziyallohu anhuning qotili Vahshiy borasida nozil bo‘lgan, yettita Haamim suralari, Qof, Zoriyot,Tur, Najm, Qomar, Ar-Rahmon, Voqe’a, Sof,Tag‘obun-lekin uning oxirgi oyatlari Madinada nozil bo‘lgan, Mulk, Nun, Al-Haqqo, Ma’orij, Nuh, Jin, Muzzammil-lekin oxirgi ikki oyati: إِنَّ رَبَّكَ يَعْلَمُ أَنَّكَ تَقُومُ madaniydir[4], Muddasir surasidan Qur’onning oxirigacha Zalzala, Nasr, Ixlos, Falaq, an-Nos suralaridan boshqa barcha suralar makkiy suralardir. Madinada esa Anfol, Baroat, Nur, Ahzob, Muhammad, Fath, Hujurot, Hadid, undan keyin Tahrimgacha bo‘lgan suralar”, deb javob berdilar”. Rivoyatni xuddi shunday to‘lig‘icha keltirgan. Uning barcha roviylari mashhur bo‘lib, arab ulamolari nazdida ishonchli insonlardir.
Imom Bayhaqiy “Daloil an-nubuvvat” asarida quyidagilarni keltiradi: “Ikrima va Hasan ibn Abul Hasanlar aytadilar: “Alloh taolo Qur’oni karimdan Makkada nozil qilgan suralari: Alaq, Nun, Muzzammil, Muddassir, Masad, Takvir, A’la, Layl, Fajr, Zuho, Sharh, Asr, Adiyat, Kavsar, Takosur, Ma’un, Kafirun, Fil, Falaq, An-Nas, Ixlos, Najm, Abasa, Qadr, Shams, Buruj, Tin, Quraysh, Qori’a, Qiyomat, Humaza, Mursalat, Qof, Balad, Toriq, Qamar, Sod, Jin, Yasin, Furqon, Malaika(Fotir), Toha, Voqe’a, Shuaro, Naml, Qosos, Isro, Sobi’a (Yunus), Hud, Yusuf, Hijr, An’om, Soffat, Luqmon, Saba, Zumar, G‘ofir, Duxon, Sajda, Shuro, Zuxruf, Josiya, Ahqof, Zariyat, G‘oshiya, Kahf, Nahl, Nuh, Ibrohim, Anbiyo, Muminun, Sajda, Tur, Mulk, Alhaqqo, Ma’orij, Naba, Nazi’at, Inshiqoq, Infitor, Rum va Ankabut suralari.
Madinada nozil bo‘lgan suralar esa: Mutoffifin, Baqara, Oli Imron, Anfol, Ahzob, Moida, Mumtahana, Niso, Zalzala, Hadid, Muhammad, Ra’d, Ar-Rohman, Inson, Taloq, Bayyina, Hashr, Nasr, Nur, Haj, Munafiqun, Mujodala, Hujurot, Tahrim, Sof, Jum’a, Tag‘obun, Fath va Baroat suralari”.
Bayhaqiy: “Ushbu rivoyatda Makkada nozil bo‘lgan Fotiha, A’rof va Maryam suralari tushib qolgan”, deydi.
Ibn az-Zurays quyidagi rivoyatni keltiradi: “Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Agar Makkada bir suraning boshi nozil bo‘ladigan bo‘lsa uni Makkada yozilardi. So‘ng Alloh unga o‘zi xohlagancha ziyoda qiladi. Birinchi nozil bo‘lgan Qur’on oyatlari bu Alaq surasi, so‘ng Nun, so‘ng Muzzamil, so‘ng Muddasir, so‘ng Masad, so‘ng Takvir, so‘ng A’lo, so‘ng Layl, so‘ng Fajr, so‘ng Zuho, so‘ng Sharh, so‘ng Asr, so‘ng Adiyat, so‘ng Kavsar, so‘ng Takosur, so‘ng Ma’un, so‘ng Kafirun, so‘ng Fil, so‘ng Falaq, so‘ng An-Nas, Ixlos, so‘ng Najm, so‘ng Abasa, so‘ng Qadr, so‘ng Shams, so‘ng Buruj, so‘ng Tin, so‘ng Quraysh, so‘ng Qori’a, so‘ng Qiyomat, so‘ng Humaza, so‘ng Mursalat, so‘ng Qof, so‘ng Balad, so‘ng Toriq, so‘ng Qamar, so‘ng Sod, so‘ng A’rof, so‘ng Jin, so‘ng Yasin, so‘ng Furqon, so‘ng Malaika (Fotir), so‘ng Maryam, so‘ng Toha, so‘ng Voqe’a, so‘ng Shuaro, so‘ng Naml, so‘ng Qosos, so‘ng Isro, so‘ng Yunus, so‘ng Hud, so‘ng Yusuf, so‘ng Hijr, so‘ng An’om, so‘ng Soffat, so‘ng Luqmon, so‘ng Saba, so‘ng Zumar, so‘ng G‘ofir, so‘ng Sajda, so‘ng Shuro, so‘ng Zuxruf, so‘ngDuxon, so‘ng Josiya, so‘ng Ahqof, so‘ng Zariyat, so‘ng G‘oshiya, so‘ng Kahf, so‘ng Nahl, so‘ng Nuh, so‘ng Ibrohim, so‘ng Anbiyo, so‘ng Mo‘minun, so‘ng Sajda, so‘ng Tur, so‘ng Mulk, so‘ng Alhaqqo, so‘ng Ma’orij, so‘ng Naba, so‘ng Nazi’at, so‘ng Infitor, so‘ng Inshiqoq, so‘ng Rum, so‘ng Ankabut, so‘ng Mutoffifin suralari. Ushbu suralar Makkada nozil bo‘lgan suralar.
Madinada esa Baqara, so‘ng Anfol, so‘ng Oli Imron, so‘ng Ahzob, so‘ng Mumtahana, so‘ng Niso,so‘ng Zalzala, so‘ng Hadid, so‘ng Muhammad, so‘ng Ra’d, so‘ng Ar-Rohman, so‘ng Inson, so‘ng Taloq, so‘ng Bayyina, so‘ng Hashr, so‘ng Nasr, so‘ng Nur, so‘ng Haj, so‘ng Munafiqun, so‘ng Mujodala, so‘ng Hujurot, so‘ng Tahrim, so‘ng Jum’a, so‘ng Tag‘obun, so‘ng Sof, so‘ng Fath, so‘ng Moida, so‘ng Baroat suralari nozil bo‘ldi”, dedilar”.
Abu Ubayd aytadi: “Ali ibn Abu Talha: “Madinada Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Anfol, Tavba, Haj, Nur, Ahzob, Muhammad, Fath, Hadid, Mujodala, Hashr, Mumtahana, Havoriyyin (Sof), Tag‘obun, Taloq, Tahrim, Fajr, Layl, Qadr, Bayyina, Zalzala va Nasr suralari nozil bo‘ldi. Qolgan suralar Makkada nozil bo‘lgan”, dedi”.
Abulhasan ibn Hassor o‘zining “An-Nosix val-mansux” asarida: “Madinada nozil bo‘lgan suralar yigirmatta, ixtiloflilari o‘n ikkita, bundan boshqalari makkiy suralar ekanligiga ittifoq qilingan”, deydi.
“Al-Itqon fi ulum al-Qur’on”asari asosida
[1]Makkadan Madinaga qilingan hijrat orasidagi shahar nomi.
[2] Abu Hibbonning shayxi Jamoluddin hanafiy.
[3]Madinada tog‘ nomi.
[4]Kitobning asl nusxalarida xuddi shunday keltirilgan ekan. Lekin ulamolar o‘rtasida إِنَّ رَبَّكَ يَعْلَمُ أَنَّكَ تَقُومُ oyati bir oyat ekanligi borasida hech qanday ixtilof yo‘q.
Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.
Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.
Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati