Arab oshxona madaniyati Arabiston yarimorolidan Pireney yarimoroliga qadar o‘z ta’sirini o‘tkazgan.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning eng sevimli taomlari bu Quraysh qabilasining milliy taomi bo‘lgan sarid taomidir. Arab millatining an’anaviy oshxonasi haqida fikr bildirish juda qiyin, sababi turli elatlar va sayyohlarning hissasi katta. Payg‘ambarimiz sevib iste’mol qilgan sarid bugungi kunda ham arablar tomonidan iste’mol qilinadi.
Sizning e’tiboringizga sarid taomining tarkibi va tayyorlanish tartibini keltiramiz:
Masalliqlar:
- uch stakan no‘xot;
- 1.5 kg. kubik shaklida kesilgan qo‘y go‘shti;
- 8 stakan suv;
- 6 piyola mayda to‘g‘ralgan piyoz;
- 2 choy qoshiq ezilgan koriandr (kashnich) urug‘i;
- yarim piyola mayda to‘g‘ralgan yangi kashnich;
- ikki choy qoshiq tmin;
- ikki choy qoshiq qora murch;
- 6 dona tuxum;
- 1 osh qoshiq tuz;
- yarim choy qoshiqda shafran (ikki osh qoshiq suvda damlangan);
- yarim stakan asal;
- 6 dona to‘rtga bo‘lingan lavash (non turi);
Tayyorlash usuli:
No‘xot idishga joylanib, no‘xotni cho‘ktiradigan miqdorda sovuq suv quyilib 1 kunga ivitib qo‘yiladi. Qo‘y go‘shti qozonga solinib, qaynatiladi. Ko‘pmklar olinishi zarur. Shundan so‘ng no‘xot, piyoz, koriandr, tmin, qoramurch solinadi. Qaynab chiqqach olov pasaytiriladi. Tuxum chaqilib, go‘sht va no‘xot yumshoq bo‘lmaguncha bir yarim soat kutiladi. Keyin tuz va shafran solinadi. Qozondan yarim stakan suv olinib unga asal qo‘shib aralashtiriladi. Stakandagi suv qaytib qozonga solinadi. So‘ng uch daqiqa baland olovda qaynatiladi. Lavash non suvga solib yumshatilishi yoki sarid taomi bilan tortilishi mukin.
Bundan tashqari, Islom dinining dastlabki davrlarida Allohning elchisi mansud bo‘lgan Quraysh qabilasi orasida Faludxaj nomli kraxmal va asaldan tayyorlanadigan shirinlik sevib yeyilgani ma’lum.
Zohirshoh Jo‘rayev tayyorladi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati