Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyul, 2025   |   14 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
09 Iyul, 2025, 14 Muharram, 1447

03.11.2017 y. Muloqotlarimiz samimiy bo‘lsin!

02.11.2017   7490   11 min.
03.11.2017 y. Muloqotlarimiz samimiy bo‘lsin!

(“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”)

 Muhtaram azizlar! Barchamizga ma’lumki, bu yil yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlangan. Shu munosabat bilan bugungi juma mav’izamizda o‘zaro muloqotlarimizning samimiy va do‘stona hamda o‘zgalarga yetkazadigan manfaatlarimiz xolis bo‘lishligi haqida suhbatlashamiz.

Dinimizda biz mo‘min-musulmonlarni o‘zaro mehru oqibat bilan hayot kechirmoqligimizga targ‘ib etilgan. O‘z navbatida bu imonning mustahkam bo‘lishligini taqozo etishligi aytilgan. Bu haqda Rasululloh ﷺ shunday marhamat qiladilar:

قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لاَ تَدخُلُونَ الجَّنَةَ حَتَّى تُؤمِنُوا وَلَا تُؤمِنُوا حَتَّى تَحَابُّوا أَوَلاَ أَدُلُّكُم عَلَى شَيءٍ إِذَا فَعَلتُمُوهُ تَحَابَبتُم؟ أَفشُوا السَّلاَمَ بَينَكُم" (رواه الإمام مسلم

ya’ni: Janobi Rasululloh ﷺ dedilar: “To haqiqiy mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kirmaysizlar, to bir-biringizga muhabbatli bo‘lmaguningizcha haqiqiy mo‘min bo‘lmaysizlar. Men sizlarni bir narsaga dalolat qilaymi-ki, agar u ishni qilsalaringiz bir-biringizga muhabbatli bo‘lasizlar? Orangizda salomni keng yoyinglar” (Imom Muslim rivoyati).

Mehr-oqibat musulmonlarni o‘zaro bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlarini, og‘irlarini yengil qilishni, o‘ziga ravo ko‘rgan narsasini boshqaga ham ravo ko‘rishni, hattoki o‘ziga zarur bo‘lgan narsani birodariga ilinishini anglatadi. Mazkur fazilatlarga ega bo‘lgan mo‘minlarni Alloh taolo Qur’oni karimda madh etib shunday degan:

وَيُؤْثِرُونَ عَلَى أَنفُسِهِمْ وَلَوْ كَانَ بِهِمْ خَصَاصَةٌ وَمَن يُوقَ شُحَّ نَفْسِهِ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ

(سورة الحشر9/).

ya’ni: “O‘zlarida ehtiyoj bo‘la turib, (ehson qilishda boshqa muhtojlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o‘z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas ana o‘shalar (oxiratda) najot topuvchidirlar” (Hashr surasi, 9-oyat).

Demak, Alloh taoloning bunday maqtoviga sazovor bo‘lish uchun kishi jamiyatga manfaat yetkazishi, o‘zi yashab turgan jamiyatning koriga yarashi, mahalla va qo‘ni-qo‘shnilaridan o‘z ko‘magini darig‘ tutmasligi, yordamga muhtoj kishilarning hojatini chiqarishi, og‘ir va yengil kunlarida ular bilan birga bo‘lishi lozim bo‘ladi. Zero, ota-bobolarimiz uzoq safarga, masalan, hajga otlanganlarida, avvalo, qo‘ni-qo‘shnilarining roziligini olib, imkoni boricha qiynalganlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berib, shundan so‘ng yo‘lga chiqqanliklari barchamizga ma’lum.

Shuningdek, Alloh taolo sizu biz mo‘min-musulmon bandalarining qalblarimizni O‘zining marhamati ila bir-biriga muhabbatli qilib qo‘ygandir. Qur’oni karimda buning xabarini berib, shunday marhamat qilgan:

(وَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِهِمْ لَوْ أَنفَقْتَ مَا فِي الأَرْضِ جَمِيعاً مَّا أَلَّفَتْ بَيْنَ قُلُوبِهِمْ وَلَكِنَّ اللّهَ أَلَّفَ بَيْنَهُمْ إِنَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ  (سورة الأنفال/63

ya’ni: “Va ularning dillarini (o‘zaro) yaqinlashtirgan zotdir. Agar (Siz) yerdagi (hamma) narsani sarflaganingizda ham (ularning) dillarini (bir-biriga) bog‘lay olmagan bo‘lur edingiz. Lekin Alloh ularning o‘rtasini bog‘ladi. Albatta, U qudratli va hikmatli zotdir” (Anfol surasi, 63-oyat). Boshqa bir oyati karimada esa Alloh taolo biz bandalarini birlikka va hamjihatlikka da’vat etib bunday degan:

(وَاعْتَصِمُواْ بِحَبْلِ اللّهِ جَمِيعًا وَلاَ تَفَرَّقُواْ وَاذْكُرُواْ نِعْمَةَ اللّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ كُنتُمْ أَعْدَاء فَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ فَأَصْبَحْتُم بِنِعْمَتِهِ إِخْوَانًا  (سورة آل عمران/103

ya’ni: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz” (Oli Imron surasi, 103-oyat).

Payg‘ambarimiz  ham ko‘plab hadislarida mo‘min-musulmonlarni bir-biriga birodar ekanligini ta’kidlab o‘tganlar. Jumladan:

(عَنْ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ رضي الله عنه قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَثَلُ الْمُؤْمِنِينَ فِي تَوَادِّهِمْ َتَرَاحُمِهِمْ وَ تَعَاطُفِهِمْ مَثَلُ الْجَسَدِ إِذَا اشْتَكَى مِنْهُ عُضْوٌ تَدَاعَى لَهُ سَائِرُ الْجَسَدِ بِالسَّهَرِ وَالْحُمَّى" (رواه الامام البخاري و الامام مسلم

ya’ni: Nu’mon ibn Bashir r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Mo‘minlarning o‘zaro bir-birlariga nisbatan mehru muhabbat va hamjihatliklarining misoli bir tanaga o‘xshaydiki, undagi bir a’zo og‘risa, tananing boshqa a’zolari bedorlik va isitma bilan unga hamdard bo‘ladilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Muhtaram jamoat! Birodarlik bu shunchaki balandparvoz gap emas, balki ijtimoiy hayotda o‘z isboti va tasdig‘ini topmog‘i lozim bo‘lgan haqiqatdir. Payg‘ambarimiz ﷺ biz ummatlariga ana shunday ahl-inoq birodar bo‘lib yashashimizga sabab bo‘ladigan ishlarga dalolat qilganlar.

Dinimiz mo‘min-musulmonlarni faqat yaxshi ishlarda hamjihatlik qilishga buyuradi. Zinhor yomonlik va gunoh-ma’siyat ishlarda hamkorlik qilishlarini yoqlamaydi, balki bundan qaytaradi. Qur’oni karimda shunday deyilgan:

(وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ  (سورة المائدة2

ya’ni: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz!” (Moida surasi, 2-oyat).

Oyati karimada Alloh taolo insonlarni yaxshilik ustida birlashishga da’vat etmoqda. Demak, musulmon kishilar qayerda savobli, yaxshi ish amalga oshirilayotganini ko‘rsalar, o‘sha ishni bevosita yoki bilvosita bo‘lsada qo‘llab quvvatlashlari, imkoniyati bo‘lsa unga o‘z xissalarini qo‘shishlari lozim bo‘ladi. Shuningdek, gunoh va ma’siyat ishlar amalga oshirilayotgan joyda musulmon kishining qo‘li bo‘lmasligi, balki yomon ishlardan hazar qilmoqligi darkor bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz ﷺning hadislarining birida shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي مُوسَي الأَشعَرِي عَن النَّبِيّ صلى الله عليه وسلم أَنَّهُ قَالَ: "عَلَى كُلِّ مُسلِمٍ صَدَقَةٌ" قَالَ: "أَرَأَيْتَ إِنْ لَمْ يَجِدْ؟" قَالَ: "يَعمَلُ بِيَدِهِ فَيَنفَعَ نَفْسَهُ وَ يَتَصَدَّقَ" قال: "أَرَأَيْتَ إِنْ لَمْ يَستَطِعْ؟" قَالَ: "يُعِينُ ذَا الحَاجَةِ المَلهُوفِ" قَالَ: "أَرَأَيْتَ إِنْ لَمْ يَستَطِعْ؟" قَالَ: "يَأْمُرُ باِلمَعْرُوفِ أَوِ الخَيرِ" قَالَ: "أَرَأَيْتَ إِنْ لَمْ يَفعَلْ؟" قَالَ: "يُمسِكُ عَنِ الشَّرِّ فَإِنَّهَا صَدَقَةٌ" (متفق عليه

ya’ni: Abu Muso Al-Ash’ariy Payg‘ambar ﷺdan rivoyat qilib aytadilar, U zot ﷺ: “Har bir musulmonning zimmasiga sadaqa qilish vojibdir”, – dedilar. Shunda: Agar sadaqa qilishga narsa topa olmasachi? – deb so‘rashdi. “Ishlaydi, shunda o‘ziga ham foyda bo‘ladi, sadaqa ham qiladi”, – dedilar. Agar ishlashga qodir bo‘lmasachi? – deyishdi. “Qiynalgan hojatmandga yordam beradi”, dedilar. Yordam berishga ham yaramasachi? – deb so‘radilar. “Odamlarni yaxshilikka buyuradi”, – dedilar. Agar uni ham qilmasachi? – deyishdi. “U holda o‘zini yomonlik qilishdan tiyadi, shunda sadaqa qilgan bo‘ladi”, – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Xalqimiz orasida keng tarqalgan “savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kuni qilish kerak” degan maqolning purhikmat ma’nosi aynan yuqoridagi hadisning mazmuniga mos keladi. Zero, Alloh taolo bizni tanimizni sog‘, egnimizni but, xonadon va yurtimizni tinch qilib qo‘ygan, bundan boshqa behisob ne’matlarini ato etayotgan ekan, buning shukronasini har kuni hech bo‘lmasa bitta yaxshilik qilish bilan bo‘lsada ado etmoqlikka harakat qilishimiz lozim bo‘ladi.

Azizlar! Dinimiz bizlarni hamjihatlikka, o‘zaro munosabatlarimizni sadoqat va samimiyat asoslariga barpo qilishimizga buyurar ekan, o‘z navbatida xiyonat va munofiqlikdan qaytaradi. Chunki, xiyonat va munofiqlik musulmon kishiga yot illat bo‘lib, ular sababli insonlar bir-birlariga nisbatan ishonchni yo‘qotadilar, natijada o‘rtada ziddiyat va hatto adovat ham paydo bo‘lishi mumkin. Rasululloh ﷺ biz ummatlarini ana shunday insonlar o‘rtasiga nifoq soladigan ishlardan ogohlantirganlar.

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "أَرْبَعٌ مَنْ كُنَّ فِيهِ كَانَ مُنَافِقًا خَالِصًا وَ مَنْ كَانَتْ فِيهِ خَصْلَةٌ مِنْهُنَّ كَانَتْ فِيهِ خَصْلَةٌ مِنْ النِّفَاقِ حَتَّى يَدَعَهَا: إِذَا اؤْتُمِنَ خَانَ  وَ إِذَا حَدَّثَ كَذَبَ وَ إِذَا عَاهَدَ غَدَرَ وَ إِذَا خَاصَمَ فَجَرَ"  رواه الإمام البخاري و الإمام مسلم

ya’ni: Abdulloh ibn Amr r.a.dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar ﷺ dedilar: “To‘rt narsa kimda bo‘lsa, u ayni munofiqdir. Kimda ulardan bittasi bo‘lsa, toki uni tark etmaguncha unda munofiqlik xislati bor bo‘ladi. Ular: omonat berilsa xiyonat qiladi, gapirsa yolg‘on gapiradi, va’dasini buzadi, tortishsa janjallashadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Muhtaram jamoat! Quyida Imom Abu Hanifaning “Fiqhul akbar” kitobida kelgan ba’zi aqidaviy masalalarni bayon qilib o‘tamiz:

- Payg‘ambarlardan keyin odamlarning eng afzali Abu Bakr Siddiq, so‘ngra Umar ibn Xattob, so‘ngra Usmon ibn Affon, so‘ngra Ali ibn Abi Tolib 0 dirlar. Ular haq uzra yashab, haq bilan birga o‘tganlar. Ularning hammasini do‘st tutamiz. Rasululloh ﷺning sahobalaridan hech biriga yomonlikni nisbat bermaymiz, balki yaxshilik bilan yod eturmiz.

- Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi gunohi kabira gunoh bo‘lsa ham, uni halol deb e’tiqod qilmagan bo‘lsa. Undan imon ismini ham olib tashlamaymiz, uni haqiqiy mo‘min deb atayveramiz, uni fosiq mo‘min deb atash mumkin, faqat “kofir” deb emas.

- Oyoq kiyimiga mas'h tortish – sunnat.

- Ramazon oyi kechalarida o‘qiladigan taroveh namozi – sunnat.

- Har qanday solih va fojir mo‘minga iqtido qilib, namoz o‘qish joiz.

- Mo‘min kishining qilgan gunohlari unga zarar qilmaydi, demaymiz. Yana uni do‘zaxga kiritmaydi ham, demaymiz. Lekin u yerda uni abadiy qoldiradi ham demaymiz, hatto u fosiq bo‘lgan taqdirda ham. Ammo dunyodan imonli ketgan bo‘lishi shart.

- Barcha savobli ishlarimiz qabul qilinur yoki gunohlarimiz kechirilur ham demaymiz. Lekin aytamizki, har kim qaysi bir savobli ishni barcha shartlari bilan, uni buzib qo‘yadigan ayblardan xoli holda ado etgan bo‘lsa hamda dunyodan shu holatda o‘tgan bo‘lsa, albatta, Alloh taolo uning yaxshi amallarini zoye ketkazmaydi. Balki uni qabul etadi va unga yarasha savob yozadi. Alloh taolo barchalarimizni bilganlarimizga amal qilib, o‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat bilan umrguzaronlik qilmog‘imizga muyassar aylasin. Omin!

 

Ilova: Muhtaram imom-domla!

Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida topilgan neft konida qaytadan qazish ishlarini olib borilmoqda. Shu munosabat bilan juma namozi so‘ngida olib borilayotgan ushbu qazish ishlarining samarali va barakotli bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab jamoat bilan duo qilishingizni maqsadga muvofiq deb bilamiz.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ilm olish yo‘llari: Muqaddima - 1 son

08.07.2025   6036   1 min.

#Ajdodlar_merosini_o‘rganamiz

Buyuk mutafakkir va faqih Burhoniddin Marg‘inoniyning yetuk shogirdi, hanafiy olim Imom Zarnujiy rahimahullohning "Ta’limul muta’allimi toriqot ta’allumi" kitobi asosida ilm olishning foydalari, odoblari, inson va jamiyat taraqqiyotida ilm-fanning o‘rni haqida so‘z boradi.

Sakkiz asrdan beri ilm ahli, talabalar va ziyolilar orasida keng foydalanib kelinayotgan mazkur asar haqida Alloma Laknaviy rahimahulloh haqida "Ko‘p foydalarga ega, nafis, manfaatli kitob", deya ta’rif bergan.


Abduvohid domla Ahmadaliyev
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi mutaxassisi