Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

“Nega bunisi to‘qqiz yuz yetmish?”

25.10.2017   8673   3 min.
“Nega bunisi to‘qqiz yuz yetmish?”

Bir odam Ka’batullohda turib:

– Ey to‘g‘rilarga yordam etuvchi, haromdan qochganni quruvchi! – deb duo qilayotgan edi.

Unga odamlar “shundan boshqa duoni bilmaysanmi?” deyishdi. Shunda u nega bunday duo qilayotganining sababini quyidagicha izohladi:

– Men Baytul sharifni tavof etarkanman, oyog‘imga tekkan qandaydir narsani egilib oldim. Qarasam, ichi oltinga to‘la hamyon ekan. Shu ondayoq shayton va iymonim mujodala etishni boshladi. “Ming tillo hazilakam pul emas, kam-ko‘stingning butlab olasan”, dedi shayton. Iymonim esa  “bu senga harom, birovning puli, uni ko‘tarib yurma, egasini topib topshir”, dedi. Ana shu mujodala ichida ekanman, qulog‘imga birovning “Shu orada bir oltin to‘la hamyon yo‘qoldi. kim topib olgan bo‘lsa, olib kelsin, o‘ttiz tillo mukofoti bor”, deya chaqirib yurgani chalinib qoldi.

Ming haromdan o‘ttiz halol afzal dedim-da, hamyonni egasiga topshirdim. U xursand bo‘lib menga o‘ttiz tillo sanab berdi. O‘ttiz tilloni cho‘ntakka urib misgarlar bozorini aylanib yurgan edim, bir arab qulning bir tilloga sotilishini eshitib qoldim va shartta uni sotib oldim.

Oradan qanchadir vaqt o‘tib, qulimning yonida bir to‘da arablar paydo bo‘ldi va ular sirli ravishda shivirlasha boshladi. Ajablanib qulimdan nimani gaplashganlarini so‘radim. U yashirib o‘tirmasdan to‘g‘risini aytdi-qo‘ydi: 

– Men mag‘rib sultonining o‘g‘liman. Otam habash sultoni bilan jang qilib mag‘lub bo‘ldi. Dushmanlar meni ham asirga olib bu yerlarga olib kelib sotdilar. Otam bu odamlarga ellik ming tillo berib yubormishlarki, meni sotib olib borsinlar.  Sen menga ko‘p yaxshilik qilding, o‘z farzandingdek mehribon bo‘lding. Men sendan juda ham mamnunman. Ular meni sotib olmoqchi bo‘ladilar; hech ham kamiga rozi bo‘lma, ellik ming tilloga sot meni.

Uning aytganidek bo‘ldi. Qulimni ellik ming tilloga sotdim. Shu qadar katta pulga xiyla mol olib Bag‘dodga bordim. U yerda bir do‘kon ochdim-da, mollarimni sota boshladim. Kunlarning birida bir tanishim kelib, u yoq, bu yoqdan gaplashib o‘tirdi-da, “Mashhur bir tujjor bor edi, vafot etdi. Oy kabi go‘zal qizi yetim qoldi. Yur senga o‘sha qizni so‘rab boramiz”, deb qoldi. Men ham rozi bo‘ldim. Qizning vasiylariga ham ma’qul bo‘ldim va qizni nikohimga oldim. 

Uydagi javonga terib qo‘yilgan sandiqchalar ichida oltinga to‘la hamyonlar bor edi. Ularning hammasining ustiga “ming oltin” deb yozilgan, faqat bittasining ustida “to‘qqiz yuz yetmish” deb yozib qo‘yilgan edi. Nega bundayligini so‘raganimda qizgina:

– Otam shu hamyonni Harami sharifda yo‘qotib qo‘ygan ekan. Bir halol odam topib olib qaytarib beribdi. Otam o‘sha odamga suyunchi deb o‘ttiz tanga beribdi, qolgani shu, ichidagilar, – dedi.

Uning gaplarini eshitib Alloh taologa hamdu sanolar aytib, shukrlar qildim. Zero, bularning hammasi to‘g‘rilikning, ozgina yaxshilikning behisob barokati edi. Bo‘lgan voqealarni qizginaga batafsil so‘zlab berdim, baxtiyorligimiz yanada ziyoda bo‘ldi...

 Turkchadan Damin JUMAQUL tarjimasi

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Holva” degan bilan...

15.09.2026   4769   2 min.
“Holva” degan bilan...

Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:

1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).

2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.

3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.

Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi

Maqolalar