Bir odam Ka’batullohda turib:
– Ey to‘g‘rilarga yordam etuvchi, haromdan qochganni quruvchi! – deb duo qilayotgan edi.
Unga odamlar “shundan boshqa duoni bilmaysanmi?” deyishdi. Shunda u nega bunday duo qilayotganining sababini quyidagicha izohladi:
– Men Baytul sharifni tavof etarkanman, oyog‘imga tekkan qandaydir narsani egilib oldim. Qarasam, ichi oltinga to‘la hamyon ekan. Shu ondayoq shayton va iymonim mujodala etishni boshladi. “Ming tillo hazilakam pul emas, kam-ko‘stingning butlab olasan”, dedi shayton. Iymonim esa “bu senga harom, birovning puli, uni ko‘tarib yurma, egasini topib topshir”, dedi. Ana shu mujodala ichida ekanman, qulog‘imga birovning “Shu orada bir oltin to‘la hamyon yo‘qoldi. kim topib olgan bo‘lsa, olib kelsin, o‘ttiz tillo mukofoti bor”, deya chaqirib yurgani chalinib qoldi.
Ming haromdan o‘ttiz halol afzal dedim-da, hamyonni egasiga topshirdim. U xursand bo‘lib menga o‘ttiz tillo sanab berdi. O‘ttiz tilloni cho‘ntakka urib misgarlar bozorini aylanib yurgan edim, bir arab qulning bir tilloga sotilishini eshitib qoldim va shartta uni sotib oldim.
Oradan qanchadir vaqt o‘tib, qulimning yonida bir to‘da arablar paydo bo‘ldi va ular sirli ravishda shivirlasha boshladi. Ajablanib qulimdan nimani gaplashganlarini so‘radim. U yashirib o‘tirmasdan to‘g‘risini aytdi-qo‘ydi:
– Men mag‘rib sultonining o‘g‘liman. Otam habash sultoni bilan jang qilib mag‘lub bo‘ldi. Dushmanlar meni ham asirga olib bu yerlarga olib kelib sotdilar. Otam bu odamlarga ellik ming tillo berib yubormishlarki, meni sotib olib borsinlar. Sen menga ko‘p yaxshilik qilding, o‘z farzandingdek mehribon bo‘lding. Men sendan juda ham mamnunman. Ular meni sotib olmoqchi bo‘ladilar; hech ham kamiga rozi bo‘lma, ellik ming tilloga sot meni.
Uning aytganidek bo‘ldi. Qulimni ellik ming tilloga sotdim. Shu qadar katta pulga xiyla mol olib Bag‘dodga bordim. U yerda bir do‘kon ochdim-da, mollarimni sota boshladim. Kunlarning birida bir tanishim kelib, u yoq, bu yoqdan gaplashib o‘tirdi-da, “Mashhur bir tujjor bor edi, vafot etdi. Oy kabi go‘zal qizi yetim qoldi. Yur senga o‘sha qizni so‘rab boramiz”, deb qoldi. Men ham rozi bo‘ldim. Qizning vasiylariga ham ma’qul bo‘ldim va qizni nikohimga oldim.
Uydagi javonga terib qo‘yilgan sandiqchalar ichida oltinga to‘la hamyonlar bor edi. Ularning hammasining ustiga “ming oltin” deb yozilgan, faqat bittasining ustida “to‘qqiz yuz yetmish” deb yozib qo‘yilgan edi. Nega bundayligini so‘raganimda qizgina:
– Otam shu hamyonni Harami sharifda yo‘qotib qo‘ygan ekan. Bir halol odam topib olib qaytarib beribdi. Otam o‘sha odamga suyunchi deb o‘ttiz tanga beribdi, qolgani shu, ichidagilar, – dedi.
Uning gaplarini eshitib Alloh taologa hamdu sanolar aytib, shukrlar qildim. Zero, bularning hammasi to‘g‘rilikning, ozgina yaxshilikning behisob barokati edi. Bo‘lgan voqealarni qizginaga batafsil so‘zlab berdim, baxtiyorligimiz yanada ziyoda bo‘ldi...
Turkchadan Damin JUMAQUL tarjimasi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati