Diniy bag‘rikenglik namunalarini yurtimizda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimiz hayotida ham ko‘plab ko‘rishimiz mumkin. Ayrimlarini misol tariqasida keltiradigan bo‘lsak, buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning qo‘shini ichida yahudiy va yana boshqa dinga mansub askarlarning ham xizmat qilgani yoki Sohibqironning o‘g‘illaridan Mironshoh Fransiya, Ispaniya va Angliya kabi davlatlar bilan diplomatik aloqalarga mas’ul etib tayinlangani fikrimiz tasdig‘idir. Hindiston xalqi bugungi kungacha Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlarini xurmat bilan yodga oladi. Sababi boburiyzodalar davlatni diniy bag‘rikenglik asosida boshqargan edilar.
Tinchlik va osoyishtalikni saqlash shu kunning dolzarb vazifasi bo‘lib turibdi. Alloh taolo: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling, gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang!” degan (Moida surasi, 2-oyat). Hozirgi O‘zbekiston hududida hanafiy mazhabining qaror topishi bejiz emas edi. Zero, Imom A’zam o‘zga dinlar va mahalliy urf-odatlarga nisbatan erkinlik berishi bilan ajralib turadi. Hanafiylik ta’limotini takomilga yetkazgan vatandoshlarimiz – al-Moturidiy, Abul-Mu’in an-Nasafiy va al-Marg‘inoniy kabi allomalar musulmonlar orasidagi g‘oyaviy tarafkashliklikka barham berish, islom dinining “ahli sunna va-l-jamoa” yo‘li barqaror bo‘lib qolishiga katta hissa qo‘shdilar. Diyorimizdan yetishib chiqqan allomalar asarlarida diniy bag‘rikenglik bilan bog‘liq qadriyatlar targ‘ib qilingan g‘oyalarni uchratamiz. Buyuk alloma, moturidiya aqidaviy yo‘nalishi asoschisi Abu Mansur al Moturidiy (870 944) asarlarida bayon etilgan bag‘rikenglik g‘oyalari bunga misol bo‘la oladi. Jumladan, Moturidiy Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan “Ta’vilot ahli sunna” asarida Haj surasining 40-oyatini tafsir qilar ekan, “Cherkov va sinagogalarni vayron etish man’ etiladi. Shuning uchun ham, musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ilm ahli orasida ixtilof yo‘qdir”, deb qat’iy ta’kidlaydi. Samarqandlik faqih, mufassir Abu Lays as-Samarqandiy (vaf. 1003 y.) esa o‘zining “Bahr al ulum” degan tafsir kitobida Qur’ondagi Mumtahana surasining 8, 9-oyatlari sharhida “Sizlar bilan dinda urush qilmagan o‘zga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”, deb yozadi. Movarounnahrlik yana bir mashhur faqih, mufassir Abul Barakot an- Nasafiy (vaf. 1310 y.) o‘zining islom olamida ma’lum va mashhur “Madorik at tanzil” asarida mazkur oyatlarni “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating hamda ularga so‘zda va amalda yaxshilik qiling”, deb sharhlaydi. Al Moturidiy nasroniylar musulmonlarga qalbi moyilroq, do‘stona munosabatga yaqin ekanini aytib o‘tgan bo‘lsa, Abul Barakot an-Nasafiy nasroniylar musulmonlarga dili yaqin ekanini, ular orasida tavozeli, kamtar “qissis va rohib” ya’ni, olim va obidlar bor, deya ta’riflab, ilm kimda bo‘lishidan qat’i nazar, u albatta yaxshilikka yetaklashini alohida ta’kidlaydi. Shayx Ahmad Yassaviy (1105-1166) ham o‘z hikmatlarida g‘ayridinlarga yaxshi munosabatda bo‘lishni uqtirgan, “Sunnat ermish, berma ozor kofir bo‘lsa,/Ko‘ngli qottig‘ dilozordan xudo bezor”.
Burhoniddin al Marg‘inoniy (1123-1197) o‘zining “Hidoya” asarida musulmonlar diyorida cherkov va ibodatxonalar buzilib ketgan bo‘lsa, ularni o‘z joyida yana qayta tiklash mumkinligini alohida aytib o‘tgan. Yurtimiz allomalari tomonidan yaratilgan islom manbalarida diniy bag‘rikenglikka oid bu kabi matnlarni ko‘plab topish mumkin. Shu nuqtayi nazardan, o‘zga din vakillari bilan yonma-yon yashab kelgan xalqimizda diniy bag‘rikenglik faqat zarurat keltirib chiqargan ehtiyoj emas, balki hayot tarziga singib ketgan o‘ziga xos fazilat ekanini ko‘rishimiz mumkin.
Robiya SAIDXANBALIYEVA,
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir g‘amgin kishi donishmandning huzuriga kelib: “Ayting-chi, meni qiynayotgan bu g‘am–tashvishlardan qutilishning biror chorasi bormi?" deya dardini doston qildi. Shunda donishmand: “Avval mening ikki savolimga javob ber”, dedi. Birinchidan: “Sen dunyoga kelgan vaqtingda seni qiynayotgan shu muammolar bor edimi?”. Haligi kishi: “Yo‘q”, deb javob berdi.
“Dunyodan ketar vaqtingda shu g‘am tashvishlarni o‘zing bilan olib ketasanmi?” deb ikkinchi savolni so‘radi donishmand. U yana: “Yo‘q”, dedi.
Ulamolarimiz: “Mo‘min ikki holatning orasida yashaydi. Biri yengillik, ikkinchisi qiyinchilik. Agar bilsa, ularning har ikkisi ham “ne’mat”dir. Chunki yengillikda shukr qilish ajru mukofotlarga sabab bo‘ladi: «Alloh shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlagay» (Oli Imron surasi, 144-oyat).
Qiyinchilikda esa sabr qilish imkoni bor. Alloh taolo sabr qiluvchilarga dunyoyu oxirat mukofotlarini beradi: «Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur» (Zumar surasi, 10-oyat).
Agar baxtli hayot kechirishni istasang, hamma narsani taftish qilaverma. Chunki qimmatbaho toshlar bilan shug‘ullanuvchilar olmosni hadeb tahlil qilavergach, uning asli ko‘mir ekanini aniqladilar.