18 oktyabr
Poytaxtdagi Simpoziumlar saroyida ish boshlagan “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjumanda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Irlandiya, Germaniya va boshqa davlatlar hamda diniy konfessiyalarning rahbarlari, olimu ulamolari ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalari rahbarlari anjuman ishtirokchilariga tabrik yo‘llashdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida, jumladan, bunday deyiladi:
“Qadrli do‘stlar! "Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida" xalqaro konferensiyasi islom dinining asl qadriyatlarini asrab-avaylash, musulmon davlatlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, ularning ravnaq topishi va farovonlikka erishishdek ezgu maqsad yo‘lida xizmat qilishiga ishonaman”.
19 oktyabr
Mehmonlar Hazrati Imom majmuasiga ziyoratga kelib O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Hazrati Imom jome masjidi bilan tanishdilar. so‘ngra Hazrati Usmon Mus'hafini, Baroqxon madrasasini, Qaffol Shoshiy va Ziyovuddin Eshon Boboxon mangu qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat qildilar. Toshkent Islom institutiga, “Minor” jome masjidiga bordilar. Kunning eng muhim voqeasi xorijlik mehmonlarning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi bo‘ldi.
20 oktyabr
Mehmonlar muftiy hazrat boshchiligida Samarqandga borib Imom Buxoriy hazratlarini, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabrini, Hazrat Doniyor maqbarasini ziyorat qilishdi. Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi bilan tanishdi. Siyob bozoriga, Go‘ri Mir maqbarasiga, Registon maydoniga yo‘l oldilar bu tabarruk makonda yotgan ulug‘larning ruhlariga bag‘ishlab tilovatlar qildilar.
21 oktyabr
Mehmonlar Buxoroi sharifdagi Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti va oliy madrasaga, Bahouddin Naqshband majmuasiga bordilar. So‘ngra Buxoroi sharifning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilib, shahar aholisi bilan suhbatlar qurdilar.
22 oktyabr
"Islom hamjihatligi: O‘zbekiston – Ozarbayjon misolida” xalqaro anjuman ishtirokchilarining O‘zbekistonga qilgan tashrifi yakuniga yetdi. Ular azim Buxorodan Baku shahriga olam-olam taassurotlar bilan jo‘nab ketishdi. Mehmonlarni Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari kuzatib qolishdi.
Anjuman haqida xorijiy internet saytlari nimalarni yozmoqda?
islam.ru
“Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjumanga O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Ozarbayjon diniy tashkilotlar bilan ishlash boshqarmasi va Kavkaz musulmonlari idorasi tashkilotchilik qildi.
Anjuman ishida tashkilotchi davlatlar – O‘zbekiston va Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi va boshqa xorijiy davlatlarning diniy arboblari, ilmiy soha vakillari, Fanlar akademiyasi olimlari va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Anjumanga faxriy mehmon sifatida Dog‘iston Respublikasi muftiysi o‘rinbosari Ahmad Kaxayev, Rossiya musulmonlari jamiyati raisi Albir Krganov, Stavropol o‘lkasi muftiysi Muhammad hoji Rahimov va boshqalar qatnashdi.
Anjumandan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad – islomiy qadriyatlarni e’zozlash, diniy muloqotlar va islomiy hamjihatlikni yangi bosqichga olib chiqish, hozirgi davrdagi xatarlarga o‘z munosabatlarini ma’lum qilishdan iborat edi.
Anjuman o‘z ishini yalpi majlis va guruhlarga bo‘lingan holda davom ettirdi. Unda O‘zbekiston asrlar davomida diniy ma’rifatni shakllantirish, islomiy qadriyatlarni targ‘ib etish, dinlar va madaniyatlararo aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgani ta’kidlandi.
T.C. Başbakanlık
Diyanet İşleri Başkanlığı
Turkiya Respublikasi Diniy boshqarmasi raisi professor, doktor Ali Erbash “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjumanda qatnashish uchun O‘zbekiston poytaxti Toshkentga bordi. Doktor Ali Erbash safarning ikkinchi kunidan mo‘tabar joylarni ziyorat etishni boshladi.
U Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Ollohshukur Poshshozoda va boshqa mehmonlar bilan birgalikda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimovning ziyorati uchun uning qarorgohiga bordi.
Bir ozdan so‘ng hammasi birgalikda O‘zbekistonning bosh masjidi – Hazrati Imom masjidini va Hazrati Usmon Mus'hafini ziyorat etishdi.
Doktor Ali Erbash Toshkent islom institutiga ham tashrif buyurib talabalar bilan suhbatlashdi.
O‘zbekiston poytaxti Toshkentda “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi...
Anjumanda Osetiya muftiysi Hojimurod Gatsalov ishtirok etdi.
Anjumanning asosiy maqsadi – islomiy qadriyatlar, dinlararo muloqot va islomiy birdamlik an’analari, shuningdek, hozirgi vaqtdagi tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish masalalaridir.
Anjuman doirasida yalpi majlis va guruhlarga bo‘lingan yig‘ilishlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston asrlar mobaynida ma’naviyatni yuksaltirish, diniy madaniyatni shakllantirish, ko‘p madaniyatli muhitni barqarorlashtirish, dinlar va madaniyatlararo muloqotni o‘rnatish, islomiy qadriyatlarni targ‘ib etishga katta hissa qo‘shib kelayotgani ta’kidlandi.
Bugungi kunda ushbu masalalar har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgani bois mazkur anjumanning o‘tkazilishi dolzarb ekani qayd etildi.
Qirg‘iziston musulmonlari idorasining rasmiy sayti MUFTIYAT.KG.
O‘zbekiston poytaxti Toshkentda “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjumanga Qirg‘iziston Respublikasi muftiysi Maksatbek Toktomeshov taklif etildi.
Anjuman Markaziy Osiyo mamlakatlari diniy idoralarining zamonaviy muammolar bo‘yicha yagona pozitsiyasini shakllantirish, terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashish yuzasidan tajriba almashish, musulmonlik muhitida ushbu hodisalarning oldini olish bo‘yicha amaliy uslublarni muhokama qilish va takomillashtirish, yoshlar tarbiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish, buning uchun aloqalarni yanada kengaytirish, diniy bag‘rikenglik, yaxshi qo‘shnichilik, mo‘tadil islomni shakllantirishning an’anaviy qadriyatlarini ilgari surish masalalaridir.
Qozog‘iston musulmonlari idorasining rasmiy sayti muftyat.kz
O‘zbekiston poytaxti Toshkentda “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuidagi ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjuman doirasida Qozog‘iston Respublikasi musulmonlari idorasi raisi, oliy muftiy Erjan Malgajo‘g‘li O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida taraflar ikki davlat o‘rtasidagi diniy va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar. Oliy Muftiy Erjan hoji Malgajo‘g‘li O‘zbekiston va Qozog‘iston diniy arboblari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish Markaziy Osiyo dini maktabining yangilanishi bo‘lishini aytdi. Ushbu maktab hanafiy mazhabidagi musulmon qardoshlarning tajriba almashishi, ustoz-shogirdlik munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarishi, shu asnoda turli diniy oqimlarning asossiz da’volariga asosli javoblar beradigan maktab bo‘lishiga ishonishini ma’lum qildi. Ikki qo‘shni mamlakat talabalarini hamkorlikda o‘qitish O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ilmiy va amaliy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, dedi u.
Shuningdek, Erjan hoji Malgajo‘g‘li aqidaviy va fiqhiy masalalar yuzasidan fatvo berishning umumiy bazasini yaratishni taklif qildi. Usmonxon Alimov hazratlari ushbu fikrni qo‘llab-quvvatladilar.
Damin JUMAQUL tayyorladi
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati