Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447

Anjuman ishtirokchilari azim Buxoroda (Fotolavha)

21.10.2017   5083   5 min.
Anjuman ishtirokchilari azim Buxoroda (Fotolavha)

 

Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston-Ozarbayjon misolida” xalqaro ilmiy-amaliy anjumani ishtirokchilarini diyorimizning eng mo‘tabar maskanlari bo‘lgan Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlari  bo‘ylab, aziz-avliyolar xoki poklari qo‘nim topgan joylarni ziyorat qilishga taklif qilgan edilar.

Muftiy hazratlarining takliflariga binoan e’tiborli mehmonlar kuni kecha poytaxtdagi mo‘tabar joylarni ziyorat qildilar hamda ularni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qabul qildilar.

Kecha tongdan mehmonlar muftiy hazrat boshchiligida «Afrosiyob» tezyurar poyezdiga o‘tirib Samarqandga qarab yo‘lga tushgan edi. Ular kunning birinchi yarmida Samarqandga yetib borishdi. Ularni viloyat rahbarlari va olimu ulamolari, navqiron yoshlar hamrohligida katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Nufuzli mehmonlar “Registon plaza» mehmonxonasiga joylashdi va Imom Buxoriy hazratlarining ziyoratiga kelib, juma namozini ushbu muborak maskanda o‘qidilar. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabrini, Hazrat Doniyor maqbarasini ziyorat qilishdi. Mirzo Ulug‘bek rasadxonasiga borgan  mehmonlar  rasadxonaning naqadar puxta ilmga asoslangan holda qurilganiga yana bir bor iqror bo‘lib, ulug‘ bobokalonimizning zakosiga qoyil qolganini izhor etdilar. Bu makonda ne-ne buyuk olimlar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgani, ularning bebaho ilmiy merosini topib o‘rganish masalasida astronom olimlarga ko‘mak berish zarurligi to‘g‘risida fikr almashdilar.

Siyob bozoriga tashrif buyurgan mehmonlar sarxil mevalarni ko‘rib ularni yetishtirgan bobodehqonlarning haqlariga duolar qilishdi. Bozor ahli bilan dildan suhbatlashdilar.

Bozordan chiqib Go‘ri Mir maqbarasiga, Registon maydoniga yo‘l oldilar bu tabarruk makonda yotgan ulug‘larning ruhlariga bag‘ishlab tilovatlar qildilar.  Shuning bilan ularning Samarqand shahridagi diqqatga sazovor joylar bo‘ylab uyushtirgan ziyoratlari yakunlandi.

Anjuman ishtirokchilari bugun Buxoroga borib “Grant Buxoro” mehmonxonasiga joylashib, bir oz hordiq chiqarganlaridan so‘ng Mir Arab madrasasiga bordilar. Zero, ularning ko‘plarining ana shu madrasa bilan bog‘liq go‘zal xotiralari bor. Ular ushbu madrasada o‘qib, ilm olgan, umrining gullagan davrini – yoshlik yillarini ana shu muazzam maskanda o‘tkazgan. Ularning o‘zlari bu joyni “O‘zbekiston – ikkinchi vatanim, Buxoro – ona shahrim” deb e’zozlaydi.

Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti va oliy madrasa ustoz-mudarrislari va talabalari bilan dildan suhbat qurgan mehmonlar ularga o‘zlari o‘qigan davr sharoiti, muhtaram ustozlari, kursdosh do‘stlari haqida ibratli va qiziqarli xotiralarni so‘zlab berdilar. Shu asnoda go‘yoki ularning o‘zlari ham yoshlik davriga qaytgandek bo‘ldi.

Qalblarida g‘ayrat-shijoati, ko‘zlarida ustodlarga samimiy muhabbati aks etib turgan talabalar Bahouddin Naqshband majmuasiga bormoqchi bo‘lgan mehmonlarni ancha yo‘lga kuzatib bordilar.

Bahouddin Naqshband hazratlarining ziyoratiga kelgan mehmonlar u zotning haqqiga duo qilganlaridan so‘ng bu joyni shunday obod va ko‘rkam maskanga aylantirgan zotlarning ham haqlariga duo qildilar.

Damin JUMAQUL


Konferensiya ishtirokchilari «Bahouddin Naqshband" majmuasida 

 Mehmonlar «Mir Arab» madrasasida 

Mehmonlar «Mir Arab» oliy madrasasida 


 

Hurmatli muxlislar, "Islom hamjihatligi: O‘zbekiston – Ozarbayjon misolida” xalqaro anjuman ishtirokchilarining O‘zbekistonga qilgan tashriflari o‘z yakuniga yetdi. Ular bir necha daqiqa oldin azim Buxoro shahridan Baku shahriga olam-olam taassurotlar bilan jo‘nab ketishdi. Ularni  Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev, Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari kuzatishdi. Aziz mehmonlarimizga oq yo‘l tilaymiz! 

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar

Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

23.07.2025   1043   3 min.
Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

Hasan Basriy rahimahulloh Robbiga osiylik qilayotgan bir jamoani ko‘rdilar va ularga qarata bunday dedilar: “Alloh taoloning nazdida xor bo‘lishdi va U Zotga osiy bo‘lishdi. Bordi-yu, ular Alloh uchun qadrli bo‘lganlarida, Alloh ularni gunohdan saqlagan bo‘lur edi”.

Demak, Alloh taolo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa, uni gunohlardan saqlab qo‘yar ekan. Birortamiz gunoh qilib, Allohni unutib, Robbining nazdida haqir banda bo‘lishni istaymizmi?! Albatta, yo‘q! 

Nafsingiz sizni gunohga chorlagan paytda qilayotgan ishingizning oqibati haqida o‘ylang hamda Alloh taolo sizni ko‘rib turganini his eting. O‘zingizga o‘zingiz shu savolni bering: “Seni hurmatlab e’zozlovchi biror kim shu holingda ko‘rib qolsa, undan uyalgan bo‘larmiding?! Qanday qilib Robbing bo‘lmish Alloh taolodan uyalmaysan?!”.

Nafsingizga: “Sen ertaga boshingga bu gunohlarning balosi urishi va sharmanda bo‘lishdan omondamisan?” deng. Bir narsani yodingizdan chiqarmangki, siz qanday gunoh qilishingizdan qat’i nazar, Allohning ato etgan ne’matlaridan foydalangan holingizda gunohga qo‘l urgan bo‘lasiz. Alloh taolo sizga bergan, siz u bilan haromga nazar tashlayotgan ko‘zingizning o‘zi qancha ne’mat?! Haromga cho‘zayotgan qo‘lingizning o‘zi aslida qancha ne’mat?! Qanchadan-qancha talaffuzi halol bo‘lmagan narsalarni tilingizda aylantirasiz. Ato etilgan ne’matlar ila gunoh qilishingiz ne’mat ato etguvchi Zotga nisbatan minnatdorchilikmi, shukrmi?!

Zimiston tunda tosh ostidagi chumolini ko‘ra olgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi, buni yodingizdan chiqarmang!

Hikoyat. Bir kuni bir erkakka begona ayol bilan birga xilvatda qolishni shayton ziynatli qilib ko‘rsatibdi. Ayolning yoniga kirganida ko‘zlari olayganicha unga qarab: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” – debdi. Ayol: “Yo‘q, Allohdan boshqasi ko‘rmayapti”, debdi. Shu payt erkakning ko‘zlari yoshlanib: “Xudo haqqi, ko‘rayotganlar ichida Robbim buyukdir! Mabodo meni biror kichikroq bola ko‘rib turgan bo‘lsa-da, uning oldida bunaqangi ish qilishga jur’atim yetmaydi-yu, qanday qilib olamlar Rabbi bo‘lgan Zot ko‘rib turgan bo‘lsa, men bu kabi gunoh ishni qila olaman?!” – debdi va ayolning uyidan chiqgani holda Alloh taoloning: «(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni, qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur»[1], degan kalomini eslabdi.

Shoir aytadi:

Xilvat bir go‘shada qolsang-da yuz yil,
Holing ko‘rib turgan Xudo bor, bilgil. 

Oshkoru yashirin – baridan voqif,
Alloh hech ishingdan emasdir g‘ofil.

Gunohkorga qilayotgan ishi qanchalik kichik, arzimasdek ko‘rinsa-da, Allohning nazdida qilgan gunohi kattalashib boraveradi.

Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadilar: “Bandaning gunohni kichik deb hisoblashi – bu uning Allohga bo‘lgan jur’atidan. Boisi, banda ma’siyatni kichik deb hisoblasa, gunohga bepisand qaraydi, qalbida uni yengil qabul qiladi va gunohlarining ko‘payishidan parvosi falak ham bo‘lmaydi”.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu ham bu borada shunday dey­dilar: “Musulmon odam bir tog‘ning ostida turibman-u, mana shu tog‘ boshimga qulab ketay deyapti, deya gunohlarini tasavvur qilgan odamdir. Fojir esa gunohlarni burniga qo‘nib, keyin tezda uchib ketgan pashsha deya hisoblaydi”. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  G‘ofir surasi, 19-oyat.