Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Qilingan ezgu amal va yaxshiliklar yomon falokatu-halokatlar (xunuk va noxush o‘lim topish) saqlagay! Maxfiy qilingan sadaqa Alloh taoloning g‘azabini (bir rivoyatda “suv olovni o‘chirgani kabi” qo‘shimchasi ham bor) o‘chirgay! Silai rahm (qarindoshlik aloqalarini bog‘lash) umrga ziyodalik (bag‘ishlovchi)dir! (bir rivoyatda “va faqrlikdan saqlaydi” degan qo‘shimchasi ham bor). Har bir yaxshilik sadaqadir. Dunyoda yaxshilik qiluvchilar, Oxiratda ham yaxshilik ahli (qatorida) bo‘ladilar. Bu dundyoda yomonlik ahli (yomon ish qiluvchi) bo‘lganlar, Oxiratda ham yomonlik ahli (qatorida) bo‘ladilar! Jannatga birinchi bo‘lib kiruvchi (jamoa ham) yaxshilik ahlidirlar! (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ibn Abbos (roziyallohu anhu): “Yaxshilik qiluvchi dunyoda hargiz toyilmas, toyilsa ham, albatta, suyanchiq topa olur”, degan.
Ibn Munkadirdan “Amallarning qaysi biri eng afzal?” deb so‘radilar. Shunda: “Mo‘minning qalbiga xursandlik kiritish”, dedi. So‘ngra: “Dunyoda eng sevimli ishingiz nima?” deb so‘rashganda, u yana: “Yoru-do‘stlarga fazl qilish: ularga ham moddiy, ham jismoniy ko‘makchi bo‘lish”, deb javob berdi.
Vahb ibn Munabbih: “Dunyoda eng yaxshi hayot kechiruvchi kishi – yashash sharoitini yaxshilash bilan bir qatorda boshqalarning turmushini ham yaxshilash payida bo‘luvchi kishidir. Dunyoning eng lazzatli narsasi – yoru-do‘stlarga fazl qilishdir”, deb aytgan.
Shoir Abul Atohiya o‘z she’rida bunday degan:
Qo‘lingdan kelgancha qilib yaxshilik,
Birodaring g‘amlarin arituvchi bo‘l!
Mard yigitning eng yaxshi kuni axir,
Hojatlarni ravo qilgan kunidir!
Bahodir BAHROMJON o‘g‘li
“Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta
maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Shu yil 5 iyun kuni - hijriy zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni ziyoratchilarimiz Mino vodiysidan erta tongdan guruh-guruh bo‘lib zamonaviy avtobuslarda Arafot maydoniga yetib kelishdi. Ushbu muborak joyda hamyurtlarimiz uchun alohida ajratilgan joyda barcha tayyorgarliklar hozirlab qo‘yilgan.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Alloh taolo barcha hojilarning hajlarini mabrur, elu yurt haqqiga qilgan duolarini qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati