Nurafshon yurtimizda ustoz va murabbiylar bayrami katta shodiyonalar bilan o‘tgan bo‘lsa-da, uning shukuhi hali ham yurt bo‘ylab kezib yuribdi.
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham ustoz va murabbiylarga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov kirish so‘zi bilan ochib, yurtimizda ustozu murabbiylarga, olimu ulamolarga yuksak ehtirom ko‘rsatilayotgani, Prezidentimizning BMT Bosh assambleyasi minbarida Imom Buxoriy nomini katta ehtirom bilan tilga olganining o‘ziyoq olimlarning hurmati naqadar buyukligi ifodasi ekaniga qisqacha to‘xtalib o‘tdilar.
Buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosini, ibratli hayot yo‘llarini teran tadqiq etib, ularning boy tafakkuri sarchashmalaridan xalqimizni bahramand etishga, yosh avlodni sof islom aqidasi bilan tanishtirishga, ularda vatanparvarlik fazilatini rivojlantirishga, xalqimiz ma’naviyati yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoiy olim Ubaydullo Uvatov va xalqimizni mumtoz adabiyotimiz vakillari ijodi bilan tanishtirishga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan shoir va mutarjim Mirzo Kenjabek O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Faxriy yorliq hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining yana bir fazilati borki, bu idorada mehnat qilgan har bir insonga hurmat-e’tibor ko‘rsatiladi.
Uzoq yillar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolariga samimiy ixlos ila beminnatu beg‘araz xizmat qilib, ularning olisini yaqin, mushkulini oson qilishda yordamchi bo‘layotgan, demakki, muqaddas dinimiz ravnaqiga, ilmu ma’rifatning yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi va jonkuyar haydovchilar Ortiqboy Hiloliddinov, Murodhoji Rasulov, Saidahrorhoji Siddiqxo‘jayevlarga yarim asrlik samarali mehnatidan so‘ng izzat-ikrom ko‘rsatilib kuzatildi. Ularga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi Tashakkurnoma izhor qilib hamda pul mukofoti bilan taqdirlab savobi ulug‘ ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoldi.
Damin JUMAQUL
Savol: Men haydovchilik qilaman. Ba’zilar menga ma’lum miqdorda pul berib, uni boshqa shahardagi odamga yetkazishimni so‘rashadi. Shu puldan avval o‘zim foyda ko‘rib, so‘ng aytilgan odamga to‘liq qilib yetkazsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu ish joiz emas. Chunki bu omonatga xiyonat qilish hisoblanadi. Omonatga olingan puldan faqat egasi rozi bo‘lsagina ishlatish mumkin. Ammo egasi rozi bo‘lmasa, yoki egasiga bildirmay ishlatilsa, bu xiyonat sanaladi. Omonatga xiyonat qilish esa, katta gunoh va munofiqning belgilaridan biridir. Bu haqda faqih Nizomiddin Shoshiy rahimahulloh shunday zikr qiladilar:
“Omonatdor, vakil va g‘osib (birovning molini zo‘rlik bilan olgan kimsa)lar molning ayni o‘zini o‘zlarida olib qolib, uning mislini (qiymatini) to‘lashlari mumkin emasdir” (“Kitabul-xamsiyn” kitobi).
Shuningdek, alloma Ibn Nujaym rohimahulloh shunday naql qiladilar: “Omonatga olingan buyum boshqa kishiga na omonatga beriladi, na qarzga (bepul foydalanish uchun) beriladi, na ijaraga beriladi va na garovga qo‘yiladi. Agar omonatdor ulardan birortasini qilsa, javobgar bo‘ladi” (“Al-Bahrur-roiq” kitobi).
Xulosa qilib aytganda, haydovchilarning yuqoridagi birovning omonatidan beruxsat foydalanishlari va undan daromad ko‘rishlari shar’an joiz emasdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.