Bu yorug‘ olamda muallim kabi o‘zligidan kechib, o‘zgani kamolga yetkazishga tayyor bo‘lgan fidoyi kasb egasi topilmasa kerak. Tan olaylik, hech bir kishi shogirdining baxt-saodati va toleidan ustozi kabi xursand bo‘lmaydi, qalbi quvonchga to‘lmaydi. Muallim siyrati poklik, samimiyat, sadoqat, mehr-muhabbat, xushodobu xushxulq, beg‘uborlik, soddadillikka yo‘g‘rilib ketgan.
Muallim – oddiy inson emas, u ilmu irfon, ziyo, tafakkur va hikmatlar timsoli. Payg‘ambar alayhissalom: “Ilm dunyoda azizlik – oxiratda esa sharafdir”, deb marhamat qilganlar. Ilmu ma’rifat – johillikning ziddi. Ustoz bor joyda jaholat bo‘lmaydi, barcha yomonliklar yo‘li bekiladi. Muallimni ulug‘lagan yurt – quyoshi porlagan mamlakatdir. Yurtimizda “Ustoz va murabbiylar kuni” katta shodiyona bilan nishonlanadi. Ustozni hurmat qilish sizu bizning burchimizdir. Ba’zi kitoblarda ustozning haqqi ota-ona haqqidan kam turmasligi aytilgan. Sababi ota-onamiz bizning dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lsa, ustozimiz bizga ilm o‘rgatgan. Shunday ekan, ustozni hurmat qilish, unga minnatdorchilik izhor qilishimiz lozim.
Hikoya qilinishicha, Imom Buxoriy hazratlari bir muddat Makkai mukarramada dars olganlar. Bir ziyoratchi Buxoroi sharifdagi ustozlaridan salom va maktub olib keladilar. Shunda Buxoriy ustozlarining yurtidan kelganini bilib, quchoq ochib ko‘rishib, hurmat izhor qilganlar.
So‘ng salom xabarini eshitganlarida, Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomga alik olib hurmat bajo keltirganlar. Keyin maktubni ikki qo‘llab olib, ehtirom bilan xatni o‘qiganlar. Qarang azizlar, qanday ibratli voqea?! Demak, ustoz uzoqda bo‘lsa ham huzurida turgandek hurmat bajo keltirish, uni doim e’zozlash lozim ekan. Bir hakimdan: “Nima uchun ustozingni otangdan ham yaxshi ko‘rasan?” deb so‘rashgan ekan. Shunda u: “Ustoz abadiy tirikligimning sababi, otam esa o‘tkinchi hayotimning sababi!” deb javob qilibdi. Ilmning sharaflanishi haqida bir misol. Hazrat Navoiy buyuk "Xamsa" asarini yozib, tugatganida sulton Husayn Boyqaro uni bezatilgan otga mindirib, o‘zi ulovning jilovidan yetaklab, Hirot ko‘chalarini aylantirgan. Darhaqiqat, bu ayni tarixiy haqiqatdir. Tarix bizga katta o‘rnakdir. Demak, bugun har bir oqil va fozil inson o‘ziga ilk bora “ranj ila harf o‘rgatgan”, tarbiya bergan, istiqbol yo‘lini ko‘rsatgan ustozini yo‘qlab, qalbiga olam-olam quvonch va g‘urur olib kirolsa, ana shuning o‘zi chinakamiga ustozning baxti. Hozirgi kunda yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida yoshlarga turli sohalar bo‘yicha ta’lim berayotgan ustozlarning hurmatini o‘rniga qo‘yish har birimizning vazifamizdir.
Ularga eng yaxshi ta’rifni esa qalam ahli bergan:
Muallim haqida so‘zim ushbudir,
Muallim kamolot ichra ko‘zgudir.
Aziz ustozlar, barchangizni 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan qutlaymiz.
Muhammadyusuf TO‘RAQULOV,
“Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Gunohga sabab bo‘lmasa, otaonaning buyurganlarini albatta bajarish; ota-onaga muloyim so‘zlash; uyga kirganlarida, hurmatlari uchun o‘rnidan turish; har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash; mol-mulklarini saqlash; so‘ragan narsalarini berish; ulardan maslahat so‘rash; ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish; ular mehmon kutishsa, yonlarida muntazir bo‘lib turish; ularning aytishlarini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish; ularning huzurlarida ovozni baland ko‘tarmaslik; gaplarini bo‘lmaslik; izn berishmagan joyga bormaslik; uxlayotganlarida bezovta qilmaslik; ahli ayoli, farzandlarini ulardan ustun qo‘ymaslik; ota-ona xatoga yo‘l qo‘ysalar, bilmaslikka olish, darhol kechirib, unutish; kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurlarida o‘zini tutish; ular yaxshi ko‘radigan taomni ilinish; ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik; ularning oldilarida cho‘zilib yotmaslik, oyoq uzatmaslik; uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik; chaqirganlarida tezlik bilan javob berish; ularning hayotliklarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish; ota-onasining hurmatini qilmaydiganlar bilan do‘stlashmaslik; ularning haqlariga duo qilish; vafotlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish: «Ey, Rabbim! Meni ular go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro surasi, 24-oyat).
Ibrohimjon INOMOV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 10-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws