Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

“Muallim haqida so‘zim ushbudir...”

29.09.2017   13553   3 min.
“Muallim haqida so‘zim ushbudir...”

Bu yorug‘ olamda muallim kabi o‘zligidan kechib, o‘zgani kamolga yetkazishga tayyor bo‘lgan fidoyi kasb egasi topilmasa kerak. Tan olaylik, hech bir kishi shogirdining baxt-saodati va toleidan ustozi kabi xursand bo‘lmaydi,  qalbi quvonchga to‘lmaydi. Muallim siyrati poklik, samimiyat, sadoqat, mehr-muhabbat, xushodobu xushxulq, beg‘uborlik, soddadillikka yo‘g‘rilib ketgan. 

Muallim – oddiy inson emas, u ilmu irfon, ziyo, tafakkur va hikmatlar timsoli. Payg‘ambar alayhissalom: “Ilm dunyoda azizlik – oxiratda esa sharafdir”, deb marhamat qilganlar. Ilmu ma’rifat – johillikning ziddi. Ustoz  bor joyda jaholat bo‘lmaydi, barcha yomonliklar yo‘li bekiladi. Muallimni ulug‘lagan yurt – quyoshi porlagan mamlakatdir. Yurtimizda “Ustoz va murabbiylar kuni” katta shodiyona bilan nishonlanadi. Ustozni hurmat qilish sizu bizning burchimizdir. Ba’zi kitoblarda ustozning haqqi ota-ona haqqidan kam turmasligi aytilgan. Sababi ota-onamiz bizning dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lsa, ustozimiz bizga ilm o‘rgatgan. Shunday ekan, ustozni hurmat qilish, unga minnatdorchilik izhor qilishimiz lozim.

Hikoya qilinishicha, Imom Buxoriy hazratlari bir muddat Makkai mukarramada dars olganlar. Bir ziyoratchi Buxoroi sharifdagi ustozlaridan salom va maktub olib keladilar. Shunda Buxoriy ustozlarining yurtidan kelganini bilib, quchoq ochib ko‘rishib, hurmat izhor qilganlar.

So‘ng salom xabarini eshitganlarida, Buxoroi sharif tomonga yuzlanib, salomga alik olib hurmat bajo keltirganlar. Keyin maktubni ikki qo‘llab olib, ehtirom bilan xatni o‘qiganlar. Qarang azizlar, qanday ibratli voqea?! Demak, ustoz uzoqda bo‘lsa ham huzurida turgandek hurmat bajo keltirish, uni doim e’zozlash lozim ekan. Bir hakimdan: “Nima uchun ustozingni otangdan ham yaxshi ko‘rasan?” deb so‘rashgan ekan. Shunda u: “Ustoz abadiy tirikligimning sababi, otam esa o‘tkinchi hayotimning sababi!” deb javob qilibdi. Ilmning sharaflanishi haqida bir misol. Hazrat Navoiy buyuk "Xamsa" asarini yozib, tugatganida sulton Husayn Boyqaro uni bezatilgan otga mindirib, o‘zi ulovning jilovidan yetaklab, Hirot ko‘chalarini aylantirgan. Darhaqiqat, bu ayni tarixiy haqiqatdir. Tarix bizga katta o‘rnakdir. Demak, bugun har bir oqil va fozil inson o‘ziga ilk bora “ranj ila harf o‘rgatgan”, tarbiya bergan, istiqbol yo‘lini ko‘rsatgan ustozini yo‘qlab, qalbiga olam-olam quvonch va g‘urur olib kirolsa, ana shuning o‘zi chinakamiga ustozning baxti. Hozirgi kunda yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida yoshlarga turli sohalar bo‘yicha ta’lim berayotgan ustozlarning hurmatini o‘rniga qo‘yish har birimizning vazifamizdir.

Ularga eng yaxshi ta’rifni esa qalam ahli bergan:

Muallim haqida so‘zim ushbudir,

Muallim kamolot ichra ko‘zgudir.

 Aziz ustozlar, barchangizni 1 oktyabr – O‘qituvchi va   murabbiylar  kuni bilan  qutlaymiz.

 

Muhammadyusuf TO‘RAQULOV,

 “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

11.08.2026   46786   1 min.
Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.

Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.

Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.

Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.

Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.

Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda
O'zbekiston yangiliklari