Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Dahshatli umr kechirgan qiz muslima bo‘ldi

29.09.2017   10799   6 min.
Dahshatli umr kechirgan qiz muslima bo‘ldi

Uni masjidda uchratdim. G‘amgin va nursiz ko‘zlar. Titroq lablar. Tanasi xuddi soyaga o‘xshaydi. Hadeb o‘zini qo‘lga olmoqchi bo‘ladi, lablarini qattiq tishlaydi, ko‘zyoshlarini tiymoqchi bo‘ladi. Shu holida u mening ko‘zimga quriyotgan yaproqqa o‘xshab ko‘rindi.  

– Yordam bering... Zulmatdan chiqib olishimga yordam bering... Ortiq chiday olmayman... Mening kuchim qolmadi... Kurashishga boshqa kuch topa olmayapman, kelajakdan umidimni ham uzdim...  Men faqat mening xatolarimni boshqa biror kishi qaytarmasligini istayman... Xato ustiga xato…yo Parvardigor!

Go‘zallik – dahshatli qurol, u shunisi bilan xatarliki, hech kerak bo‘lmagan paytda portlaydi – inson yoshligida go‘zal bo‘ladi, ammo ko‘p narsadan xabari bo‘lmaydi. uning ko‘ziga dunyo behad go‘zal ko‘rinadi, ammo soddaligiga borib birgina xato qilib qo‘ysa, kulgulari qonli ko‘z yoshiga aylanadi, hayoti barbod bo‘lish chegarasiga kelib qoladi... 

Suhbatdoshim gapida davom etdi: “12 yoshimda men faqat sinfda emas, maktab bo‘yicha eng chiroyli qiz edim... Shu boisdan atrofimda girgitton bo‘ladiganlar juda erta paydo bo‘ldi. Meni o‘z tengdoshlarim qiziqtirmas edi. Yuqori sinflardagi kuyovbolalar bilan suhbatlashishni yoqtirardim. Dastlabki kezlarda ozgina e’tibor, muloyim muomala, g‘amxo‘rlik, sovg‘alar, gullar... kifoya edi. Ularni ko‘rib men o‘zimni go‘zallik malikasidek his qilar edim. Keyin esa boshni aylantiradigan uchrashuvlarning achchiq mevalarini ham tatib ko‘ra boshladim. Aytadilar-ku, qayerda kirish bo‘lsa, o‘sha yerda chiqish ham bo‘ladi, deb. O‘n besh yoshga to‘lgunimcha bir necha bor abortlarni boshdan kechirishga ulgurdim… Kiprik qoqishga ulgurmasimdan navbatdagi homiladan qutulish uchun ginekologiya bo‘limida turgan bo‘lar edim. Hatto abortlarning soni nechta bo‘lganini ham eslay olmayman...  18 yoshimda shularning barchasini mast bo‘lsam unutarman deb aroq icha boshladim va ukol olishni ham kanda qilmadim, ammo bo‘lmadi... Dahshatli tushlar, abortda maydalab tashlangan bolalar meni aqldan ozdirayozdi...  Giyohvandlikka o‘rganganimdan so‘ng bu dardlarim ikkinchi o‘ringa o‘tib qoldi, endi yanada dahshatli ko‘rguliklarim boshlandi: navbatdagi dozani qanday topaman... Kunlar juda tez o‘tib borar, ba’zida faqat zahri qotil topilguncha vaqt to‘xtab qolgandek bo‘lar edi… Eng qo‘rqinchlisi bir oy burun yuz berdi… Mast holimda rulga o‘tirdim, mashinam bilan bir mexanizmga aylanib ketishni istar edim. Juda katta tezlikda deyarli pastlab uchib borayotgan edim… Ko‘zimda yosh, qalbimda olov, yuragim kuyadi, azob, bo‘m-bo‘shlik...  O‘tmishimni abadiy ortimda qoldirib ketmoqchi edim... Men rahmdillik, samimiylik hukmdorlik qiladigan, poklik qadrlanadigan, atrofingni gullar o‘rab olgan, hamma joy oppoq, charog‘on, qalblar pok, insonning amallari, hayratlari samimiy bo‘lgan yorug‘ kelajakka chiqib olishni istar edim… Qo‘qqisdan… Bilmadim, qanday bo‘ldi bu, qayerdandir, yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, yo‘l ustida uch-to‘rt yoshdagi bola paydo bo‘lib qoldi… Daf’atan hammasi ko‘z o‘ngimda sodir bo‘ldi, hammasi aylanib ketdi, Go‘yoki dunyoga kelmasdan nobud bo‘lgan bolalarim atrofimni o‘rab olib xuddi mana shu ko‘zlardek, yoshga to‘lgan ko‘zlar bilan tikilib turib “to‘xtang... to‘xtang, onajon... boshqa o‘limning keragi yo‘q...” deb shivirlayotgandek bo‘ldi. Men qaltiray boshladim, qo‘l-oyog‘im mavjudligini sezmay qoldim.  Mashinani qanday tormozlaganimni, mashina qaysi tarafga qarab og‘ib ketganini, qanday qilib yon oynadan otilib chiqib ketganimni va o‘sha qizchaning oyog‘ining ostiga yiqilganimni eslay olmayman...  Ko‘zlari... Uning ko‘zlarini eslab qoldim... Och-ko‘k, shu qadar sof va pokiza ko‘zlar… Bir necha daqiqa oldin yakson qilib o‘tib ketishimga salgina qolgan qizginaning gaplari xotiramdan o‘lgunimcha o‘chmasa kerak. “...xola... xolajon... hech joyingiz lat yemadimi? Qayeringiz og‘riyapti?..” Keyin o‘sha pokiza ko‘zlar g‘oyib bo‘ldi... Zulmat... Zimiston... Qahraton... Juda qattiq sovuq qotdim... Ammo hech narsani ko‘rmayotgan, boshqa hech narsani his qilmayotgan edim. Xayolimga shunday o‘y keldi: “Bo‘ldi... hammasi tugadi... o‘lim ana shunday qilib kelsa kerak...”  To‘satdan zulmat ortidan chaqmoq chaqqandek qorong‘ulik bag‘ridan OVOZ tarqaldi... Dahshatli, qo‘rqinchli OVOZ... “Imonsizlarga rahmi kelgan dindorlar azob-uqubatni yengillatishni so‘radi, Hech kim Alloh taolo tayin qilgan jazoni to‘xtata olmaydi, Chunki u olamlarning Rabbisidir...” Hushimga kelib ko‘zimni ochganimda oppoq shiftni, oppoq devorlarni, oppoq choyshablarni va derazadan tushib turgan charog‘on quyosh nurini ko‘rdim...  Men shifoxonada yotgan edim... Bo‘g‘zimga bir narsa tiqilib, ko‘z yoshlarim yuzimni yuva  boshladi... Nihoyat men nosog‘lom hayot kechirganimga, johillikda yashaganimga qalban iqror bo‘lganimni anglab yetdim. Dunyoda eng yomon narsa johillik, gunohlar zulmatida hayot kechirmoq va yovuzlikdir... Men o‘zgarishni istayman... Men islom diniga kirib Buyuk Yaratuvchidan Uning o‘zi yaratgan shariat yo‘lidan og‘ishmasdan yashashimga yana bir bor imkon berishini so‘ramoqchiman. Yordam bering... Mening zulmatdan chiqib olishimga yordam bering...”

Uning ko‘z yoshlari jala bo‘ldi... Uvvos solib, na’ra tortdi...

Ayonki, inson to‘g‘ri javobni juda kam holda birinchi harakatidayoq  topadi, chunki to‘g‘ri javob – tanlangan, donishmand kishilarga xos bo‘lib bilish jarayoni har doim sinovlar va xatolar bilan kechadi. Yodda tutaylik: bu dunyoda omonatmiz, vaqti yetib hamma yiqqan-terganlarimizni qoldirib ketamiz. Lekin ana shu olib keta olmagan narsalarimizning, o‘tkazgan kunlarimizning, qilgan yaxshi-yomon ishlarimizning birma-bir hisobini beramiz. Faqat Allohning huzuriga ezgu amallarimizni olib boramiz. Shunday ekan, harakatlarimizni samimiy ixlos ila Haq yo‘lida qilaylik, o‘zingizni ehtiyot qiling! Barchamizni Alloh taolo O‘z panohida asrasin!

Gulnoz SOBITOVA

Ruschadan Damin JUMAQUL tarjima qildi.



 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

10.08.2026   5567   2 min.
“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.

Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.

Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari