Uni masjidda uchratdim. G‘amgin va nursiz ko‘zlar. Titroq lablar. Tanasi xuddi soyaga o‘xshaydi. Hadeb o‘zini qo‘lga olmoqchi bo‘ladi, lablarini qattiq tishlaydi, ko‘zyoshlarini tiymoqchi bo‘ladi. Shu holida u mening ko‘zimga quriyotgan yaproqqa o‘xshab ko‘rindi.
– Yordam bering... Zulmatdan chiqib olishimga yordam bering... Ortiq chiday olmayman... Mening kuchim qolmadi... Kurashishga boshqa kuch topa olmayapman, kelajakdan umidimni ham uzdim... Men faqat mening xatolarimni boshqa biror kishi qaytarmasligini istayman... Xato ustiga xato…yo Parvardigor!
Go‘zallik – dahshatli qurol, u shunisi bilan xatarliki, hech kerak bo‘lmagan paytda portlaydi – inson yoshligida go‘zal bo‘ladi, ammo ko‘p narsadan xabari bo‘lmaydi. uning ko‘ziga dunyo behad go‘zal ko‘rinadi, ammo soddaligiga borib birgina xato qilib qo‘ysa, kulgulari qonli ko‘z yoshiga aylanadi, hayoti barbod bo‘lish chegarasiga kelib qoladi...
Suhbatdoshim gapida davom etdi: “12 yoshimda men faqat sinfda emas, maktab bo‘yicha eng chiroyli qiz edim... Shu boisdan atrofimda girgitton bo‘ladiganlar juda erta paydo bo‘ldi. Meni o‘z tengdoshlarim qiziqtirmas edi. Yuqori sinflardagi kuyovbolalar bilan suhbatlashishni yoqtirardim. Dastlabki kezlarda ozgina e’tibor, muloyim muomala, g‘amxo‘rlik, sovg‘alar, gullar... kifoya edi. Ularni ko‘rib men o‘zimni go‘zallik malikasidek his qilar edim. Keyin esa boshni aylantiradigan uchrashuvlarning achchiq mevalarini ham tatib ko‘ra boshladim. Aytadilar-ku, qayerda kirish bo‘lsa, o‘sha yerda chiqish ham bo‘ladi, deb. O‘n besh yoshga to‘lgunimcha bir necha bor abortlarni boshdan kechirishga ulgurdim… Kiprik qoqishga ulgurmasimdan navbatdagi homiladan qutulish uchun ginekologiya bo‘limida turgan bo‘lar edim. Hatto abortlarning soni nechta bo‘lganini ham eslay olmayman... 18 yoshimda shularning barchasini mast bo‘lsam unutarman deb aroq icha boshladim va ukol olishni ham kanda qilmadim, ammo bo‘lmadi... Dahshatli tushlar, abortda maydalab tashlangan bolalar meni aqldan ozdirayozdi... Giyohvandlikka o‘rganganimdan so‘ng bu dardlarim ikkinchi o‘ringa o‘tib qoldi, endi yanada dahshatli ko‘rguliklarim boshlandi: navbatdagi dozani qanday topaman... Kunlar juda tez o‘tib borar, ba’zida faqat zahri qotil topilguncha vaqt to‘xtab qolgandek bo‘lar edi… Eng qo‘rqinchlisi bir oy burun yuz berdi… Mast holimda rulga o‘tirdim, mashinam bilan bir mexanizmga aylanib ketishni istar edim. Juda katta tezlikda deyarli pastlab uchib borayotgan edim… Ko‘zimda yosh, qalbimda olov, yuragim kuyadi, azob, bo‘m-bo‘shlik... O‘tmishimni abadiy ortimda qoldirib ketmoqchi edim... Men rahmdillik, samimiylik hukmdorlik qiladigan, poklik qadrlanadigan, atrofingni gullar o‘rab olgan, hamma joy oppoq, charog‘on, qalblar pok, insonning amallari, hayratlari samimiy bo‘lgan yorug‘ kelajakka chiqib olishni istar edim… Qo‘qqisdan… Bilmadim, qanday bo‘ldi bu, qayerdandir, yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, yo‘l ustida uch-to‘rt yoshdagi bola paydo bo‘lib qoldi… Daf’atan hammasi ko‘z o‘ngimda sodir bo‘ldi, hammasi aylanib ketdi, Go‘yoki dunyoga kelmasdan nobud bo‘lgan bolalarim atrofimni o‘rab olib xuddi mana shu ko‘zlardek, yoshga to‘lgan ko‘zlar bilan tikilib turib “to‘xtang... to‘xtang, onajon... boshqa o‘limning keragi yo‘q...” deb shivirlayotgandek bo‘ldi. Men qaltiray boshladim, qo‘l-oyog‘im mavjudligini sezmay qoldim. Mashinani qanday tormozlaganimni, mashina qaysi tarafga qarab og‘ib ketganini, qanday qilib yon oynadan otilib chiqib ketganimni va o‘sha qizchaning oyog‘ining ostiga yiqilganimni eslay olmayman... Ko‘zlari... Uning ko‘zlarini eslab qoldim... Och-ko‘k, shu qadar sof va pokiza ko‘zlar… Bir necha daqiqa oldin yakson qilib o‘tib ketishimga salgina qolgan qizginaning gaplari xotiramdan o‘lgunimcha o‘chmasa kerak. “...xola... xolajon... hech joyingiz lat yemadimi? Qayeringiz og‘riyapti?..” Keyin o‘sha pokiza ko‘zlar g‘oyib bo‘ldi... Zulmat... Zimiston... Qahraton... Juda qattiq sovuq qotdim... Ammo hech narsani ko‘rmayotgan, boshqa hech narsani his qilmayotgan edim. Xayolimga shunday o‘y keldi: “Bo‘ldi... hammasi tugadi... o‘lim ana shunday qilib kelsa kerak...” To‘satdan zulmat ortidan chaqmoq chaqqandek qorong‘ulik bag‘ridan OVOZ tarqaldi... Dahshatli, qo‘rqinchli OVOZ... “Imonsizlarga rahmi kelgan dindorlar azob-uqubatni yengillatishni so‘radi, Hech kim Alloh taolo tayin qilgan jazoni to‘xtata olmaydi, Chunki u olamlarning Rabbisidir...” Hushimga kelib ko‘zimni ochganimda oppoq shiftni, oppoq devorlarni, oppoq choyshablarni va derazadan tushib turgan charog‘on quyosh nurini ko‘rdim... Men shifoxonada yotgan edim... Bo‘g‘zimga bir narsa tiqilib, ko‘z yoshlarim yuzimni yuva boshladi... Nihoyat men nosog‘lom hayot kechirganimga, johillikda yashaganimga qalban iqror bo‘lganimni anglab yetdim. Dunyoda eng yomon narsa johillik, gunohlar zulmatida hayot kechirmoq va yovuzlikdir... Men o‘zgarishni istayman... Men islom diniga kirib Buyuk Yaratuvchidan Uning o‘zi yaratgan shariat yo‘lidan og‘ishmasdan yashashimga yana bir bor imkon berishini so‘ramoqchiman. Yordam bering... Mening zulmatdan chiqib olishimga yordam bering...”
Uning ko‘z yoshlari jala bo‘ldi... Uvvos solib, na’ra tortdi...
Ayonki, inson to‘g‘ri javobni juda kam holda birinchi harakatidayoq topadi, chunki to‘g‘ri javob – tanlangan, donishmand kishilarga xos bo‘lib bilish jarayoni har doim sinovlar va xatolar bilan kechadi. Yodda tutaylik: bu dunyoda omonatmiz, vaqti yetib hamma yiqqan-terganlarimizni qoldirib ketamiz. Lekin ana shu olib keta olmagan narsalarimizning, o‘tkazgan kunlarimizning, qilgan yaxshi-yomon ishlarimizning birma-bir hisobini beramiz. Faqat Allohning huzuriga ezgu amallarimizni olib boramiz. Shunday ekan, harakatlarimizni samimiy ixlos ila Haq yo‘lida qilaylik, o‘zingizni ehtiyot qiling! Barchamizni Alloh taolo O‘z panohida asrasin!
Gulnoz SOBITOVA
Ruschadan Damin JUMAQUL tarjima qildi.
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM