Alloh taoloning bandalariga bergan behisob ne’matlarining ichida eng ulug‘i, bu sihat-salomatlikdir. Bu bebaho ne’matning qadri nechog‘lik ulug‘ ekanligi haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam biz ummatlarini ogohlantirib shunday marhamat qilganlar: Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik odamlar uning qadriga yetmay aldanib qolganlar. U ikkisi - sihat salomatlik va farog‘at” (Imom Buxoriy rivoyati).
Darhaqiqat, insoniyat o‘zida bor ne’matni gohida qadriga yetmaydi. Salomat va xotiri jam bo‘lgan kishi turmush tashvishlari, cheki-chegarasi yo‘q orzu-havaslarning ketidan quvib yuraveradi va o‘shalarga aldanib salomatligi va tinchligini qo‘ldan berib qo‘yadi. Oxir-oqibat salomatligini boy bergach, attang qiladi va salomatligini yo‘qotish evaziga topgan narsasi uning oldida hech narsa emasligini keyin anglab yetadi. Lekin, keyingi afsus nadomatning foydasi bo‘lmay qoladi. Shuning uchun, ne’matlarni vaqtida qadriga yetib, uning shukronasini ado etib bormoqlik lozim bo‘ladi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hadislarining birida marhamat qildilar: “...salomatlik vaqtingizni bemorlik kelishidan oldin g‘animat biling...” (Imom Termiziy rivoyati).
Sihat salomatlik ne’matidan bahramand kishi boshqa ne’matlardan ham bahra olib yashaydi. Salomatlik bo‘lmasa, boshqa ne’matlar ham insonga tatimaydi. Shuning uchun, salomatlik ne’matini qo‘ldan bermaslik, unga futur yetkazadigan har qanday illatlardan inson o‘zini saqlamog‘ligi lozim bo‘ladi.
Gohida insonga bemorlik yetishi tabiiy holat. Insonning ojizligi ham shunda. Bu dunyoda Alloh taolo bandalarini turli yo‘llar bilan sinab, imtihon qilar ekan, gohida yetadigan bemorlik ham o‘za sinovlarning biridir. Buning uchun banda g‘amga botmasligi kerak, aksincha bu imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishga o‘zida kuch topa olishi lozim. U ham bo‘lsa, sabrdir. Hastalikka sabr qilgan kishiga savob yozilishi, gunohlariga kafforat bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz s.a.v.dan qator hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan, Abu Sa’id Xudriy va Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Musulmon kishiga yetadigan charchoq, hafalik, ozor, g‘am-tashvish va hatto bitta tikan kirishi sababli Alloh taolo uning xatolarini o‘chiradi”, (Imom Buxoriy rivoyati).
Dinimizda davolanishga ijozat berilgan. Hadislarda bayon etilishicha, Alloh taolo qanday dard nozil qilgan bo‘lsa, albatta uning davosini ham nozil qilgan. Shunday ekan, insoniyat doimo izlanishda bo‘lib, o‘zining hayotini saqlovchi, sog‘ligini asrovchi vositalarni kashf qilishda bardavom bo‘lishi lozim.
Mutaqillik yillarida yurtimizda aholining turmush sharoitini yaxshilashga katta e’tibor qaratilishi natijasida yurtimizda fuqarolarning o‘rtacha yoshi 1990 yilga nisbatan 67 yoshdan erkaklar o‘rtasida 73,5 yoshga, ayollar o‘rtasida 75,8 yoshga ordi. Albatta, bunda sog‘liqni saqlash sohasiga davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilayotganligining ham alohida o‘rni bor.
Oqil inson sog‘ligining ketishiga o‘zi bila turib sababchi bo‘lmasligi lozim. Chunki, biz uchun hayotimiz qanchalik omonat bo‘lsa, sog‘ligimiz ham omonatdir. O‘z joniga qasd qilish qanchalik og‘ir gunoh bo‘lsa, qasddan sog‘iligiga putur yetkazish ham shunchalik gunoh. Alloh taolo Qur’oni karimda: «O‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz) bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!» degan. (Baqara surasi, 195-oyat).
Islom shariatining maqsadi insondagi asosiy besh narsani saqlashga qaratilgan bo‘lib, shulardan biri insonning jonini omon saqlashdir. Shuning uchun ham, islom dinida insonning hayotiga, inchunun uning sog‘ligiga zarar yetkazadigan hamma narsa harom sanaladi. Quyidagi hadis bunga yaqqol dalil bo‘ladi. Ummu Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam har qanday mast qiluvchi va futur yetkazuvchi narsani iste’mol qilishdan qaytardilar, (Imom Abu Dovud rivoyati). Mast qiluvchi narsalarni iste’mol qilish oqibatida insonning nafaqat sog‘ligi, balki hayoti xavf ostida qoladi. Ming afsuski, yigirma birinchi asrga kelib mast qiluvchi ichimliklar va giyohvandlik moddalarining turlari ko‘payib ketdi. Bularga mubtalo bo‘lgan kishilarda o‘pka, jigar saratoniga chalinish holatlari ko‘p uchramoqda. Ma’lumki, saraton xastaligi bilan og‘rigan kishilarning aksariyati shu kasallik tufayli yorug‘ dunyo bilan vidolashmoqdalar. Giyohvandlik balosi keng tarqalishi oqibatida ajdodlarimiz bilmagan va eshitmagan kasalliklar paydo bo‘lib, har yili minglab odamlar bu ofatning qurboniga aylanmoqdalar. OITS degan asr vabosiga qarshi kurashish uchun dunyo hamjamiyati turli tadbirlarni amalga oshirishiga qaramasdan haligacha bu dardning davosi topilganicha yo‘q.
Hastalikni davolashdan ko‘ra uni oldini olgan yaxshiroq, degan naqlga amal qilgan holda yoshlarimizni giyohvandlik va u keltirib chiqaradigan yomon oqibatlardan ogohlantirishdan to‘xtamasligimiz lozim. Zero, salomatlik - tuman boylik, deb bejizga aytilmagan.
Homidjon ISHMATBЕKOV,
“Muhammad Nosir hoji” jome masjidi
imom-xatibi.
دثنا العباس الدوري نا يعقوب بن إبراهيم بن سعد نا أبي عن صالح عن ابن شهاب قال: حدثني عبد الحميد بن عبد الرحمن بن زيد أن محمد بن سعد بن أبي وقاص أخبره أن أباه سعد بن أبي وقاص أخبره قال: استأذن عمر على رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم وعنده نساء من قريش يكلمنه ويستكثرنه عالية أصواتهن على صوته فلما استأذن قمن يبتدرن الحجاب فأذن له رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم ورسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم يضحك فقال عمر: أضحك الله سنك يا رسول الله قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: ”عجبت من هؤلاء اللاتي كن عندي ثم سمعن صوتك ابتدرن الحجاب“ قال: قلت: يا رسول الله كنت أحق أن يهبن ثم قال عمر: أي عدوات أنفسهن تهيبنني ولا تهبن رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم قلن: نعم أنت أغلظ وأفظ من رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: ”والذي نفسي بيده ما لقيك الشيطان قط سالكا فجا إلا سلك فجا غير فجك“.
Sa’d ibn Abu Vaqqos aytadi: “Umar Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning huzurlariga izn so‘radi. Huzurlarida qurayshlik ayollar bo‘lib, u zotga ovozlarini ko‘tarib gapirayotgan va u zotdan ko‘p narsa talab qilayotgan edi. Umar izn so‘ragach, ular shoshilib to‘sinishga tushishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam unga izn berar ekanlar, kuldilar. Umar: “Alloh sizni kuldiraversin, yo Allohning Rasuli!” dedi.
U zot: “Huzurimdagi manavilardan ajablandim, ovozingni eshitiboq to‘sinishga shoshib qolishdi”, dedilar.
Umar: “Yo Allohning Rasuli, hayiqishiga siz haqliroq edingiz-ku”, dedi. So‘ngra: “Ey o‘z joniga dushmanlar! Mendan hayiqasizlar-u, Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan hayiqmaysizlarmi?” dedi.
Ular: “Ha. Sen Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamga qaraganda qo‘pol va dag‘alsan-da”, deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Jonim “qo‘li”da bo‘lgan Zotga qasamki, shayton biror yo‘lda ketayotib, qachonki senga yo‘liqsa, sening yo‘lingdan boshqa yo‘lda yuradi”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi