Sayt test holatida ishlamoqda!
02 May, 2026   |   14 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:20
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:48
Bismillah
02 May, 2026, 14 Zulqa`da, 1447

ARMON

28.09.2017   7483   4 min.
ARMON

Zohid uyqudan uyg‘onganida tong allaqachon otib, kun yoyilib ketgandi. Ancha vaqtgacha o‘ziga kelolmay yotdi. O‘ziga kelganida esa...

U yoshlik qildi. Yo‘q, yoshlik qilmadi, ko‘ngilning beo‘xshov mayliga qurbon bo‘ldi. Sanamjonni ko‘rdiyu, ishq dardiga mubtalo bo‘ldi-qo‘ydi. Qizni ko‘rmasa turolmaydigan, go‘yoki hayoti to‘xtab qolayotgandek tuyuldi. Onasiga dardini yordi. Gulruxsor opa qizni surishtirish uchun manzilini so‘radi. O‘g‘li aytgan manzilga borib mahalla ahlidan, qo‘ni-qo‘shnidan Sanam va uning oilasini surishtirdi. Ularning hammalari bir og‘izdan qizning yaxshiligini, ammo onasi yomon fe’lli ekanligini aytishdi. Ayniqsa, keksa bir onaxon:

  • Qizim, turmush, oila qurish – og‘ir masala. Chuqur o‘ylab, o‘rganish kerak, toki to‘rt kunda yangi oila buzilib ketmasin. Yana bir gapimni qulog‘ingga il, bolam. Donishmandlar: “Onasi yaxshi bo‘lsayu qizi yomon bo‘lsa, u qizni hech ikkilanmay kelin qil. U baribir onasiga tortadi. Ammo qizi yaxshi bo‘lsayu, onasi yomon bo‘lsa, u qizning yaxshiligiga aldanib qolma”, deyishgan. Shuning uchun bu qiz borasida xulosa chiqarishga shoshilmanglar, – dedi.

Gulruxsor opa uyga qaytganida Zohidjon uni intiq bo‘lib kutib turgandi. Opa:

  • O‘g‘lim, mahalladoshlari qizning oilasi haqida yaxshi gap aytishmadi, nima qilamiz? – so‘radi.

Zohidjon:

  • Sanamni yaxshi qiz deyishibdi-ku! Uylantirsangiz, unga uylanaman, boshqa qiz kerak emas. Meni desangiz, dadamni ham ko‘ndirasiz!

Chorasi qolmagan onaizor dadasi bilan maslahatlashib, to‘y qilishga rozi bo‘lishdi. Orzu-havasli, karnay-surnayli, dong‘i yetti mahallaga yetadigan to‘y bo‘lib o‘tdi. Salkam bir oygacha Zohidjonlar uyidan mehmonlar qadami uzilmadi. Ikkinchi oy boshlandi. Gulsanam opa, turmush o‘rtog‘i kelin oldik, bir bolamiz ikkita bo‘ldi deb xursand. Kelinimiz bizga kelin emas, qiz bo‘lsin deb rosa duo qilishdi.

Sanam avvaliga qaynona-qaynota xizmatini yelib-yugurib bajara boshladi. Nima ham bo‘ldi-yu, to‘satdan kelinning avzoi buzilib, eriga xarxashasini boshladi:

  • Jon xo‘jayin, iltimos, o‘zimiz alohida ko‘chib chiqaylik. Men qachon turmushga chiqsam, alohida yashayman, deb orzu qilganman.
  • E, qiziqmisan, men bitta-yu bitta farzand bo‘lsam, qanday qilib tashlab ketamiz?
  • Nima qipti, tez-tez kelib turamiz.

Zohidjon ko‘nmadi. Sanam yalinib-yolvorib, nihoyat, hovlini ikkiga ajratib olishga erini ko‘ndirdi. Zohidjon bu gapni aytishga yuzi bo‘lmasligini aytganida:

  • Siz erkaksiz. Oilada hukmingiz bo‘lishi kerak. Qanday aytasiz, nima qilasiz – bu sizning ishingiz. Aytasiz, tamom-vassalom! – so‘ziga yakun yasadi Sanam.

Zohidjon o‘ylay-o‘ylay yechim topolmagach, uyga ichib keldi. Shayton uni ichiga kirib olib, o‘zini ko‘rsata boshladi. Er sherga aylandi. Tavba, kechagi istihola, andisha qayerga chekindi, bilmaydi. U ota-onasiga alohida yashashmoqchiligini, hovlini ikkiga bo‘lib, o‘zlariga tegishli qismini ajratib berishlarini so‘radi.

Bu gapdan ota nima deyarini, ona nima qilarini bilmay talmovsirab qolishdi. Ayniqsa, ona o‘zini butkul yo‘qotib qo‘ydi. U bor bo‘yi bilan yerga gursillab yiqildi. Ota tez yordamga qo‘ng‘iroq qildi... Yer go‘yo ostin-ustun bo‘ldi. Yetib kelgan tez yordamda onani shifoxonaga olib ketishdi. Sarosimada qolgan ota ham xotini bilan birga ketdi. Zohidjon boshqa nima bo‘lganini bilmaydi...

... Kechagi voqealar esiga keldi-yu, nima qilarini bilmay boshini changallab qoldi. O‘zining qanday xatoga yo‘l qo‘yganini angladi. Angladi-yu... bir xotinning makri ming tuyaga yuk bo‘lib qolmay, qalbni, xonadonni vayrona qilishga ham qodirligini tushunib yetganida kechirib, tuzatib bo‘lmaydigan xatoga yo‘l qo‘yganini tushundi.

                                                                                  Zebo OMONOVA

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Aqidaga oid savol-javoblar: "Dori dardimni tuzatdi" deyish to‘g‘rimi?

01.05.2026   4820   1 min.

Abdulqodir domla PARDAEV,
Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi.

To‘liq ko‘rish uchun: https://youtu.be/4cAXhp_UPlE