Uch-to‘rtta qo‘yingiz bo‘lsa, uyingizning atrofini aylanibgina o‘tlab yursa, ularni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydimi? Albatta, quvnaydi-da: daf’atan, pulga ehtiyoj bo‘lib qolsa, shartta birini sotasiz – pul bo‘ladi. Ayniqsa, ularga hovuchingizda arpa bersangiz “kurt-kurt” etibgina chaynashini kuzatib asablaringiz dam oladi. Uyingizga kutilmaganda mehmon kelib qolsa, birini so‘yasiz – go‘sht mo‘l bo‘lib qoladi. Zotan, qo‘y insonni birovga muhtoj qilmay, ertangi kunning vahimasiga tushirmay, ko‘kragini ko‘tarib turadi.
Binobarin, hazrati Ali roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Uyda boqiladigan bir qo‘y bir baraka, ikki qo‘y ikki baraka, uch qo‘y uch baraka” (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilingan ekan.
***
Qo‘y go‘shti inson tanasi uchun nihoyatda foydali. Ushoq va yuvosh jonivor bo‘lgan qo‘y odatda suruv holida boqiladi. Qo‘yning yuvosh va itoatkorligi sababli uning suruvini yosh bolalar ham boqib yuraveradi. Insonlarning qo‘liga o‘rgangan bu sevimli hayvon bizga eti, suti, jo‘ni bilan xizmat qiladi. Alloh taolo:
“Axir, ular uchun O‘z «qo‘limiz» ishi bilan chorva hayvonlarini yaratib qo‘yganimizni ko‘rmadilarmi?! Mana ular o‘sha (hayvon)larga egadirlar. Biz o‘sha (hayvon)larni ularga bo‘yinsundirib qo‘yganmiz. Ana ularning minadigan narsalari ham o‘sha (hayvon)lardan va o‘shalardan (go‘shtlaridan) yegaylar. Yana ular uchun o‘sha (hayvon)larda (turli) foydalar va ichimlik (sut-qaymoq)lar bordir. Axir, shukr qilmaydilarmi?!” (Yosin surasi, 71-73) deb marhamat qilgan.
Inson tanasi barcha ehtiyojlarini o‘simlik va mevalardan qondira olmaydi. Insonning protein, vitamin va minerallarga bo‘lgan ehtiyojlari hayvon go‘shti, suti va shu kabilar hisobidan qondiriladi.
Xususan, proteinga bo‘lgan ehtiyojining katta qismi go‘shtdan olinadi. 100 gramm go‘shtda 15-20 gramm protein bo‘ladi. O‘simlik va mevalarda bo‘ladigan proteinlar insonlarning jamiki ehtiyojini qoplay olmaydi. Go‘shtdagi proteinning eng ahamiyatli jihati, inson tanasida sintezlashmagan va tashqaridan ozuqa moddalari bilan birga olinishi kerak bo‘lgan asosiy aminokislotalar yetarli va muvozanatli tarzda mavjud bo‘ladi.
Shuningdek, go‘sht insonning hazm qilish tizimiga ham mos ravishda yaratilgan ozuqa. Chunki go‘shtda aminokislotalarning protein molekulasi ichida bo‘lishining shakli oshqozon fermenti tarafidan qulaylik-la ajralishi mumkin va tananing yuqori darajada foyda olishiga sharoit yaratadi. Xususan, o‘sish davrida, tananing shakllanishida go‘shtning tarkibidagi proteinlardan homilador, emizikli xotinlar, bolalar va yoshlar yetarlicha olishlari kerak. Katta yoshdagi insonlarning hujayralarini yangilash va organlarning o‘zini o‘zi tiklab olishi uchun bir miqdor go‘sht yemog‘i lozim.
Go‘shtning tarkibida ko‘p miqdorda temir, fosfor, mis, va boshqa elementlar bo‘ladi. Tanasida ana shu minerallar yetishmagan kishi kamqonlik kasaliga chalinadi. Kamqonlik o‘z navbatida, bir necha xastaliklarga va asab kasalligiga sabab bo‘ladi. Hazrati Ali karramullohu vajhahu shunga ishorat etib: “Qirq kun go‘sht yemagan kishining axloqida nuqson paydo bo‘ladi”, degan ekan.
Bu hikmatdan go‘shtning inson zehniga ham ta’siri katta ekani ayon bo‘ladi. Go‘shtxo‘r hayvonlarning boshqalardan zehni tezligini hammamiz bilamiz. Negaki, miyani to‘ldiradigan, xotirlash qobiliyatini yaxshilaydigan moddalar hayvon go‘shtlari mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Chunki miyaning fikrlash, xotirlash kabi faoliyatlar sirasida ehtiyoj tuyadigan moddalar faqat hayvonlardan hosil bo‘ladigan ozuqalarda mavjud bo‘ladi. Tanasining ehtiyoji qadar go‘sht yemagan insonlarning aqli erta zaiflashadi, miyasi zararlanadi va faolligi sustlashib ketadi.
Go‘shtning tarkibidagi vitaminlar – boshqa manbalarda kam bo‘ladigan A, D va V guruhi vitaminlaridir. Ayniqsa, jigar – vitaminlar omboridir. Bu vitaminlarning tana salomat bo‘lishi uchun ancha foydalari bor. Ulug‘ yoshdagilar yog‘li va tuzli go‘sht yemoqdan saqlanmoq sharti ila bir miqdor go‘sht yemog‘i lozim. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Go‘sht dunyo va oxirotdagi yeguliklarning eng mazalisidir” (Imom Moja rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Rivoyatlarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qo‘yning o‘ng qo‘lini yaxshi ko‘rgani aytiladi. Zero, inson yeydigan go‘shtlarning eng foydalisi – qo‘y go‘shtidir. Yangi qo‘y go‘shti bir necha jihatdan juda ham qiymatli va o‘ziga xosdir. Masalan, qo‘zi go‘shtida bo‘ladigan lyutein ko‘rlikka sabab bo‘ladigan, naslning davomiyligiga xavf soladigan mikroblarni daf etuvchi yagona antioksidantdir. Eskidan yog‘li va baland kaloriyali bo‘lgani bois parhez qiluvchilarga ularning taomnomasidan chiqarilgan qo‘zi go‘shti tarkibida tengsiz fermentlar mavjudligi tufayli yangidan berila boshlandi.
Kavsh qaytarishi mo‘jiza
Qo‘yning yaralishida bir necha diqqatni tortadigan xususiyatlar bor. Avvalo uning insonga go‘sht – taom bo‘lishidir. Qo‘yning tanasi boshqa hayvonlarnikidan ancha semiz va eti yumshoq. Qo‘yning o‘zi bilan bo‘yi barobar bo‘lgan echkidan juda ko‘p go‘shti bor. Qo‘zilar bir yoshga yetar-yetmas katta qo‘yga o‘xshab to‘lishib ketadi.
Alloh taolo qo‘y, sigir kabi kavsh qaytaradigan hayvonlarni bizning amrimizga bo‘ysundirib berish bilan bizga juda katta marhamat ko‘rsatgan. Chunki hayvonlar o‘t, somon, yem-xashak yeganidan keyin oshqozonida sekin-asta hazm etib, ularni sutga va go‘shtga aylantiradi. Shu tariqa inson o‘z vujudiga hazm qila olmaydigan, o‘t-o‘lanlardan ololmagan bir necha ozuqalarni shu hayvonlardan oladi.
To‘ng‘iz, sichqon va shunga o‘xshash hayvonlar pok-nopokni ajratmasdan nima uchrasa, hatto axlatlarni ham yeb ketaveradi. Bu hayvonlar kavsh qaytarmagani bois yegan ozuqalari bir soat ichida qonga aralashib ketadi va yegan nopok narsalari va zaharli moddalar darhol go‘shtlarining ichiga joylashib oladi.
Qo‘ylar esa faqat toza o‘simliklarni yeydi. Yegan oziqlari oshqozon kislotalari ichida yaxshi maydalanadi. Ular yegan o‘t yoki xashakda mikrob bo‘lsa, qonga aralashmasdan hazm tizimidagi kislotalar tarafidan yo‘q qilinadi. Shu boisdan sigir, qo‘y kabi kavsh qaytaradigan hayvonlar tanasida toza go‘sht hosil bo‘ladi.
Alhosil, qo‘y go‘shti – eng ishonchli go‘shtdir. Chunki qo‘yning o‘sish gormonlaridan dorichilik sanoatida ishlatiladigan dorivor preparatlardan deyarli barcha dori-darmonlarni tayyorlashda ishlatiladi. Ko‘p go‘sht yeyish zararli bo‘lganidek, oz, ammo ishonchli go‘sht yeyish foydalidir.
Qo‘y – pokiza hayvon
Qo‘y pokiza qilib yaratilgan hayvon, u nopok yerlarda yashamay olmaydi. Qo‘yning axloqi ham go‘zal. Qo‘ylar bir-biriga qardoshlarcha munosabatda bo‘ladi. Jazirama kunda bir daraxtning soyasiga to‘plangani zahoti butun boshli suruvning kichkina bir soyaga siqqanini ko‘rasiz. Hech bir qo‘y yoki qo‘chqor boshqalarini itarib issiqqa chiqarmaydi.
Olimlar qo‘y go‘shtining foydasi insonda hilm, yumshoqlik, marhamat va sabr kabi tuyg‘ular paydo qilishini aytganlar. Payg‘ambarimiz bir safar as'hoblariga: "Alloh taolo hech bir payg‘ambarni qo‘y suruviga cho‘ponlik qildirmasdan yubormadi”, dedilar.
As'hoblari: “Sizni hammi, yo Rasululloh?” deb so‘radilar.
“Ha, men ham bir muddat Makka ahlining qo‘yini boqdim”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Qo‘y barokatlidir. Har sanada bir yoki ikki marta qo‘zilaydi. Qurbon bayramlarida va boshqa paytlarda ham juda ko‘p so‘yiladi, ammo soni kamayib ketmaydi. Chunki ular sahar vaqtida uxlamaydi. tasavvuf allomalari qo‘yning ana shu sabab bilan barokatli ekanini ma’lum qilganlar.
Ular aytadiki: “Qo‘y kechqurun barvaqt yotib uxlab qoladi va tong yorishmasdanoq turib oladi. Saxarhezligi tufayli Alloh taolo uni barakali qilib qo‘ygan.
Uning barakasi nimada namoyon bo‘ladi?
Qo‘y bir yilda bir marta qo‘zilaydi. Lekin tinimsiz so‘yiladi: to‘yda ham, bayramda ham, marakada ham, Qurbon bayramida ham, biror kishi yomon tush ko‘rsa ham... Lekin adadi kamayib ketmaydi, aksincha, ortib boraveradi. It esa tuni bilan uxlamay sanqib yuradi-da, tongda uxlab qoladi. Shu boisdan yiliga beshta-oltitadan tug‘sa ham, odamlar so‘ymasa ham ko‘paymaydi. Negaki, tong chog‘i uxlagani oqibatida Alloh taolo undan barakani olib qo‘ygan”.
Internet manbalari asosida Damin JUMAQUL tayyorladi.
Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas
Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.
Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qing!» oyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.
2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:
Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.
Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.
Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.
3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.
Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.
4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.
Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, “bu ochiq-oydin sehrdir” dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].
Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.
5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.
6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].
Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].
So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.
Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.
Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.
Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.
7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.
1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].
Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].
Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.
Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].
Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.
2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].
So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].
Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!
Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.
3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.
Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.
Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.
Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga
.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan