بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Har yilgi haj mavsumi nihoyasiga yetgach, butun dunyodan haj ibodatini ado qilish uchun Makkai mukarramaga kelgan musulmonlar «hoji»degan sharafli nomga erishib o‘z vatanlariga qaytadilar.
Haj oylari hijriy yilning eng oxirgi oylari hisoblanadi. Undan keyin keladigan Muharram oyi esa, hijriy yilning birinchi oyidir. Shu munosabat bilan siz azizlarga bugungi juma mav’izamizda hijriy yilning boshlanish tarixi haqida ma’lumot bermoqchimiz.
Ma’lumki, insoniyat hayoti davomida bevosita taqvimga ehtiyoj sezadi. Tarixiy voqealarni aniqlashda, kelajakdagi ishlarni rejalashtirishda taqvimga murojaat qilinadi, albatta. Shu nuqtayi nazardan hijriy-qamariy taqvimning joriy bo‘lishi Islom dinining voqeiy, ya’ni hayot bilan hamnafas, din ekanligiga yorqin misol bo‘la oladi.
Islom dini kelishidan oldin arablar yillar hisobini tarixda bo‘lib o‘tgan biror muhim voqeaga bog‘lab olib borar edilar. Masalan, Abrahaning Qa’baga fillar bilan qilgan yurishi munosabati bilan nomlangan “Fil yili” ma’lum vaqt yil boshi sifatida foydalanilgan. Hatto, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo ﷺ ning tavallud sanalarini aniqlashda Fil yili bilan bog‘langanligi tarix kitoblarida zikr etilgan. Islom dini kelgandan keyin ham musulmonlar yil hisoblarini shu zaylda olib borishda davom etdilar. Masalan, vabo tarqagan yilni Vabo yili, qurg‘oqchilik bo‘lgan yilni Ramoda (kul) yili, deb nomlab, yil sanalarini shu vaqtlarga nisbatan aniqlar edilar.
Hazrati Umar رضي الله عنه davrlariga kelib Islom diyori kengayishi munosabati bilan turli voqea va hodisalarning tarixini qayd etib borish, o‘zaro yozishmalar va rasmiy xatlarda sanalarni qayd qilishda muammolarga duch kelindi va bu holat o‘z navbatida muntazam taqvim joriy qilishni taqozo etdi. Muammoni o‘z vaqtida anglab yetgan Hazrati Umar رضي الله عنه zudlik bilan ulamolarni jamladilar va o‘rtaga musulmon taqvimini joriy etish va uni qaysi sanadan boshlash ma’qul ekanligi masalasini qo‘ydilar. Barchaning fikri eshitib ko‘rilgach, nihoyat Hazrati Ali رضي الله عنه ning musulmon taqvimini Payg‘ambar ﷺ ning hijrat qilgan yillaridan boshlash maqsadga muvofiq bo‘lishi haqidagi fikrlari bir ovozdan ma’qullandi. Hazrati Usmon ibn Affon رضي الله عنه ning Muharram oyini musulmon taqvimining birinchi oyi bo‘lib qolishi haqidagi takliflari inobatga olindi.
Musulmon taqvimida yil hisobi Oyning o‘z burjlari bo‘ylab bir yilda aylanib o‘tgan vaqtiga qarab olinadi.
هُوَ الَّذِي جَعَلَ الشَّمْسَ ضِيَاءً وَالْقَمَرَ نُورًا وَقَدَّرَهُ مَنَازِلَ لِتَعْلَمُوا عَدَدَ السِّنِينَ وَالْحِسَابَ مَا خَلَقَ اللَّهُ ذَلِكَ إِلَّا بِالْحَقِّ يُفَصِّلُ الْآَيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ (سورة يونس/5
ya’ni: “U Quyoshni ziyo (taratuvchi) va Oyni nur (sochuvchi) etgan hamda yillarning adadini va (vaqt va zamonga doir) hisobni bilishlaringiz uchun uni (Oyni) manzillarga (bo‘lib) o‘lchab qo‘ygan zotdir. Buni Alloh faqat haq (hikmat) bilangina yaratdi. Biluvchi qavm uchun oyatlarni (U) batafsil bayon qilur” (Yunus surasi, 5-oyat). Oyning o‘n ikki burji va yigirma sakkizta manzili bor. Burjlar – hamal, savr, javzo, saraton, asad, sunbula, mezon, aqrab, qavs, jadiy, dalv, hut. Har bir burjda ikkiyu uchdan bir manzil bo‘lib, oy har kecha shu manzillardan biriga tushib o‘tadi.
Arab tilida Oy “qamar” deyiladi. Shu tariqa Payg‘ambar ﷺ ning hijratlaridan keyin o‘n yetti yil o‘tib, Hijriy-qamariy musulmon taqvimi joriy etildi. Eslatib o‘tish lozimki, bugun 2017 yil 22 sentyabrdan boshlab hijriy-qamariy taqvim hisobi bo‘yicha 1439 hijriy yil kirdi.
Musulmon taqvimining birinchi oyi Muharram deb atalib, Alloh taolo bu oyda urush qilishni harom qilgan. Bu oyda qilingan yaxshi amallarga ko‘plab savoblar ato etiladi, gunoh qilish esa zulm hisoblanadi. Bu oyning o‘ninchi kuni alohida fazilatga ega bo‘lib, bu kunni Ashuro kuni deyiladi. Insoniyat tarixida Ashuro kunida bir qancha muhim voqealar sodir bo‘lganligi haqida manbalarda bayon qilingan. Jumladan, vatandoshimiz Abu Lays Samarqandiy e o‘zlarining “Tanbehul g‘ofilin” nomli kitoblarida Ikrima رضي الله عنه dan rivoyat qilib aytadilar: “Ashuro kuni – Odam j ning tavbalari qabul qilingan, Nuh j kemadan tushgan va buning shukronasiga ro‘za tutgan, Fir’avn g‘arq etilib, Bani Isroilga dengiz yorilgan v a shuning uchun ular ro‘za tutishgan kundir. Agar sen ham o‘sha kuni ro‘za tuta olsang, tutgin”.
Ashuro kuni nafl ro‘za tutishlik sunnat amal hisoblanib, Ibn Abbos رضي الله عنه dan rivoyat qilingan hadisda bu haqda shunday deyiladi:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضى الله عنهما أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم قَدِمَ الْمَدِينَةَ فَوَجَدَ الْيَهُودَ صِيَامًا يَوْمَ عَاشُورَاءَ فَقَالَ لَهُمْ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا هَذَا الْيَوْمُ الَّذِي تَصُومُونَهُ؟" فَقَالُوا هَذَا يَوْمٌ عَظِيمٌ أَنْجَى اللَّهُ فِيهِ مُوسَى وَقَوْمَهُ وَغَرَّقَ فِرْعَوْنَ وَقَوْمَهُ فَصَامَهُ مُوسَى شُكْرًا فَنَحْنُ نَصُومُهُ، فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "فَنَحْنُ أَحَقُّ وَ أَوْلَى بِمُوسَى مِنْكُمْ" فَصَامَهُ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَأَمَرَ بِصِيَامِهِ" (رَوَاهُ الشَّيْخَانِ
ya’ni: Abdulloh ibn Abbos رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ Madinai Munavvaraga kelganlarida u yerdagi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganlarini ko‘rdilar va: “Sizlar ro‘za tutayotgan bu kun qanday kun?” – deb so‘radilar. Ular: “Bu ulug‘ kun. Bu kunda Alloh taolo Muso j va uning qavmiga najot berib, Fir’avn va uning qavmini g‘arq etgandir. Shuning uchun Muso j bu kunning shukronasiga ro‘za tutganlar. Shu sababli biz ham ro‘za tutmoqdamiz, deb javob berdilar. Shunda Rasululloh ﷺ: “Sizlardan ko‘ra Biz Muso j ga haqliroqmiz”, dedilar va shu kuni ro‘za tutdilar, boshqalarni ham ro‘za tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Muharram oyida sanalgan fazilatga ro‘za amali ila erishiladi. Chunki Payg‘ambarimiz ﷺ ro‘za tutishga targ‘ib qilib, uning ulug‘ fazliga erishishlik yo‘llarini chiroylik va batafsil yo‘l ila ko‘rsatib berdilar. Biz bu kunni har soniyasini yoddan chiqarmasdan e’tibor berib o‘tkazamiz. Ro‘za masalasida Bazzor va Abu Xurayra رضي الله عنه rivoyatiga ko‘ra, Payg‘ambarimiz ﷺ shunday deganlar: “Ashuro sizdan avvalgi bir Payg‘ambarning bayramidir. U kunni ro‘za bilan o‘tkazing”. Abdulloh ibn Abbos رضي الله عنه Ashuro kunining fazli hakida so‘raganda, ushbu muborak xabarni berdilar: “Payg‘ambarimiz ﷺ Ashuro kuni ro‘zasini boshqalardan afzal ko‘rib tutganlarini, Ramazon oyi ro‘zasini sog‘ingandek boshqa kun va oy ro‘zasini sog‘inganlarini ko‘rmadim”, deb javob berdilar. Abu Hurayra رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi Payg‘ambarimiz ﷺ: “Ramazon oyidan keyin ro‘zaning afzali Muharram oyi ro‘zasidir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tunggi namozdir”, – dedilar. Yana boshqa rivoyatlarda Payg‘ambarimiz ﷺ: “Bir kunni boshqa kunda ro‘za tutishdan hech qanday ustunligi yuq ya’ni hammasi tengdir. Lekin Ramazon oyi va Ashuro kuni bundan mustasno”, – dedilar. Payg‘ambarimiz ﷺ dan so‘rashdi. U vaqt Hazrati Ali رضي الله عنه ham shu yerda edilar.
Ey, Rasululloh ﷺ Ramazondan boshqa bir vaqt ro‘za tutish tavsiya qilinsa qaysi oyni tavsiya qilgan bo‘lar edingiz?
Payg‘ambarimiz ﷺ: “Ramazondan boshqa bir oyda ro‘za tutishni istasang Muxarram oyida tut. Chunki Muharram oyi Allohning oyidir. Xarom oylardandir. Shu sababli bu oyda tut. Bu oyda bir kun borki Alloh Avvalgi qavmlardan ba’zi insonlarni tavba qilishni muyassar qilgani kabi boshqa insonlarni tavbasini qabul etishni muyassar qildi”, – deb javob qildilar (Imom Termiziy rivoyati).
Mazkur hadisdan quyidagicha xulosa qilish mumkinki, qaysi bir kishi biror ulug‘ ne’matga musharraf bo‘lsa, uning shukronasiga, hech bo‘lmasa, bir kun nafl ro‘za tutmog‘i maqsadga muvofiqdir. Zero, Payg‘ambarimiz ﷺ haftaning har dushanba kuni nafl ro‘za tutar edilar, sahobalar buning sababini so‘raganlarida, U zot: “Men shu kunda tug‘ilganman va shu kuni payg‘ambar bo‘lganman”, – deb javob berganlar.
Azizlar! Bundan tashqari Ashuro kunining fazilati borasida quyidagi rivoyat ham mavjudki:
يُرْوَى عَنْ إِبْرَاهِيمَ بْنِ مُحَمًّدٍ بنِ المُنتَشِر، عَنْ أَبِيهِ أَنَّهُ قَالَ: "بَلَغَنَا أَنَّهُ مَنْ وَسَّعَ عَلَى أَهْلِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ" قَالَ سُفْيَانُ بْنُ عُيَيْنَةَ: "جَرَّبْنَاهُ مُنْذُ سِتِّينَ عَامًا فَوَجَدْنَاهُ صَحِيحًا"
ya’ni: Ibrohim ibn Muhammad ibn al-Muntashirdan, u kishi otasidan rivoyat qilib aytadiki: “Bizga kelgan xabarga ko‘ra, kim Ashuro kuni oila ahliga kengchilik qilib bersa, Alloh taolo unga yil davomida kengchilik qilib qo‘yadi”. Sufyon ibn Uyayna aytadilar: “Biz bu xabarni oltmish yildan beri tajriba qilamiz va uning to‘g‘riligini topganmiz”.
Darhaqiqat, inson o‘z ahli oilasiga har qancha kengchilik qilib bersa yarashadi. Ayniqsa, yilda bir keladigan ushbu fazilatli Ashuroning o‘n kunida kishi o‘z oilasiga zarur bo‘ladigan yegulik va boshqa ehtiyojlarini imkon qadar muhayyo qilsa, yil davomida bu oilani fayz-baraka va ko‘plab yaxshiliklar aslo tark etmaydi. Shunga ko‘ra shodiyona kunlariga alohida e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiq. Zero, hadisi sharifda marhamat qilingan:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرة رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ، قَالَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم: "دِينَارٌ أنْفَقْتَهُ في سَبيلِ اللهِ وَ دِينار أنْفَقْتَهُ في رَقَبَةٍ وَ دِينارٌ تَصَدَّقْتَ بِهِ عَلَى مِسْكِينٍ وَ دِينَارٌ أنْفَقْتَهُ عَلَى أهْلِكَ أعْظَمُهَا أجْراً الَّذِي أنْفَقْتَهُ عَلَى أهْلِكَ" (رَوَاهُ الإِمَامُ مُسلِمُ
ya’ni: Abu Hurayra رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Alloh yo‘lida qilgan bir dinor infoqing, qul ozod etish uchun qilgan bir dinor infoqing, miskinga qilgan bir dinor sadaqang va ahlingga qilgan bir dinor nafaqang, bularning ichida savobi eng ulug‘i ahlingga qilgan nafaqangdir” (Imom Muslim rivoyati).
Muhtaraj azizlar! Bu juma kunimizning Fiqhiy masalalari:
Azon aytish tartibi:
Namozning tashqaridagi farzlari 6 ta dir:
Namozning ichidagi farzlari 6 ta dir:
Muhtaram jamoat! O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan xijriy 1439 yil uchun yangi taqvim nashrdan chiqdi. Ularni joylardagi do‘konlardan xarid qilishingiz mumkin.
Alloh taolo ushbu yangi hijriy 1439 yilni tinchlik, fayzli va barokatli aylasin! Omin!
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati