Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

15.09.2017 y. Kasbga sadoqat

13.09.2017   9457   10 min.
15.09.2017 y. Kasbga sadoqat

بسم الله الرحمن الرحيم

 

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, kishi kasb qilish orqali, avvalo o‘zining moddiy ehtiyojlarini qondiradi. Qolaversa, oila ahlining nafaqasi, qaramog‘idagi kishilarning ta’minotini amalga oshiradi. Bir so‘z bilan aytganda, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, moddiy hayotini yo‘lga qo‘yishi uchun birorta kasb bilan shug‘ullanishga majbur. Alloh taolo sizu biz, mo‘min-musulmonlarni halol kasb bilan shug‘ullanishga, haromdan hazar qilishga buyurgan. Bu haqda Payg‘ambarimiz ﷺ dan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:

عَنِ النَّبِيِّ  صلى الله عليه وسلم أَنَّهُ قَالَ:"إنَّ اللهَ طَيِّبٌ لاَ يَقبَلُ إِلاَّ طَيِّبًا، وَ إِنَّ اللهَ أَمَرَ المُؤمِنِينَ بِمَا أَمَرَ بِهِ المُرسَلِينَ، فَقَالَ تَعَالىَ: {يَا أَيُّهَا الرُّسُلُ كُلُوا مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَاعْمَلُوا صَالِحًا إِنِّي بِمَا تَعْمَلُونَ عَلِيمٌ}  (سورة المؤمنون/51)، وَ قَالَ تَعَالىَ: {يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا رَزَقْنَاكُمْ}  (سورة البقرة/172)، ثُمَّ ذَكَرَ صلى الله عليه وسلم الرَّجُلَ يُطِيلُ السَّفَرَ أَشعَثَ أَغبَرَ يَمُدُّ يَدَيهِ إِلىَ السَّمَاءِ وَ يَقُولُ يَا رَبِّ ياَ رَبِّ وَ مَطعَمُهُ حَرَامٌ، وَ مَشرَبُهُ حَرَامٌ، وَ مَلبَسُهُ حَرَامٌ، وَ غُذِيَ باِلحَرَامِ! فَأَنىَّ يُستَجَابُ لِذَلِكَ؟"  (رواه الإمام مسلم.

 ya’ni: U zot ﷺ aytadilar: “Albatta, Alloh taolo pokdir va U pok narsanigina qabul qiladi. Darhaqiqat, Alloh taolo payg‘ambarlarga buyurgan narsani mo‘minlarga ham buyurgan. U aytganki: Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz!(Mo‘minun surasi, 51-oyat) va yana aytdiki:Ey, imon keltirganlar! Sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar!” (Baqara surasi, 172-oyat). Shundan so‘ng, Rasululloh ﷺ  bir kishi haqida aytdilar: “U uzoq (haj) safariga chiqib, soch-soqoli to‘zg‘ib, changga botgan holda ikki qo‘lini osmonga ko‘tarib, ey, rabbim, ey, rabbim, deydi. Vaholanki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom, haromdan oziqlangan! Qayerdan ham duosi ijobat bo‘lsin?” (Imom Muslim rivoyati).

Darhaqiqat, tarixdan ma’lumki, payg‘ambarlarning barchasi ham zimmalaridagi Alloh taolo tomonidan yuklatilgan elchilik vazifalarini     buyuk omonat bilan ado etish bilan bir qatorda o‘zlari va oila ahllarini boqish uchun halol kasb bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Masalan, Odam a.s. dehqonchilik va to‘quvchilik, Idris a.s. tikuvchi va xattot, Nuh va Zakariyo a.s.lar duradgor, Hud va Solih a.s.lar tijorat, Ibrohim a.s. dehqonchilik va tijorat, Dovud a.s. temirchi, Sulaymon a.s. hunarmand, Muso, Shu’ayb va Payg‘ambarimiz a.s.lar cho‘ponlik bilan shug‘ullanganlar.

Inson uchun eng halol kasb o‘z mehnati evaziga topilgan rizqdir.

 

عَنْ الْمِقْدَامِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَا أَكَلَ أَحَدٌ طَعَاماً قَطُّ خَيراً مِن أَن يَأكُلَ مِن عَمَلِ يَدِهِ، وَ إِنَّ نَبِيَّ اللهِ دَاوُدُ عَلَيهِ السَّلاَمُ كَانَ يَأكُلُ مِن عَمَلِ يَدِهِ"

(رواه الإمام البخاري).

ya’ni: Miqdam رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Rasululloh صلى الله عليه وسلم aytdilar: “Hech kim o‘z qo‘l mehnati bilan topgandan yaxshiroq taom yegan emas, darhaqiqat, Allohning payg‘ambari Dovud a.s. ham o‘z qo‘l mehnati bilan kun ko‘rgan” (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa bir hadisda:

قال رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "لَأَن يَحتَطَبَ أَحَدُكُم عَلَى ظَهرِهِ خَيرٌ مِن أَن يَسأَلَ أَحَداً فَيُعطِيهِ أَو يَمنَعُهُ"

(رواه الإمام البخاري).

ya’ni: Payg‘ambar صلى الله عليه وسلم dedilar: “Birortangiz yelkasiga o‘tin ortib yurgani birovdan tilanchilik qilib, u berib yoki bermaganidan yaxshiroqdir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Halol kasb-hunar orqali tirikchilik o‘tkazish ham ibodat sanaladi. Erta tongdan kechgacha halol rizq bilan oila ahlini boqish maqsadida ishlab horgan kimsaning gunohlari kechiriladi, deyilgan bir hadisda. Boshqa bir hadisda esa:

عن عبد الله بن مسعود رضي الله عنه قال، قال رسول الله صلى الله عليه وسلم :"طَلَبُ كَسبِ الحَلاَلِ فَرِيضَةٌ بَعدَ الفَرِيضَة" (رواه الإمام البيهقي في  شعب الإيمان).

ya’ni: Abdulloh ibn Mas’ud رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Rasululloh صلى الله عليه وسلم: “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy “Shu’abul imon” kitobida rivoyat qilgan).

Muhtaram azizlar! Inson halol kasb qilar ekan, albatta, birinchi navbatda niyati xolis bo‘lishi lozim. Ya’ni, shu halol kasbi orqali o‘zini va ahli oilasini ta’minlashi, o‘zgalarga qaram va muhtoj bo‘lishdan saqlanishi, qolaversa, jamiyatdagi kishilarga manfaat yetkazishi, ularning og‘irini yengil qilishi kasb qilishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad bo‘lmog‘i kerak. Alloh taologa beadad hamdlar bo‘lsinki, biz bandalariga aqlu idrok berib, halol kasb yo‘llarini ko‘paytirib ato etgan. Davlatimizda ham yil sayin ish o‘rinlarini ko‘paytirish borasida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, oliygohlar, kasb-hunar kollejlari va turli o‘quv markazlari faoliyatlarini yo‘lga qo‘yilishidan maqsad ham yoshlarni kasb-hunarli qilib hayotlarining farovon bo‘lishi va el-yurt ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishlari uchun imkoniyat yaratishdir. 

                Zero, halol kasb qilishning ko‘plab dunyoviy va uxroviy manfaatlari bordir. Jumladan, halol kasb qalbga nur, dilga surur baxsh etadi. Insonda xotirjamlik va halovat paydo qiladi. A’zolarni ibodatga moil etib, amallarni maqbul bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Rizqda va umrda baraka paydo qiladi. Asosiysi, Allohning rizosiga va duolarning ijobat bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz صلى الله عليه وسلم ulug‘ sahobiy Sa’d ibn Abi Vaqqos رضي الله عنه ga qilgan nasihatlarining birida shunday degan edilar:

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم :"يَا سَعدُ أَطِب مَطعَمَكَ تَكُن مُستَجَابَ الدَّعوَةِ" (رواه الإمام الطبراني).

ya’ni: Rasululloh صلى الله عليه وسلم aytdilar: “Ey, Sa’d! Taomingni halol bo‘lishiga e’tibor bergin, duosi qabul bo‘ladiganlardan bo‘lasan” (Imom Tabaroniy rivoyati).

O‘z kasbi va mansab-martabasini suiste’mol qilish, kasbu-korida qalbakilikka, ta’magirlikka o‘tish orqali halol bo‘lmagan yo‘llar bilan kun ko‘rish ayni gunoh ishdir. Payg‘ambarimiz صلى الله عليه وسلم bu haqda shunday dedilar:

 

عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ :"وَ الَّذِي نَفسُ محمد بِيَدِهِ إِنَّ العَبدَ لَيقَذِفُ بِلُقمَةِ الحَرَامِ فيِ جَوفِهِ فَلَا يَقبَلُ مِنهُ عَمَلُ أَربَعِينَ يَومًا، وَ أَيُّمَا عَبدٍ نَبَت لَحمُهُ مِن السُّحتِ وَ الرِّبَا، فَالنَّارُ أَولَى بِهِ"

(رواه الإمام الطبراني).

 

ya’ni: “Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, banda qorniga bitta harom luqmani tashlashi bilan qirq kunlik amali qabul bo‘lmaydi. Qaysi bandaning eti harom va ribo orqasidan o‘sgan bo‘lsa, u do‘zaxga loyiqdir” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Kishi biror kasb-hunar bilan shug‘ullanar ekan, uni puxta va xolis bajarmog‘i lozim bo‘ladi. Yurtimizda yashayotgan har bir inson borki, u o‘qituvchi yoki shifokor bo‘ladimi, olim yoki oddiy ishchimi, tadbirkor yoxud xizmatchimi, qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, Vatanning ravnaqi yo‘lida, o‘z kasbidan kelib chiqib, yurtimizning kelajagi va rivojlanishi yo‘lida astoydil xizmat qilishi kerak. O‘z kasbiga nisbatan sadoqati bo‘lmagan shaxsning na ishida, na kasbu korida baraka bo‘ladi, balki uning butun hayoti beqarorlikda o‘tadi. Modomiki, biz buyuk kelajak sari odimlayotgan ekanmiz, har birimiz o‘z vazifamizga sadoqat bilan yondashmog‘imiz lozimdir.

Azizlar! Fiqhiy masalalarning bayoni borasidagi bugungi suhbatimizda hanafiy mazhabimizda namoz vaqtlari va namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlar haqida so‘z yuritamiz.

 

Namozning vaqtlari:

1) bomdodning avvalgi vaqti tong yorishib ufqda oqlikning tarqalishidir. Uning tugash vaqti quyosh chiqishdan oldindir;

2) peshinning avvalgi vaqti quyoshning tik turgandan so‘ng og‘ishidir. Uning oxirgi vaqti har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lgunchadir;

3) asrning avvalgi vaqti peshinning vaqti chiqqandan boshlab kiradi. Uning oxirgi vaqti quyosh botishdan oldingi vaqtdir;

4) shomning avvalgi vaqti quyoshning botishidir. Uning oxirgi vaqti shafaq (quyoshning qizilligi) yo‘qolgan vaqtdir;

5) xuftonning avvalgi vaqti shafaqning botishidir. Uning oxirgi vaqti tong yorishishidir.

6) vitr namozining avvalgi vaqti xuftondan keyin bo‘lib, uning oxirgi vaqti bomdodning vaqti kirishidir.

 

Namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlar:

  • quyosh chiqayotganda;
  • Tush vaqtida quyosh tikkaga kelganda;
  • quyosh botayotganda;
  • ushbu vaqtlarda janoza namozi va tilovat sajdasini ham qilish makruh;
  • bomdod namozidan so‘ng to quyosh chiqquncha nafl namoz o‘qish;
  • asr namozidan so‘ng to quyosh botguncha nafl namoz o‘qish;
  • quyosh chiqqandan so‘ng 2 rakaat namoz miqdoridagi vaqt o‘tmasdan nafl namoz o‘qish;
  • quyosh botgandan so‘ng shomning farzini ado qilguncha nafl o‘qish;

imom-xatib xutba o‘qiyotganda to xutbasini tugatguncha nafl o‘qish.

 

Alloh taolo yurtimiz tinchligini bundan ham mustahkam qilib, xalqimiz farovonligi, oilalarimiz baxtu saodati yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishimizni muyassar aylasin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   28969   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari