بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, Islom dini insonlarni ilm olishga targ‘ib qiluvchi dindir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan dastlabki oyatlarda ilm olishga undash ma’nosi borligining o‘zi ham Islom ilmu ma’rifat dini ekanligining yorqin dalilidir. Alloh taolo Qur’oni karimda iymon keltirgan ilm egalarining martabalarini yuksak darajalarga ko‘tarishini bayon qilgan.
Ilm esa amalni, amal esa ixlosni yordamga chaqiradi. Agar yordamga kelmasa ilm u kishidan qochadi. (“Adabud-dunyo vad-din” kitobidan) Yaxshi tushunmoq kerakki! Har bir ish mukammal, mustahkam bo‘lishi uchun ilm, amal va ixlos birlashishi shart. Farididdin Attor ilohiyatda avval ixlos keyin ilm turadi deydilar. Ya’ni: ixlosi bo‘lmagan kishiga ming bor ilm borasida so‘zlansa ham u odamda zarra miqdorda fazilat, daraja, yuksak bir maqom belgisi ko‘rinmaydi. Shu sababdan har bir amal ixlos ila bajarilsa kundan – kun u islom nemati bilan yashay boshlaydi. Dunyoda ilmdan ko‘ra yuksak daraja va martaba yo‘qdir. Shu sababli yurtimizdan chiqqan va boshqa yurtdagi barcha olimlar o‘zlarini foydasi keng, darajasi ziyoda amalga fido qilishgan.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish inson va jinlarning ibodatidan yaxshiroqdir”. Shayx Xudoydod Vali shu hadisga ishorat qilib aytadilar: “Mening nazdimda bir mardi haq olimning oldida bir soat o‘tirish 50.000 ming yillik zikr va fikr qilishdan yaxshiroqdir, deganlar. Jaloliddin Rumiy aytadilar: “Qancha-qancha yillar kerak bir mardi haq olim bo‘lish uchun va qancha-qancha asrlar kerak bir mardi haq valiy bo‘lish uchun”.
عَنِ الْحَسَنِ أَنَّ أَبَا الدَّرْدَاءِ قَالَ: "كُنْ عَالِمًا أَوْ مُتَعَلِّمًا أَوْ مُحِبًّا أَوْ مُتَّبَعًا وَلا تَكُنِ الْخَامِسَ فَتَهْلِكَ "
(السُّنَنُ الكُبْرَى لِلبَيْهَقِي).
ya’ni: Hasan Basriy e dan rivoyat qilinadi, Abu Dardo رضي الله عنه aytadilar: “Avvalo, olim bo‘l! Loaqal, ta’lim oluvchi yoki ularni sevuvchi yoxud ularga ergashuvchi bo‘lgin. Ammo beshinchi odam (mazkur to‘rt xislatdan tashqaridagi) bo‘lmaginki, halok bo‘lursan” (Imom Bayhaqiy “Sunani Kubro” kitobida keltirgan). Jololiddin Rumiy dunyoda hamma narsa suvga to‘yadi. Baliq suv ichida yursa ham suvga to‘ymaydi. Buni ilmga qiyos qilib aytadilarki: “Go‘yo sizlar ilm olishda baliqqa o‘xshanglar, baliq suvga to‘ymagani kabi sizlar ham ilm ichida yurib ilmga to‘ymanglar”, – deganlar. Abul Barakot “Madorikut-tanzil” tafsirlarida bir muborak hadisi sharifni keltiradi. Buni sizlarga ham ma’lumot sifatida keltirmoqchimiz. Payg‘ambar ﷺ aytadilar: “Bir tolibi ilm bir qabristonning yonidan o‘tsa uning sharofati bilan 40 kun qabrda azob to‘xtaydi”, deganlar. Abdulloh ibn Abbos رضي الله عنه aytadilar: “Olim bilan obid o‘rtasidagi farq, daraja 700 barobardir. Har bir darajaning orasi 500 yillik yo‘ldir. Har bir daraja orasi Osmon bilan Yerchadir”.
Besh narsa ko‘zga nur beradi: Qur’oni karimni o‘qish, olimlarga qarash, ota-onaga qarash, odil padshohga qarash va chiroyli manzarali joylarga qarash. Payg‘ambar ﷺ aytadilar: “Olimlarga bir marta qarashlik mening masjidimda bir yil e’tikofda o‘tirish bilan tengdir”. Yana Payg‘ambar ﷺ aytadilar: “Kim bir olimni hurmat qilsa, go‘yo meni hurmat qilgandek bo‘libdi. Kimki bir olimni xorlasa, go‘yo meni xorlagandek bo‘libdi”. Alloh taolo ilmni qiyomatgacha bandalar uchun ma’rifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi. Ilmsizlik, esa insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishini bildirdi. Insonlarni ilm olishga va bu orqali Parvardigorlarini tanishga buyurdi. Alloh taolo marhamat qiladiki:
(فَاعْلَمْ أَنَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَاسْتَغْفِرْ لِذَنْبِكَ وَلِلْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مُتَقَلَّبَكُمْ وَمَثْوَاكُمْ (سورة محمد/28
ya’ni: “Bas, (ey, Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang! Alloh sizlarning (bu dunyodagi) kezadigan joylaringizni ham, (oxiratda) boradigan joylaringizni ham bilur ”. (Muhammad surasi, 28-oyat).
“Ilm” so‘zi Qur’oni karimning sakkiz yuz o‘n bir joyida turli ma’nolarda kelgan. Qur’on va sunnatda ilm insoniyatni turli axloqsizliklar, harom-xarishlar, yomon yo‘l va amallardan qaytarishi zikr etilgan. Alloh taolo aytadi:
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
( سورة المجادلة/11).
ya’ni: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir”. Boshqa oyatda:
(قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ (سورة الزّﻣﺮ/9
ya’ni: “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?”. (Zumar surasi, 9-oyat).
Ushbu oyatlardan ham ko‘rinib turibdiki, ilmli kishilarning martabasi Alloh taoloning nazarida yuksakdir. Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan ko‘plab hadisi shariflar ham ilmga, o‘rganishga da’vat bilan yo‘g‘rilgan, Jumladan, bir hadislarida:
أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "اَلْعُلَمَاءُ وَرَثَةُ الْاَنْبِيَاءِ فَاِنَّ الْاَنْبِيَاءَ لَمْ يُوَرِّثُوا دِينَارًا وَلاَ دِرْهَمًا فَاِنَّمَا وَرَّثُوا الْعِلْمَ "
(رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوَدَ وَ الإِمَامُ التِّرمِذِي).
ya’ni: Payg‘ambar ﷺ: “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, balki, ilmni meros qilib qoldirganlar”, – deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda Rasululloh ﷺ:
(قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ يُرِدِ اللهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِى الدِّينِ وَيُلْهِمُهُ رُشْدَهُ" (مُتَّفَقٌ عَلَيهِ
ya’ni: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih (teran anglovchi) qilib qo‘yadi va unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Quyidagi hadislar ham ilm talab qilishning fazilatiga dalolat qiladi: “Olimning obiddan afzalligi mening quyi darajadagi sahobiydan afzalligim kabidir” (Imom Termiziy rivoyati), “Kim ilm talab qilish yo‘lini tutsa, Alloh taolo uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi” (Imom Muslim rivoyati), “Farishtalar ilm tolibining qilgan ishidan mamnun bo‘lib, unga qanotlarini yozishadi” (Imom Ahmad, Hokim, Ibn Hibbon rivoyati).
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, yangi o‘quv yili ham boshlab yuborildi, o‘quvchi va talabalar ilm olish maqsadida maktab va oliygohlarga bormoqdalar. Albatta, yoshlarning kelajakda biror kasb va hunar egasi bo‘lishlari birinchi navbatda o‘zlarining, qolaversa, ota-onalarining ham orzu umidlaridir. Ammo, ana shu orzu umidlar o‘z-o‘zidan ro‘yobga chiqib qolmasligini barchamiz yaxshi bilamiz. Buning uchun talaba va o‘quvchilar ilm yo‘lida uyqudan, ba’zi bir ko‘ngil xushliklardan kechmoqlariga to‘g‘ri keladi. Zero, ilm talab qilish va uning yo‘lida chekilgan zahmat tufayli juz’iy sahv va xatolarning kechirilishi Rasululloh ﷺ ning:
(قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "إِنَّ طَالِبَ العِلْمِ لَيَسْتغْفِرُ لَهُ مَنْ فيِ السَّمَاءِ وَ الأَرْضِ حَتَّى الحِيتَانَ فيِ الماَءِ" (رَوَاهُ الاِمَامُ التِّرْمِذِي
ya’ni: “Osmonu yerdagi hamma narsalar, hatto daryodagi baliqlar ham tolibi ilmning gunohlari mag‘firat qilinishini so‘raydilar”, – degan hadislarida o‘z ifodasini topgandir (Imom Termiziy rivoyati).
Ayrim kishilar esa ilm deganda faqat diniy ilmlarni nazarda tutib, musulmonchilikda dunyoviy fanlarning o‘rni yo‘q, degan noto‘g‘ri e’tiqodda bo‘ladilar. Aslida esa, diniy ilmlar ham, dunyoviy ilmlar ham Allohning ilmi bo‘lib, ularni bir biridan ajratish mumkin emas. Hazrati Odam dunyoviy ilm tufayli fazilatga ega bo‘lib, farishtalarning ta’zimiga sazovor bo‘ldilar.
Dunyoviy ilm odamga hurmat va fazilat keltirar ekan, Rasululloh ﷺ o‘z hadislarida marhamat qilib:
أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "أُطْلُبُوا العِلْمَ وَ لَوْ بِالصِّينِ فَإِنَّ طَلَبَ العِلمِ فَرِيضَةٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ"
(رَوَاهُ الإمام ابْنُ عَدِي وَ الإمام البَيهَقِي).
ya’ni: “Ilm Chin-Mochin (Xitoy)da bo‘lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir”, – deganlar (Imom Ibn Adiy va Imom Bayhaqiy rivoyatlari). Bundan ham diniy, ham dunyoviy ilmlarni talab qilish farzligi ma’lum bo‘ladi.
Yana shuni qayd etib o‘tish lozimki, o‘tgan barcha payg‘ambarlar, shu jumladan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo ﷺ ham o‘z ummatlariga faqat diniy ta’lim berish uchun yuborilmaganlar, balki dunyoviy ishlarga, turmush qurish, tijorat, ziroat, uy-ro‘zg‘or ishlari va badan tarbiyaga oid kabi bilimlarni o‘rgatganlar.
Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimizning baxt-saodati yo‘lida yoshlarimizni ilmu irfon va kasbu hunarli bo‘lib yetishishlari yo‘lida davlatimiz tomonidan qilinayotgan g‘amxo‘rlik bilan birga ota-onalarning harakatlari ham juda ahamiyatlidir.
Ayniqsa, ota-onalar o‘z farzandlariga to‘g‘ri maslahatlar berib, ularni sog‘lom va baquvvat o‘sib-ulg‘ayishlari, ilmli, ma’rifatli bo‘lishlari uchun g‘amho‘r bo‘lishlari kerak.
Islom hidoyatida tarbiya ko‘rgan va uning sof va pok buloqlaridan bahra olib ulg‘aygan musulmon kishisi o‘zi yashab turgan jamiyatdagi barcha insonlarga naf keltirishga, ulardan zararni daf qilishga sa’yu-harakat qiladi. Chunki, u haqiqat, yaxshilik, fazilat kabi odob-ahloq asosida tarbiya oladi.
Azizlar! Fiqhiy masalalarning bayoni borasidagi bugungi suhbatimizda hanafiy mazhabimizda hojatga borish va bavl qilishga oid odoblar haqida so‘z yuritamiz.
Hojatga borish odoblari:
Bavl qilish mumkin bo‘lmagan joylar:
Alloh taolo barchalarimizni dunyoga mashhur ajdodlarimiz izidan borib, yana ilm cho‘qqilarini zabt etuvchi, ilmga tashna bandalaridan aylasin, ilm o‘rganadigan, ilmga homiylik qiladigan, hech bo‘lmaganda ilmni, olimlarni sevadigan saodatmand insonlar safidan o‘rin bersin, omin!
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati