Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

08.09.2017 y. Ilm aql chirog‘i

06.09.2017   10913   12 min.
08.09.2017 y. Ilm aql chirog‘i

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, Islom dini insonlarni ilm olishga targ‘ib qiluvchi dindir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan dastlabki oyatlarda ilm olishga undash ma’nosi borligining o‘zi ham Islom ilmu ma’rifat dini ekanligining yorqin dalilidir. Alloh taolo Qur’oni karimda iymon keltirgan ilm egalarining martabalarini yuksak darajalarga ko‘tarishini bayon qilgan.

Ilm esa amalni, amal esa ixlosni yordamga chaqiradi. Agar yordamga kelmasa ilm u kishidan qochadi. (“Adabud-dunyo vad-din” kitobidan) Yaxshi tushunmoq kerakki! Har bir ish mukammal, mustahkam bo‘lishi uchun ilm, amal va ixlos birlashishi shart. Farididdin Attor  ilohiyatda avval ixlos keyin ilm turadi deydilar. Ya’ni: ixlosi bo‘lmagan kishiga ming bor ilm borasida so‘zlansa ham u odamda zarra miqdorda fazilat, daraja, yuksak bir maqom belgisi ko‘rinmaydi. Shu sababdan har bir amal ixlos ila bajarilsa kundan – kun u islom nemati bilan yashay boshlaydi. Dunyoda ilmdan ko‘ra yuksak daraja va martaba yo‘qdir. Shu sababli yurtimizdan chiqqan va boshqa yurtdagi barcha olimlar o‘zlarini foydasi keng, darajasi ziyoda amalga fido qilishgan.

Payg‘ambarimiz ﷺ aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish inson va jinlarning ibodatidan yaxshiroqdir”. Shayx Xudoydod Vali  shu hadisga ishorat qilib aytadilar: “Mening nazdimda  bir mardi haq olimning oldida bir soat o‘tirish 50.000 ming yillik zikr va fikr qilishdan yaxshiroqdir, deganlar. Jaloliddin Rumiy  aytadilar: “Qancha-qancha yillar kerak bir mardi haq olim bo‘lish uchun va qancha-qancha asrlar kerak bir mardi haq valiy bo‘lish uchun”.

عَنِ الْحَسَنِ أَنَّ أَبَا الدَّرْدَاءِ قَالَ: "كُنْ عَالِمًا  أَوْ مُتَعَلِّمًا  أَوْ مُحِبًّا  أَوْ مُتَّبَعًا  وَلا تَكُنِ الْخَامِسَ فَتَهْلِكَ "

 (السُّنَنُ الكُبْرَى لِلبَيْهَقِي).

ya’ni: Hasan Basriy e dan rivoyat qilinadi, Abu Dardo رضي الله عنه aytadilar: “Avvalo, olim bo‘l! Loaqal, ta’lim oluvchi yoki ularni sevuvchi yoxud ularga ergashuvchi bo‘lgin. Ammo beshinchi odam (mazkur to‘rt xislatdan tashqaridagi) bo‘lmaginki, halok bo‘lursan” (Imom Bayhaqiy “Sunani Kubro” kitobida keltirgan). Jololiddin Rumiy dunyoda hamma narsa suvga to‘yadi. Baliq suv ichida yursa ham suvga to‘ymaydi. Buni ilmga qiyos qilib aytadilarki: “Go‘yo sizlar ilm olishda baliqqa o‘xshanglar, baliq suvga to‘ymagani kabi sizlar ham ilm ichida yurib ilmga to‘ymanglar”, – deganlar. Abul Barakot  “Madorikut-tanzil” tafsirlarida bir muborak hadisi sharifni keltiradi. Buni sizlarga ham ma’lumot sifatida keltirmoqchimiz. Payg‘ambar ﷺ aytadilar: “Bir tolibi  ilm bir qabristonning yonidan o‘tsa uning sharofati bilan 40 kun  qabrda azob to‘xtaydi”, deganlar. Abdulloh ibn Abbos رضي الله عنه aytadilar: “Olim bilan obid o‘rtasidagi farq, daraja 700 barobardir. Har bir darajaning orasi 500 yillik yo‘ldir. Har bir daraja orasi Osmon bilan Yerchadir”.

Besh narsa ko‘zga nur beradi: Qur’oni karimni o‘qish, olimlarga qarash, ota-onaga qarash, odil padshohga qarash va chiroyli manzarali joylarga qarash. Payg‘ambar ﷺ aytadilar: “Olimlarga  bir marta qarashlik mening masjidimda bir yil e’tikofda o‘tirish bilan tengdir”. Yana Payg‘ambar ﷺ aytadilar:  “Kim bir olimni hurmat qilsa, go‘yo meni hurmat qilgandek bo‘libdi. Kimki bir olimni xorlasa, go‘yo meni xorlagandek bo‘libdi”. Alloh taolo ilmni qiyomatgacha bandalar uchun ma’rifatga erishish, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi. Ilmsizlik, esa insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishini bildirdi. Insonlarni ilm olishga va bu orqali Parvardigorlarini tanishga buyurdi. Alloh taolo marhamat qiladiki:

(فَاعْلَمْ أَنَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَاسْتَغْفِرْ لِذَنْبِكَ وَلِلْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ وَاللَّهُ يَعْلَمُ مُتَقَلَّبَكُمْ وَمَثْوَاكُمْ  (سورة محمد/28

ya’ni:Bas, (ey, Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang! Alloh sizlarning (bu dunyodagi) kezadigan joylaringizni ham, (oxiratda) boradigan joylaringizni ham bilur . (Muhammad surasi, 28-oyat).

“Ilm” so‘zi Qur’oni karimning sakkiz yuz o‘n bir joyida turli ma’nolarda kelgan. Qur’on va sunnatda ilm insoniyatni turli axloqsizliklar, harom-xarishlar, yomon yo‘l va amallardan qaytarishi zikr etilgan. Alloh taolo aytadi:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

( سورة المجادلة/11).

ya’ni: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir”. Boshqa oyatda:

(قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ   (سورة الزّﻣﺮ/9

ya’ni:Ayting: Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?. (Zumar surasi, 9-oyat).

Ushbu oyatlardan ham ko‘rinib turibdiki, ilmli kishilarning martabasi Alloh taoloning nazarida yuksakdir. Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan ko‘plab hadisi shariflar ham ilmga, o‘rganishga da’vat bilan yo‘g‘rilgan, Jumladan, bir hadislarida:

أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: َلْعُلَمَاءُ وَرَثَةُ الْاَنْبِيَاءِ فَاِنَّ الْاَنْبِيَاءَ لَمْ يُوَرِّثُوا دِينَارًا وَلاَ دِرْهَمًا فَاِنَّمَا وَرَّثُوا الْعِلْمَ "

(رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوَدَ وَ الإِمَامُ التِّرمِذِي).

ya’ni: Payg‘ambar ﷺ: “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, balki, ilmni meros qilib qoldirganlar”, – deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda Rasululloh ﷺ:

(قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم:َنْ يُرِدِ اللهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِى الدِّينِ وَيُلْهِمُهُ رُشْدَهُ" (مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

ya’ni: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih (teran anglovchi) qilib qo‘yadi va unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Quyidagi hadislar ham ilm talab qilishning fazilatiga dalolat qiladi: “Olimning obiddan afzalligi mening quyi darajadagi sahobiydan afzalligim kabidir” (Imom Termiziy rivoyati), “Kim ilm talab qilish yo‘lini tutsa, Alloh taolo uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi” (Imom Muslim rivoyati), “Farishtalar ilm tolibining qilgan ishidan mamnun bo‘lib, unga qanotlarini yozishadi” (Imom Ahmad, Hokim, Ibn Hibbon rivoyati).

Muhtaram  jamoat! Ma’lumki, yangi o‘quv yili ham boshlab yuborildi, o‘quvchi va talabalar ilm olish maqsadida maktab va oliygohlarga bormoqdalar. Albatta, yoshlarning kelajakda biror kasb va hunar egasi bo‘lishlari birinchi navbatda o‘zlarining, qolaversa, ota-onalarining ham orzu umidlaridir. Ammo, ana shu orzu umidlar o‘z-o‘zidan ro‘yobga chiqib qolmasligini barchamiz yaxshi bilamiz. Buning uchun talaba va o‘quvchilar ilm yo‘lida uyqudan,  ba’zi bir ko‘ngil xushliklardan kechmoqlariga to‘g‘ri keladi. Zero, ilm talab qilish va uning yo‘lida chekilgan zahmat tufayli juz’iy sahv va xatolarning kechirilishi Rasululloh ﷺ ning:

(قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "إِنَّ طَالِبَ العِلْمِ لَيَسْتغْفِرُ لَهُ مَنْ فيِ السَّمَاءِ وَ الأَرْضِ حَتَّى الحِيتَانَ فيِ الماَءِ" (رَوَاهُ الاِمَامُ التِّرْمِذِي

ya’ni: “Osmonu yerdagi hamma narsalar, hatto daryodagi baliqlar ham tolibi ilmning gunohlari mag‘firat qilinishini  so‘raydilar”, – degan hadislarida o‘z ifodasini topgandir (Imom Termiziy rivoyati).

Ayrim kishilar esa ilm deganda faqat diniy ilmlarni nazarda tutib, musulmonchilikda dunyoviy fanlarning o‘rni yo‘q, degan noto‘g‘ri e’tiqodda bo‘ladilar. Aslida esa, diniy ilmlar ham, dunyoviy ilmlar ham Allohning ilmi bo‘lib, ularni bir biridan ajratish mumkin emas. Hazrati Odam  dunyoviy ilm tufayli fazilatga ega bo‘lib, farishtalarning ta’zimiga sazovor bo‘ldilar.

Dunyoviy ilm odamga hurmat va fazilat keltirar ekan, Rasululloh ﷺ o‘z hadislarida marhamat qilib:

أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "أُطْلُبُوا العِلْمَ وَ لَوْ بِالصِّينِ فَإِنَّ طَلَبَ العِلمِ فَرِيضَةٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ"

(رَوَاهُ الإمام ابْنُ عَدِي وَ الإمام البَيهَقِي).

ya’ni: “Ilm Chin-Mochin (Xitoy)da bo‘lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir”, – deganlar (Imom Ibn Adiy va Imom Bayhaqiy rivoyatlari). Bundan ham diniy, ham dunyoviy ilmlarni talab qilish farzligi ma’lum bo‘ladi.

Yana shuni qayd etib o‘tish lozimki, o‘tgan barcha payg‘ambarlar, shu jumladan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo ﷺ ham o‘z ummatlariga faqat diniy ta’lim berish uchun yuborilmaganlar, balki dunyoviy ishlarga, turmush qurish, tijorat, ziroat, uy-ro‘zg‘or ishlari va badan tarbiyaga oid kabi bilimlarni o‘rgatganlar.

Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimizning baxt-saodati yo‘lida yoshlarimizni ilmu irfon va kasbu hunarli bo‘lib yetishishlari yo‘lida davlatimiz tomonidan qilinayotgan g‘amxo‘rlik bilan birga ota-onalarning harakatlari ham juda ahamiyatlidir.

Ayniqsa, ota-onalar o‘z farzandlariga to‘g‘ri maslahatlar berib, ularni sog‘lom va baquvvat o‘sib-ulg‘ayishlari, ilmli, ma’rifatli bo‘lishlari uchun g‘amho‘r bo‘lishlari kerak.

Islom hidoyatida tarbiya ko‘rgan va uning sof va pok buloqlaridan bahra olib ulg‘aygan musulmon kishisi o‘zi yashab turgan jamiyatdagi barcha insonlarga naf keltirishga, ulardan zararni daf qilishga sa’yu-harakat qiladi. Chunki, u haqiqat, yaxshilik, fazilat kabi odob-ahloq asosida tarbiya oladi.

Azizlar! Fiqhiy masalalarning bayoni borasidagi bugungi suhbatimizda hanafiy mazhabimizda hojatga borish va bavl qilishga oid odoblar haqida so‘z yuritamiz.

 

Hojatga borish odoblari:

  • hojatxonaga kirishdan oldin “Allohumma inni a’uzu bika minal xubsi val xaboisi” (ey, Rabbim erkak va ayol jinlarning yomonligidan Sendan panoh tilayman) deb panoh tilash;
  • hojatxonaga chap oyoq bilan kirish;
  • hojatxonada o‘tirganda qiblaga yuzlanmaslik;
  • hojatxonada chap oyoqqa moyil bo‘lib o‘tirish (yengil bo‘shanish uchun);
  • hojatxonada xayollanib qolmasdan zudlik bilan chiqish;
  • hojatxonada gapirmaslik;
  • jinsiy a’zolarga uzrsiz qaramaslik;
  • hojatxonada burun qoqmaslik va tupirmaslik;
  • chap qo‘li bilan istibro qilish;
  • hojatxonadan o‘ng oyoq bilan chiqish.
  • hojatxonadan chiqqandan so‘ng “G‘ufronaka Rabbana” (ey, Rabbim meni mag‘firat qil) deb aytish.

 

  Bavl qilish mumkin bo‘lmagan joylar:

  1. omma yo‘li (jamoat yuradigan joy)da bavl qilmaslik;
  2. oqar suvga bavl qilmaslik;
  3. chumoli kabi hashorot va boshqa hayvonlarning uyi (in)lariga bavl qilmaslik;
  4. tik turgan holda bavl qilmaslik;
  5. axlatxona va boshqa chiqindi tashlangan joylarga bavl qilmaslik;
  6. daraxt soyalariga bavl qilmaslik.

 

Alloh taolo barchalarimizni dunyoga mashhur ajdodlarimiz izidan borib, yana ilm cho‘qqilarini zabt etuvchi, ilmga tashna bandalaridan aylasin, ilm o‘rganadigan, ilmga homiylik qiladigan, hech bo‘lmaganda ilmni, olimlarni sevadigan saodatmand insonlar safidan o‘rin bersin, omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   22436   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari