Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

“Uy muborak”

29.08.2017   9421   3 min.
“Uy muborak”

Bir yili Alloh taoloning inoyati ila hajga borib kelish kaminaga ham nasib etdi. Haj safari chog‘ida do‘st-birodarlar orttirdim. Biz bilan Ilhomjon degan o‘rta yoshlardagi kishi ham birga hoji bo‘lib qaytdi. Bir marta u bizlarni yangi qurib ko‘targan uyiga  taklif  kildi. Juma namozida ko‘rishib, uch-to‘rt hojini mashinasiga  mindirib o‘zi yashaydigan mahallaga olib jo‘nadi.

Qo‘shqavat qilib  solingan  hashamatli  imorat oldiga borib mashinadan tushganimizda, to‘g‘risi, hammamiz angrayib qoldik. Chunki bunday hashamatli imoratni birortamiz ko‘rmagan edik. Birin-ketin ostona hatladik. Ilhomjon bizni ikkinchi qavatga boshladi. Ikkinchi qavat ham hayhotday keng bo‘lib, o‘rtada dasturxon bezatilgan.

Dasturxon atrofida joylashib olgandan keyin yoshi ulug‘rog‘imiz, uy egasining kasb-koriga,  umriga,   rizqiga barokat tilab duo qildi. Mezbon  xizmatga kirishib, turli  taomlarni oldinma-ketin uzata boshladi. Hojilarning   suhbatlari  qizidi.  Sukut  saqlab turgan  asli kitoblik  bir  hoji  xo‘rsinib: “Ey  birodarlar,  odamzod  yaxshi  yemay,  yaxshi  kiymay,  kecha-kunduz oromini yo‘qotib,  qancha  mashaqqatlar evaziga mana bunday imoratlarni quradi, bu hazilakam ish emas, hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin  bu  koshonada qancha yashashlarini  bilmaydilar-da”, deb turganida  mezbon  choy ko‘tarib kirib qoldi. Shunda  hoji birdaniga qutlovini boshlab yuborib: ”Ey do‘stim, bu  “vremenka” lar qutlug‘  bo‘lsin, ilohim, rohatini ko‘ring, aslo kam bo‘lmang”, deya duo qilib qolsa bo‘ladimi. Qolganlar ham qo‘l ko‘targan holida taqqa to‘xtadi. Bir-birlariga qarab uy egasining avzoyini kuzata boshladi. Bunday duoni kutmagan uy egasi oldiniga nima deyishini bilmasdan bir oz jim bo‘lib qoldi. Biroq gap nimaga ishora qilinganini tushunib olmasdan noto‘g‘ri eshitmadimmi, degandek, hojining so‘ziga tuzatish kiritmoqchi bo‘ldi: ”Taqsir, bu  uylar “vremenka”  emas, haqiqiy imorat, pishiq g‘ishtdan ko‘tarilgan, hamma ishlatilgan narsalar tozasi, hov anavi yerda uchta   hujralar “vremenka” edi, vaqtida otamiz qurgan, o‘shalarni buzib hozirgi imoratni ko‘tardim, deb  tushuntira  ketdi. Sal oraga noxushlik oralaganday bo‘ldi.

Taomdan so‘ng  choy  ustida suhbat  davom  etdi. Biroq uy egasining avzoyidan xafa bo‘lgani sezilib turardi. Chunki uning necha yillab qilgan mehnati va sarf-xarajatini oddiy “vremenka” qadricha olmagani alamini keltirib turardi.

Buni anglagan kitoblik   hoji uy egasini noqulay holatdan chiqarish maqsadida unga qarata: “Birodar, siz gapimdan ranjimang, pastdagi  hujralarni   “vremenka”  deyapsiz,  gapingizga qo‘shilaman, to‘g‘ri,  menimcha,   bu  imoratlarning  xammasi “vremenka”,  ya’ni  vaqtinchalik  imoratlar-ku. Nima farqi bor, hammasi boshpana bo‘lishdan boshqasiga yaramaydi.  Men shuni nazarda tutib gapirgan edim. Odamzodga  qisqa  umr berilgan, tez  fursatda shamoldek o‘tib ketadi. Haqiqiy  imorat deb ota-bobolarimiz   yotgan  joydan ato etadigan  ikki   quloch  yerga  aytiladi...    Ilmi  va  amali  yaxshilarga,  xalqi va Vatani  uchun  beminnat  xizmat qilganlarga, yetim-yesir, beva bechoralarni  ardoqlaganlarga,  Alloh taolo yoqutdan  ko‘shk,  ya’ni  yangi  imorat  tayyorlab  qo‘yar  ekan...” dedi.

Azamat NAMOZOV,

mehnat faxriysi

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

13.09.2026   3870   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.  

Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.

Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari