Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

01.09.2017 y. Istiqlol – ulug‘ ne’mat

29.08.2017   7243   13 min.
01.09.2017 y. Istiqlol – ulug‘ ne’mat

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Bugun jannatmakon yurtimiz mustaqilligining 26 yillik bayramini dilda quvonch va katta shodiyonalar bilan kutib olmoqdamiz. Alloh taolo bu saodatli va qutlug‘ ayyomni barchamizga muborak aylasin!

Darhaqiqat, mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilgan ko‘rkam uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, sport maskanlari, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo‘llar, bog‘u xiyobonlar shahar va qishloqlarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib, aholi farovonligi, ongi va tafakkurining yuksalishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida islom dini ravnaqi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Mustaqillik bizga mustabid tuzum davrida toptalgan ijtimoiy, ma’naviy va diniy qadriyatlarning qaytadan tiklanishi va rivojlanishi uchun keng yo‘l ochib berdi. Diniy va milliy qadriyatlarimiz qaytadan ravnaq topa boshladi. Natijada halqimiz o‘zligini tanib turmushning barcha jabhalarida milliylikka qaytmoqda. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qilganidek:

(وَقُلْ جَاء الْحَقُّ وَزَهَقَ الْبَاطِلُ إِنَّ الْبَاطِلَ كَانَ زَهُوقًا  (سورة الاسراء/81

ya’ni: “Ayting, Haqiqat keldi va botil yo‘qoldi. Chunki botil yo‘qoluvchi narsadir” (Isro surasi, 81-oyat).

Xalqimiz barcha sohada emin-erkin sa’y-harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgani kabi dinimiz ko‘rsatmalarini xotirjam ado etish baxtiga ham muyassar bo‘ldi. Minglab masjidlar ochilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi, o‘nlab diniy ta’lim muassasalari barpo qilinib, u yerda yoshlar diniy va dunyoviy fanlardan tahsil olmoqdalar. Aziz avliyo, ulug‘ alloma va fozil insonlarning maqbaralari va ko‘plab ziyoratgohlar ta’mirlandi. Har yili hukumatimizning ko‘magi bilan minglab vatandoshlarimiz muborak Haj va Umra ziyoratiga borib kelmoqdalar. Bularning hammasi, albatta, Allohning inoyati va shuningdek istiqlolimizning sharofatidandir.

Xususan, buyuk ajdodlarimizning bebaho asarlari o‘rganilib, ularni ona tilimizga tarjima qilishdek imkoniyatlarga ega bo‘ldik. O‘tgan yillar davomida Qur’on, hadis, tafsir, fiqh, islom tarixi, madaniyati va falsafasiga oid ko‘plab yirik tadqiqotlar amalga oshirildi. Turli mavzudagi diniy adabiyotlar, yurtimizda yashab, ijod qilgan buyuk allomalarimizning ilmiy meroslari nashr etilib, keng ommaga taqdim qilindi va qilinmoqda. Alloh taolo Qur’oni karimda:

لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ   (سورة إبراهيم/7

ya’ni: “Agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...”, - deb ta’kidlagan (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Inson o‘zidagi ne’mat haqida mulohaza yuritishi, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand  yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rishi bilan uning qadrini anglaydi.

Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Albatta, bu Alloh taologa xush keladi. Natijada ne’matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz ﷺ hadislarining birida:

(قَالَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِنًا فيِ سِرْبِهِ، مَعَافًي فيِ جَسَدِهِ، عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ، فَكَأَنَّما حِيزَتْ لَهُ الدُّنْيَا بِحَذَافِيرِهَا" (رواه الإمام البخاري و الإمام الترمذي

ya’ni: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan”, - deganlar (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati).

Davlatimizning islom diniga nisbatan g‘amxo‘rligi barchamizda o‘z navbatida islom dinining musaffoligini saqlash, uning asl mohiyatini teran anglab, yosh avlodni turli g‘arazli kuchlar ta’siridan himoya qilishga mas’uliyat hissini oshirmog‘i  zarur bo‘ladi.

Abu Hurayra رضي الله عنه dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz ﷺ:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ لَّمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللهَ "

(رواه الإمام الترمذى).

ya’ni: “Kimiki insonlarga ulardan ko‘rgan yaxshiliklari evaziga shukr qilmagan ekan, demak Allohga shukr qilmabdi”, - deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Demak, biz musulmonlarga har tomonlama ko‘mak berib, zarur bo‘lgan shart-sharoitlar yaratib bergan rahbarlarimizdan tortib, to atrofimizdagi kishilarning yaxshiligini e’tirof etib, tashakkurlar aytmas ekanmiz, Alloh taoloning behisob ne’matlarining shukronasini hech ham ado etolmaymiz.

Payg‘ambarimiz ﷺ: shunday deganlar:

(قَالَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا أَنْعَمَ اللهُ عَلَى عَبْدٍ نِعْمَةً، فَقَالَ: الحَمْدُ لِلَّهِ، إِلاَّ  كَانَ الَّذِي أّعْطَاهُ أَفْضَلُ مِمَّا أَخَذَ" (رواه الإمام ابن ماجه

ya’ni: “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir ne’mat bersa va banda uning shukronasi uchun “Allohga hamd bo‘lsin”, desa, shunda u o‘sha ne’matdan ham afzalroq narsaga erishgan bo‘ladi” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Muhtaram jamoat! Barchangizga ma’lumki, o‘tib borayotgan 2017 yil jannatmakon yurtimiz rahbari tashabbuslari bilan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan.

Islom  dinida insonlarga manfaat yetkazuvchi kishi Alloh taolo uchun eng suyukli bandalardan hisoblanadi.

Zero, Alloh taolo yo‘lida qilgan yaxshi amallarimiz, xalqqa qilgan xolis xizmatlarimiz, ezgu niyatlarimiz aslo zoye bo‘lmaydi. Chunki, sizu-bizning qilgan yaxshi ishlarimizni va insonlarga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklarimizni bandalar unutib yuborsa ham Alloh taolo aslo unutmaydi. Alloh taolo O‘z sha’niga munosib taqdirlaydi. Dinimiz mo‘min-musulmonlarni bir tanu bir jon bo‘lib, o‘zaro bir-biriga yordam berib, manfaat keltirib yashashga targ‘ib qilgan.

Chunki qaysi bir inson boshqa bir insonga yaxshilik qilib, yordam qo‘lini cho‘zib, uning mushkilini yengil qilsa, Alloh taolo u bandaga O‘zi yordamchi bo‘ladi.

Hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:

عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعَهُمْ لِلنَّاسِ"

(رواه الإمام الطبراني).

ya’ni:  Ibn Umar رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi Payg‘ambar ﷺ: “Alloh taologa insonlarning eng suyuklisi – odamlarga eng ko‘p manfaat keltiruvchisidir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni yuksak darajada qadrlab va ardoqlab bormog‘imiz zarur bo‘ladi. Zero, tinchlik va osoyishtalik farovon hayot va yuksak taraqqiyot omilidir.

Istiqlol tufayli ona diyorimiz musulmonlari hayotida ham katta ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi.

Davlatimiz tomonidan mustaqillikning ilk kunlaridanoq xalqning ma’rifati va ma’naviyatini yuksaltirish, imon-e’tiqodli qilishga katta e’tibor qaratildi.

Alloh taboraka va taolo Qur’oni karimda zikr etgan:

( إِنَّمَا يَعْمُرُ مَسَاجِدَ اللَّهِ مَنْ آَمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَأَقَامَ الصَّلَاةَ وَآَتَى الزَّكَاةَ وَلَمْ يَخْشَ إِلَّا اللَّهَ فَعَسَى أُولَئِكَ أَنْ يَكُونُوا مِنَ الْمُهْتَدِينَ   (سورة التّوبة/18

ya’ni: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin” (Tavba surasi, 18-oyat) oyati karimasining mazmuniga muvofiq mustaqillik yillarida O‘zbekistonda ikki mingdan ziyod masjid obod bo‘ldi va namunali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, 6-7 oy davomida mamlakatimizda diniy sohada katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Alloh taoloning:

 وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا  (سورة ال عمران/97

ya’ni: “Yo‘lga qodir bo‘lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat) oyati karimasiga amal qilgan holda bu yil yetti mingdan ziyod hamyurtlarimiz islomning asosiy arkonlaridan bo‘lmish Haj ibodatini ado etishga muyassar bo‘lmoqdalar.

Shuningdek, Prezidentimizning Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etish, Surxondaryodagi Abu Iso Muhammad Termiziy ziyoratgohini ulkan majmuaga aylantirish, Buxoroda “Mir Arab” oliy madrasasini tashkil etish, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy, Navoiy viloyatidagi Nurota qadamjolarini, poytaxtdagi Suzuk ota va at-Termiziy masjidlarini kapital ta’mirlashga doir tashabbuslarini xalqimiz katta quvonch bilan qarshi oldi.

Bularning zamirida mustaqillik bergan imkoniyatlar va erkinliklar yotadi. Mo‘min-musulmonlarimiz Alloh taolo ato etgan mustaqillik hamda ibodatlarni emin-erkin ado etish ne’matiga doimiy shukronalar aytishlari lozim.

O‘tgan yillarda yurt tinchligi, xalqimizning favrovonligiga rahna solish maqsadida Vatanimizga kirib kelgan mutaassib oqimlar tuzog‘iga ilingan ba’zi shaxslar qilmishlariga yarasha jazo oldilar. Joriy yil davomida davlatimiz tomonidan tashkil qilingan, diniy ulamolar, imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, mahalla vakillaridan iborat maxsus hay’at jazo muddatini o‘tayotgan hamda yashash manzillaridagi ana shunday shaxslar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazdilar. Natijada, ular adashganini anglab, qilmishidan pushaymon ekanini bildilar. Shunga ko‘ra ularga maxsus hisobda turuvchilar ro‘yxatidan chiqarilib, keyingi hayotlarida Vatanga, xalqqa xizmat qilish orqali xatolarini oqlash imkoni berildi. O‘z navbatida mahalla jamoatchiligi, mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda imom-xatiblarimiz ham ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi, foydali mehnat bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun yordam ko‘rsatmoqdalar.

Bu ham bo‘lsa, kechirimli bo‘lish chin mo‘minga xos fazilatdir, degan hikmatning to‘liq ifodasidir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimning “Oli Imron” surasi, 134-oyatida shunday marhamat qiladi:

 

الَّذِينَ يُنْفِقُونَ فِي السَّرَّاءِ وَالضَّرَّاءِ وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ  

(سورة آل عمران/134).

ya’ni: “Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.   

Alloh taolo barchalarimizni ulug‘ va aziz mustaqillik ne’matining qadriga yetish, uning uchun shukrlar aytib, uni yanada mustahkam va bardavom bo‘lishi yo‘lida savobli amallarni qilishimizni nasibu ro‘zi aylasin! Aziz va qadrli Istiqlolimizning yigirma olti yillik shodiyonalarini shodu-xurramlik, masrurlik, tinchlik-omonlik va o‘zaro ittifoqlik bilan o‘tkazishimizda Parvardigor yoru madadkor bo‘lsin!

Muhtaram azizlar! Fiqhiy masalalarning bayoni borasidagi bugungi suhbatimizda hanafiy mazhabimizda istinjo va tayammum qilishga oid hukmlar haqida so‘z yuritamiz.

 

Istinjo qilish tartibi:

 

  1. istinjo qilish sunnatdir;
  2. kesak yoki unga o‘xshash narsa bilan istinjo qilib, to poklanguncha artish;
  3. istinjo qilishda muayyan adad yo‘q, biroq soni toq bo‘lgani yaxshi;
  4. istinjodan keyin suv bilan yuvish afzaldir;
  5. agar najas maxraj joyidan boshqa joyga yoyilsa bu holatda yuvish vojib bo‘ladi;
  6. suyak va tezak kabilar bilan istinjo qilish mumkin emas;
  7. yeyiladigan narsa bilan istinjo qilinmaydi;
  8. o‘ng qo‘l bilan istinjo qilinmaydi.

 

Tayammumning farzlari:

 

  1. tayammumni niyat qilish;
  2. pok tuproqni qasd qilish;
  3. ikki qo‘lini yerga urib, yuziga mas'h qilish;
  4. qo‘llarini yerga urib ikki qo‘lini tirsaklari bilan qo‘shib mas'h qilish.

 

Tayammum qilish joiz bo‘lgan holatlar:

 

  1. suv topishga ojiz bo‘lgan vaqtda tayammum ham tahorat va ham g‘usl o‘rniga o‘tadi;
  2. badanidagi kasal suv tegish natijasida kuchayib ketadigan bo‘lsa;
  3. suv sog‘ligi uchun o‘ta sovuqlik qilsa;
  4. dushmanlar xavfi bo‘lsa;
  5. suv ozligi sababli agar tahorat qilsa, tashnalik yoki suvsizlikda qoladigan bo‘lsa;
  6. suv bor bo‘lib, tahoratga qodir bo‘lgan vaqtda tahorat qilib bo‘lguncha, qazo qilinmaydigan namozga ulgirmaydigan bo‘lsa (ikki hayit namozi kabilar);
  7. mayyit egasi (valiy)dan boshqa kishi agar tahorat qilsa, janoza namoziga yetisha olmasligidan qo‘rqsa.
Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

09.07.2025   2511   4 min.
O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

Bu mavzuda salaflarimizdan kelgan bir qancha ta’sirli rivoyatlar bor. Quyida ularning ayrimlarini keltiraman:

1. Shaqiq Balxiy rahimahulloh aytadi:
"Men xushu’ni Isroil ibn Yunusdan o‘rgandim. Biz uning atrofida edik, u o‘ng tomonida kim bor, chap tomonida kim borligini bilmasdi — oxirat haqida tafakkur qilardi".

2. Yusuf ibn Asbat rahimahulloh aytadi:
"Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh menga xufton namozidan so‘ng: "Tahorat idishini (obdasta) bergin", dedi. Unga berdim. U o‘ng qo‘li bilan olib, chap qo‘lini o‘ng qo‘lining ustiga qo‘ydi va tafakkurga cho‘mdi. Men uxlab qoldim, so‘ng saharda turdim — qarasam, idish hali ham qo‘lida. "Tong otdi", dedim. U esa bunday dedi: "Sen idishni bergan paytingdan buyon shu holda oxirat haqida tafakkur qildim".

3. Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan rivoyat:
U Suhayl ibn Adiyni sukunatda, tafakkurda ko‘rib:
"Qaysi nuqtaga yetding?" deb so‘radi.
U: "Sirot ko‘prigidaman", deb javob berdi.

4. Muhammad ibn Vase’ rahimahullohdan rivoyat:
Basralik bir kishi Abu Zarr vafotidan keyin uning xotini Ummu Zarrga borib, uning ibodatini so‘radi. U bunday dedi: "Abu Zarr kun bo‘yi uyning bir chetida  tafakkur qilib o‘tirardi".

5. Ummu Dardo (Abu Dardoning xotini) aytadi:
"Abu Dardo roziyallohu anhuning eng afzal ibodati — tafakkur va ibrat olish edi".

6. Sirriy Saqatiy rahimahulloh aytadi:
"Har kuni burnimga qarayman — yuzim qorayganmi, deb. Tanish joyda o‘lishni yoqtirmayman — yer meni qabul qilmay qo‘ysa, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqaman".

7. Abu Shurayh rahimahulloh haqida:
Bir kuni u yurib ketayotgan edi, to‘xtab, ko‘ylagini boshiga tashlab, yig‘lashga tushdi.
Uni ko‘rib: "Nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U bunday javob berdi: "O‘tgan umrimni, kam amalimni, yaqinlashgan ajalimni tafakkur qildim".

8. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladi. Sababini so‘rashdi. U bunday dedi: "Dunyo va uning shahvatlari haqida o‘yladim. Ular tugamay turib, achchiq alam bilan almashadi. Agar buning o‘zida ibrat bo‘lmasa ham, aqlli kishi uchun unda pand nasihat bor. Endi o‘z holingizga qarang, ahli oilangiz, yaxshi ko‘rgan kishilaringiz bilan bugun jam bo‘lib turibsiz, ertagachi? Ertaga esa, albatta ulardan ajralish bor".

9. Dovud Toiy rahimahullohning holati:
U to‘lin oy kechasi uyning tomiga chiqdi. Osmonga qarab Osmon va yerning yaratilishi haqida tafakkurga cho‘mdi va yig‘lay boshladi. Shunchalik qattiq ta’sirlandiki, tomdan qo‘shnisining hovlisiga yiqilib tushganini sezmay qoldi. Qo‘shni uni o‘g‘ri deb o‘ylab, qilichiga yopishdi. Ammo kelib qarasa — Dovud ekan. "Qanday qilib tomdan tushib ketding?" - deb so‘radi. Dovud: "Qanday yiqilganimni sezganim yo‘q", deb javob berdi.

10. Sufyon Savriy rahimahulloh haqida:
U do‘stlari bilan o‘tirgan edi, chiroq o‘chib qoldi. Hamma yoqni zulmat qopladi. Keyin chiroqni yoqishdi. Qarasalar, Sufyonning ko‘zlaridan oqayotgan yoshi yuzi yuvyapti. Undan: "Senga nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U: "Shu onda qabr zulmatini esladim…", deb javob berdi.

Xulosa:
Salafi solihlar har bir holatda tafakkur qilganlar — taom yeganda, yurganda, yotganda, hatto suv idishini ushlab turgan paytda ham oxiratni eslab yig‘lardilar. Ular uchun tafakkur — ibodatning qalbi edi.


Homidjon qori ISHMATBЕKOV