Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

01.09.2017 y. Qurbon hayitingiz muborak!

29.08.2017   8177   12 min.
01.09.2017 y. Qurbon hayitingiz muborak!

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki,  sizu bizni Qurbon hayitidek ulug‘ kunlarga yetkazdi! Bu kunda hamma barobar xursand bo‘ladi, Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari ustiga yog‘iladi. Zero, musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri Qurbon hayiti Zulhijja oyining 10-kuni nishonlanadi. Qurbon hayiti Haj ibodatlari tamom bo‘lgani munosabati ila hamda Alloh azza va jallaning yo‘lida qurbonlik qilishga tayyorlikni izhor qilishlik uchun shariatga kiritilgan bayram hisoblanadi.

Qurbonlik qilish to‘g‘risida Qur’oni karimda quyidagicha kelgan: 

(فَصَلِّ لِرَبِّكَ وَانْحَرْ  (سورة الكوثر/2

ya’ni: “Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o‘qing va (tuya) so‘yib qurbonlik qiling! (Kavsar surasi, 2-oyat). Ushbu oyati karimani olimlarimiz qurbonlikning vojib ekanligiga dalolat qiladi, deb tafsir qilishgan.

Dinimiz buyurgan moliyaviy ibodatlardan biri zulhijja oyining o‘ninchi, o‘n birinchi va o‘n ikkinchi kunlaridan birida qurbonlik qilishdir.

Qurbonlik Alloh yo‘liga jonliq so‘yish bo‘lib, uning zamirida boy-badavlat kishilar o‘z tasarruflaridagi mol-dunyodan boquvchisini yo‘qotganlar, yetim-yesir, qarzdorlar, qo‘ni-qo‘shnilar va kam ta’minlangan oilalarga xayr-ehson qilish yotadi. Bu bilan jamiyat a’zolari o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik, mehr-oqibat rishtalari yanada mustahkamlanadi.

Shunga ko‘ra Qurbon hayiti kunlari Alloh taologa sevimli eng yaxshi ish qodir bo‘lganlarning qurbonlik so‘yishidir. Qurbonlik qilish Ibrohim Xalilullohdan qolgan amal bo‘lib, Hanafiy mazhabimiz bo‘yicha zakot nisobiga yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan kishilar uchun vojibdir.

Qurbonlikka a’zolarida hech qanday aybu nuqsoni yo‘q tuya, qora mol, qo‘y va echki so‘yish mumkin. Payg‘ambarimiz ﷺ ning muborak hadislarida: 

(عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: "عَظِّمُوا ضَحَايَاكُمْ فَإِنَّهَا عَلَى الصِّرَاطِ مَطَايَاكُمْ" (أَسنَدَهُ الإِمَامُ الدَّيْلَمِيُّ

ya’ni: “Qurbonliklaringizni kattaroq qilinglar, chunki ular Sirot ko‘prigida sizlarga ulov bo‘ladi”, deb aytganlar (Imom Daylamiy rivoyati).

Qurbonlik qilgan kishi qurbonligining go‘shtidan yeydi, istagan kishilarga hadya qiladi va bir qismini keyin yeyish uchun olib qo‘yadi. Agar oilasi katta bo‘lsa, qurbonlik go‘shtining hammasini oila uchun olib qolishi mustahabdir.

Aziz jamoat! Alloh taolo sizu bizga qalbimizdagi niyatimizga ko‘ra muomala qiladi. Chunki, Qur’oni karimda marhamat qilinadi: 

(لَنْ يَنَالَ اللَّهَ لُحُومُهَا وَلَا دِمَاؤُهَا وَلَكِنْ يَنَالُهُ التَّقْوَى مِنْكُمْ كَذَلِكَ سَخَّرَهَا لَكُمْ لِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَبَشِّرِ الْمُحْسِنِينَ  (سورة الحج/37

ya’ni: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli - U zotni ulug‘lashlaringiz uchun - ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj surasi, 37-oyat).

Haqiqatan ham, qurbonlikka so‘yilgan hayvonlarning go‘shtlariga ham, qonlariga ham Alloh taolo muhtoj emas. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir. Banda ixlos bilan qurbonlik qilib, Alloh yo‘lida jonliq so‘ymoqdami, demak, o‘sha bandaning Alloh taologa taqvosi bor ekan. Shu bilan birga qurbonlik qilish banda uchun Allohni ulug‘lashga bir fursatdir. Zero, qurbonlik qilish Allohning shiorlaridan biri bo‘lib, Qur’oni karimda shunday deyilgan: 

(ذَلِكَ وَمَنْ يُعَظِّمْ شَعَائِرَ اللَّهِ فَإِنَّهَا مِنْ تَقْوَى الْقُلُوبِ  (سورة الحج/32

 

ya’ni: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat).

Hayit kunlari kishilar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikni, xayr-ehsonni, umuman, ezgu ishlarni ko‘paytirish fursati sanaladi. Mazkur kunlarda Payg‘ambarimiz ﷺ o‘gitlariga muvofiq  mo‘min-musulmonlar bir-birlarini hayit bilan qutlashlari, o‘zaro hurmat-tavozeda bo‘lishlari, mehribonlik, saxovat, oqibat ko‘rsatish kabi fazilatlarni ko‘proq qilishlari kerak.

Bayram kunlarida ota-onalarimizni, ustozlarimizni, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar, yor-birodarlarni, bemor, qarzdor va muhtojlarni ziyorat qilish, hol-ahvol so‘rash, ularga hadyalar berib yoki shirin so‘zlarimiz bilan xushnud etish musulmon kishining burchidir.

Zero, Ibn Abbos رضي الله عنه dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh ﷺ marhamat qilganlaridek:

 

(عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللَّهُ تَعَالَى عَنْهُ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ أَحَبَّ الأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ بَعْدَ الْفَرَائِضِ إِدْخَالُ السُّرُورِ عَلَى الْمُسْلِمِ "(رواه الإمام الطبرانى

 

ya’ni: "Farz amallaridan keyin Allohga eng mahbub amal musulmonning qalbiga xursandchilik kirgizishdir"  (Imom Tabaroniy rivoyati).

Bugungi ulug‘ ayyom kunida musulmonlar bir-birlariga quchoq ochib, Parvardigorlari in’om etgan xushnudlikni baham ko‘radilar. Ochiq chehra, yorug‘ yuz bilan ko‘ngillariga xursandchilik ulashadilar. Kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotganlar holidan xabar oladilar, qarzdorlarga yordam beradilar, ularga moddiy va ma’naviy tomondan ko‘mak beradilar. Ko‘pchilik insonlar keksalarning duosini olish niyatida ularni ziyorat qiladilar. Bu kun duolar qabul bo‘ladigan kunda barcha mo‘min-musulmonlar bir-birlarining haqlariga xayrli duolar qiladilar.

Birovga mehr ko‘rsatish qanchalik savobli va sharafli ish ekanligi barchamizga ma’lum. Mehr-muruvvat kimlarga va qanday ko‘rsatilishi haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan:

(يَسأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ  (سورة البقرة/215

ya’ni: “Sizdan (ey, Muhammad,) qanday ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: "Nimaniki xayr-ehson qilsangizlar, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingizlar! Har qanday qilgan ehsonlaringizni Alloh bilib turuvchidir" (Baqara surasi, 215-oyat).

Aziz jamoat! Jonajon yurtimizda Qurbon hayitini xotirjamlik va osoyishtalikda qarshi olmoqdamiz. Yurtimiz bo‘ylab bu bayram juda shodu xurramlik va ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinmoqda. Bu ham bo‘lsa, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik tufaylidir. Zero, dunyoviy ishlarning ham bir maromda ketishi, oxirat ishlarining ham mukammal va halovat bilan ado etilishida tinchlik va xotirjamlik ne’matining o‘rni beqiyosdir.

Bugungi kunda biz qator musulmon mamlakatlarning fuqarolari turli fitnalar oqibatida  xuzur-halovatini yo‘qotgani, yuz minglab insonlar hayotdan ko‘z  yumayotgani, kindik qoni to‘kilgan Vatanini tark etishga majbur bo‘layotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Allohning o‘zi bizning yurtni bunday balolardan saqlab kelmoqda. Shaharu qishloqlarimiz kun sayin ko‘rkam va obod bo‘lib bormoqda. Hayotimizga beqiyos ma’no va mazmun olib kirgan tinchlik deya atalmish bu bebaho ilohiy ne’matning qadriga yetish, uning shukrini qilish, asrab-avaylash barchamizning burchimizdir. Zero, Alloh taolo marhamat qilib bunday deydi:

 

(وَ مَنْ شَكَرَ فَإِنَّمَا يَشْكُرُ لِنَفْسِهِ وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ رَبِّي غَنِيٌّ كَرِيمٌ   (سورة النّمل/40

 

ya’ni: “Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o‘zi uchun shukr qilur. Kim noshukurlik qilsa, bas, albatta, Rabbim (hamma narsadan) behojat va karamlidir” (Naml surasi, 40-oyat).

Vatan tinch bo‘lsa, kelajak avlod osoyishta yashaydi, yurt obod bo‘ladi, toat-ibodatlar ham o‘z vaqtida ado etiladi. Demakki, har bir insonning zimmasida butun jamiyat a’zolari uchun muhim bo‘lgan tinchlikni saqlash yo‘lida hamkorlik qilish eng zaruriy burch va vojib amaldir. Tinchlikni mustahkamlash yo‘lida har bir kishi o‘z burchini sidqidildan, ixlos va e’tiqod ila bajarmog‘i lozim. Tinchlikni asrash deganda faqat qurol bilan emas, kerak bo‘lsa so‘z bilan, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, vatanga tosh otuvchilar va ig‘vogarlarga qarshi g‘oyaviy kurashish, ogohlik va hushyorlikni oshirishga da’vat qilish yo‘llari bilan inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur! Bu ham imoniy burchga, musulmon kishining mas’uliyatiga kiradi.

Muhtaram jamoat! Bu tabarruk kunlar fazilatidan nasiba olish uchun biz, musulmonlar, birinchidan, ortga boqib, o‘tgan umrimizni sarhisob etishimiz, gunoh va xatolarimizga tavba-tazarrular qilishimiz lozim. Gunohni anglash abadiy saodatga erishishning bir sharti bo‘lsa, tavba qilib yaxshi amallar qilishga o‘tish uning keyingi shartidir. Ikkinchidan, mustaqillik tufayli erishgan bunday dorulomon zamon, tinchlik-xotirjamlik va farovonlikda hayot kechirish, ibodatlarimizni mukammal ado etishda yaratilgan keng sharoitlar uchun Allohga shukronalar aytishimiz lozim. Zero, ne’matga shukr qilish uning barakotiga sabab bo‘ladi.

Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgarishlarga diqqat bilan nazar solsak, ularning markazida inson manfaatlari, yurt tinchligi, xalq farovonligi, Vatan taraqqiyoti, farzandlarimizning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmay o‘sib-ulg‘ayishi kabi bir-biridan buyuk maqsadlar turibdi.

Binobarin, bu jarayonlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra islom dini ta’limotlarida ham o‘z aksini topgandir. Zero, Alloh taolo insonni yer yuzida barcha jonzotlardan ustun qilib, azizu mukarram qilib yaratgan.

Allohga behisob shukronalar bo‘lsinki, yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirish baxtiga musharraf bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, so‘nggi paytda, davlatimiz tomonidan O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi va Mir Arab oliy madrasalarining tashkil etilishi, hech shubhasiz, islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni insonparvarlik g‘oyalari ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Azizlar! Odatda hayit kunida hamma bir-birini ulug‘ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan so‘ng birinchi o‘rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug‘larimizni, yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat etamiz. Ularning ko‘nglini so‘rash va ruhiyatini ko‘tarishga harakat qilamiz. Ayrim sabablar bilan o‘zaro arazlashgan gina-kudratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, o‘zaro uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochishlari lozim bo‘ladi. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir. Yana shuni yodda tutmog‘imiz lozim bo‘ladiki, Qurbon hayiti bayram bo‘lgani uchun, uni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik darkor. O‘tganlarimizni eslash, ularning ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal hisoblanadi, lekin bular hayit bayramiga aslo ta’sir qilmasligi lozim.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining roziligi yo‘lida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida husni maqbul aylasin! Yurtimizdan muborak haj safariga borgan barcha hojilarimiz ibodatlarini mukammal ado etib, Vatanimizga sog‘-salomat kelishlarini Alloh taolo muvaffaq qilsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   35473   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari