بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, sizu bizni Qurbon hayitidek ulug‘ kunlarga yetkazdi! Bu kunda hamma barobar xursand bo‘ladi, Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari ustiga yog‘iladi. Zero, musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri Qurbon hayiti Zulhijja oyining 10-kuni nishonlanadi. Qurbon hayiti Haj ibodatlari tamom bo‘lgani munosabati ila hamda Alloh azza va jallaning yo‘lida qurbonlik qilishga tayyorlikni izhor qilishlik uchun shariatga kiritilgan bayram hisoblanadi.
Qurbonlik qilish to‘g‘risida Qur’oni karimda quyidagicha kelgan:
(فَصَلِّ لِرَبِّكَ وَانْحَرْ (سورة الكوثر/2
ya’ni: “Bas, Rabbingiz uchun (besh vaqt yoki Qurbon hayiti uchun) namoz o‘qing va (tuya) so‘yib qurbonlik qiling!” (Kavsar surasi, 2-oyat). Ushbu oyati karimani olimlarimiz qurbonlikning vojib ekanligiga dalolat qiladi, deb tafsir qilishgan.
Dinimiz buyurgan moliyaviy ibodatlardan biri zulhijja oyining o‘ninchi, o‘n birinchi va o‘n ikkinchi kunlaridan birida qurbonlik qilishdir.
Qurbonlik Alloh yo‘liga jonliq so‘yish bo‘lib, uning zamirida boy-badavlat kishilar o‘z tasarruflaridagi mol-dunyodan boquvchisini yo‘qotganlar, yetim-yesir, qarzdorlar, qo‘ni-qo‘shnilar va kam ta’minlangan oilalarga xayr-ehson qilish yotadi. Bu bilan jamiyat a’zolari o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik, mehr-oqibat rishtalari yanada mustahkamlanadi.
Shunga ko‘ra Qurbon hayiti kunlari Alloh taologa sevimli eng yaxshi ish qodir bo‘lganlarning qurbonlik so‘yishidir. Qurbonlik qilish Ibrohim Xalilullohdan qolgan amal bo‘lib, Hanafiy mazhabimiz bo‘yicha zakot nisobiga yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan kishilar uchun vojibdir.
Qurbonlikka a’zolarida hech qanday aybu nuqsoni yo‘q tuya, qora mol, qo‘y va echki so‘yish mumkin. Payg‘ambarimiz ﷺ ning muborak hadislarida:
(عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: "عَظِّمُوا ضَحَايَاكُمْ فَإِنَّهَا عَلَى الصِّرَاطِ مَطَايَاكُمْ" (أَسنَدَهُ الإِمَامُ الدَّيْلَمِيُّ
ya’ni: “Qurbonliklaringizni kattaroq qilinglar, chunki ular Sirot ko‘prigida sizlarga ulov bo‘ladi”, deb aytganlar (Imom Daylamiy rivoyati).
Qurbonlik qilgan kishi qurbonligining go‘shtidan yeydi, istagan kishilarga hadya qiladi va bir qismini keyin yeyish uchun olib qo‘yadi. Agar oilasi katta bo‘lsa, qurbonlik go‘shtining hammasini oila uchun olib qolishi mustahabdir.
Aziz jamoat! Alloh taolo sizu bizga qalbimizdagi niyatimizga ko‘ra muomala qiladi. Chunki, Qur’oni karimda marhamat qilinadi:
(لَنْ يَنَالَ اللَّهَ لُحُومُهَا وَلَا دِمَاؤُهَا وَلَكِنْ يَنَالُهُ التَّقْوَى مِنْكُمْ كَذَلِكَ سَخَّرَهَا لَكُمْ لِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَبَشِّرِ الْمُحْسِنِينَ (سورة الحج/37
ya’ni: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli - U zotni ulug‘lashlaringiz uchun - ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj surasi, 37-oyat).
Haqiqatan ham, qurbonlikka so‘yilgan hayvonlarning go‘shtlariga ham, qonlariga ham Alloh taolo muhtoj emas. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir. Banda ixlos bilan qurbonlik qilib, Alloh yo‘lida jonliq so‘ymoqdami, demak, o‘sha bandaning Alloh taologa taqvosi bor ekan. Shu bilan birga qurbonlik qilish banda uchun Allohni ulug‘lashga bir fursatdir. Zero, qurbonlik qilish Allohning shiorlaridan biri bo‘lib, Qur’oni karimda shunday deyilgan:
(ذَلِكَ وَمَنْ يُعَظِّمْ شَعَائِرَ اللَّهِ فَإِنَّهَا مِنْ تَقْوَى الْقُلُوبِ (سورة الحج/32
ya’ni: “(Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat).
Hayit kunlari kishilar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikni, xayr-ehsonni, umuman, ezgu ishlarni ko‘paytirish fursati sanaladi. Mazkur kunlarda Payg‘ambarimiz ﷺ o‘gitlariga muvofiq mo‘min-musulmonlar bir-birlarini hayit bilan qutlashlari, o‘zaro hurmat-tavozeda bo‘lishlari, mehribonlik, saxovat, oqibat ko‘rsatish kabi fazilatlarni ko‘proq qilishlari kerak.
Bayram kunlarida ota-onalarimizni, ustozlarimizni, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar, yor-birodarlarni, bemor, qarzdor va muhtojlarni ziyorat qilish, hol-ahvol so‘rash, ularga hadyalar berib yoki shirin so‘zlarimiz bilan xushnud etish musulmon kishining burchidir.
Zero, Ibn Abbos رضي الله عنه dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh ﷺ marhamat qilganlaridek:
(عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللَّهُ تَعَالَى عَنْهُ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ أَحَبَّ الأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ بَعْدَ الْفَرَائِضِ إِدْخَالُ السُّرُورِ عَلَى الْمُسْلِمِ "(رواه الإمام الطبرانى
ya’ni: "Farz amallaridan keyin Allohga eng mahbub amal musulmonning qalbiga xursandchilik kirgizishdir" (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bugungi ulug‘ ayyom kunida musulmonlar bir-birlariga quchoq ochib, Parvardigorlari in’om etgan xushnudlikni baham ko‘radilar. Ochiq chehra, yorug‘ yuz bilan ko‘ngillariga xursandchilik ulashadilar. Kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotganlar holidan xabar oladilar, qarzdorlarga yordam beradilar, ularga moddiy va ma’naviy tomondan ko‘mak beradilar. Ko‘pchilik insonlar keksalarning duosini olish niyatida ularni ziyorat qiladilar. Bu kun duolar qabul bo‘ladigan kunda barcha mo‘min-musulmonlar bir-birlarining haqlariga xayrli duolar qiladilar.
Birovga mehr ko‘rsatish qanchalik savobli va sharafli ish ekanligi barchamizga ma’lum. Mehr-muruvvat kimlarga va qanday ko‘rsatilishi haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan:
(يَسأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ (سورة البقرة/215
ya’ni: “Sizdan (ey, Muhammad,) qanday ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: "Nimaniki xayr-ehson qilsangizlar, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingizlar! Har qanday qilgan ehsonlaringizni Alloh bilib turuvchidir" (Baqara surasi, 215-oyat).
Aziz jamoat! Jonajon yurtimizda Qurbon hayitini xotirjamlik va osoyishtalikda qarshi olmoqdamiz. Yurtimiz bo‘ylab bu bayram juda shodu xurramlik va ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinmoqda. Bu ham bo‘lsa, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik tufaylidir. Zero, dunyoviy ishlarning ham bir maromda ketishi, oxirat ishlarining ham mukammal va halovat bilan ado etilishida tinchlik va xotirjamlik ne’matining o‘rni beqiyosdir.
Bugungi kunda biz qator musulmon mamlakatlarning fuqarolari turli fitnalar oqibatida xuzur-halovatini yo‘qotgani, yuz minglab insonlar hayotdan ko‘z yumayotgani, kindik qoni to‘kilgan Vatanini tark etishga majbur bo‘layotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Allohning o‘zi bizning yurtni bunday balolardan saqlab kelmoqda. Shaharu qishloqlarimiz kun sayin ko‘rkam va obod bo‘lib bormoqda. Hayotimizga beqiyos ma’no va mazmun olib kirgan tinchlik deya atalmish bu bebaho ilohiy ne’matning qadriga yetish, uning shukrini qilish, asrab-avaylash barchamizning burchimizdir. Zero, Alloh taolo marhamat qilib bunday deydi:
(وَ مَنْ شَكَرَ فَإِنَّمَا يَشْكُرُ لِنَفْسِهِ وَمَنْ كَفَرَ فَإِنَّ رَبِّي غَنِيٌّ كَرِيمٌ (سورة النّمل/40
ya’ni: “Kim shukr qilsa, bas, albatta u faqat o‘zi uchun shukr qilur. Kim noshukurlik qilsa, bas, albatta, Rabbim (hamma narsadan) behojat va karamlidir” (Naml surasi, 40-oyat).
Vatan tinch bo‘lsa, kelajak avlod osoyishta yashaydi, yurt obod bo‘ladi, toat-ibodatlar ham o‘z vaqtida ado etiladi. Demakki, har bir insonning zimmasida butun jamiyat a’zolari uchun muhim bo‘lgan tinchlikni saqlash yo‘lida hamkorlik qilish eng zaruriy burch va vojib amaldir. Tinchlikni mustahkamlash yo‘lida har bir kishi o‘z burchini sidqidildan, ixlos va e’tiqod ila bajarmog‘i lozim. Tinchlikni asrash deganda faqat qurol bilan emas, kerak bo‘lsa so‘z bilan, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, vatanga tosh otuvchilar va ig‘vogarlarga qarshi g‘oyaviy kurashish, ogohlik va hushyorlikni oshirishga da’vat qilish yo‘llari bilan inson o‘z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur! Bu ham imoniy burchga, musulmon kishining mas’uliyatiga kiradi.
Muhtaram jamoat! Bu tabarruk kunlar fazilatidan nasiba olish uchun biz, musulmonlar, birinchidan, ortga boqib, o‘tgan umrimizni sarhisob etishimiz, gunoh va xatolarimizga tavba-tazarrular qilishimiz lozim. Gunohni anglash abadiy saodatga erishishning bir sharti bo‘lsa, tavba qilib yaxshi amallar qilishga o‘tish uning keyingi shartidir. Ikkinchidan, mustaqillik tufayli erishgan bunday dorulomon zamon, tinchlik-xotirjamlik va farovonlikda hayot kechirish, ibodatlarimizni mukammal ado etishda yaratilgan keng sharoitlar uchun Allohga shukronalar aytishimiz lozim. Zero, ne’matga shukr qilish uning barakotiga sabab bo‘ladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgarishlarga diqqat bilan nazar solsak, ularning markazida inson manfaatlari, yurt tinchligi, xalq farovonligi, Vatan taraqqiyoti, farzandlarimizning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmay o‘sib-ulg‘ayishi kabi bir-biridan buyuk maqsadlar turibdi.
Binobarin, bu jarayonlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra islom dini ta’limotlarida ham o‘z aksini topgandir. Zero, Alloh taolo insonni yer yuzida barcha jonzotlardan ustun qilib, azizu mukarram qilib yaratgan.
Allohga behisob shukronalar bo‘lsinki, yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kamol toptirish baxtiga musharraf bo‘lmoqdamiz. Ayniqsa, so‘nggi paytda, davlatimiz tomonidan O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi va Mir Arab oliy madrasalarining tashkil etilishi, hech shubhasiz, islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni insonparvarlik g‘oyalari ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Azizlar! Odatda hayit kunida hamma bir-birini ulug‘ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan so‘ng birinchi o‘rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug‘larimizni, yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat etamiz. Ularning ko‘nglini so‘rash va ruhiyatini ko‘tarishga harakat qilamiz. Ayrim sabablar bilan o‘zaro arazlashgan gina-kudratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, o‘zaro uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochishlari lozim bo‘ladi. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir. Yana shuni yodda tutmog‘imiz lozim bo‘ladiki, Qurbon hayiti bayram bo‘lgani uchun, uni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik darkor. O‘tganlarimizni eslash, ularning ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal hisoblanadi, lekin bular hayit bayramiga aslo ta’sir qilmasligi lozim.
Alloh taolo barchalarimizni O‘zining roziligi yo‘lida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida husni maqbul aylasin! Yurtimizdan muborak haj safariga borgan barcha hojilarimiz ibodatlarini mukammal ado etib, Vatanimizga sog‘-salomat kelishlarini Alloh taolo muvaffaq qilsin! Omin!
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati