Me’morchilik san’atining durdona ko‘rinishi, dunyoning eng yirik masjidlaridan biri hisoblangan ushbu masjid Birlashgan Arab Amirligining poytaxti Abu-Dabida joylashgan. Masjid uning asoschisi va mamlakatning birinchi rahbari Shayx Zayd ibn Sulton Nahayon ismi bilan nomlangan. Qurilish ishlari 1996 yilda boshlanib, 12 yil davom etgan. Unda 3500 dan ortiq dunyoning 38 ta qo‘shma korxonalarining quruvchi, mutaxassislari mehnat qilgan.
Masjidning rasmiy ochilishi 2007 yilning Ramazon oyida bo‘lgan. Masjid poklik ramzi bo‘lgan oq marmardan bunyod etilgan. Masjidning mehrobiga «Allohning chiroyli ismlari bordir. Uni o‘sha (ism)lar bilan atangiz! Uning ismlarida haqdan og‘ib ketuvchilarni qo‘yaveringiz! (Ular) qilmishlariga (yarasha) jazolanurlar» (A’rof, 180) oyati hamda qibla tomon devorlariga hattotlik usulida Alloh taoloning go‘zal ismlari Kufiy yozuvida bitilgan.
Masjid sig‘imi 41 ming namozxon uchun mo‘ljallangan. Masjid umumiy maydoni 17 ming kv. metr bo‘lib, uning 82 ta gumbazi va to‘rt burchagida 104 metr balandlikdagi to‘rt minoralari bor. Jome bosh gumbazining eni 32,6 metr, balandligi esa 85 metrni tashkil etadi.
Masjid diametri 10 metr, balandligi 15 metr, og‘irligi 12 tonna bo‘lgan qandil (“Ginnes rekordlari” kitobiga kiritilgan) hamda qo‘l mehnatida to‘qilgan dunyodagi eng katta 47 tonna og‘irlikdagi gilam (bu gilamni 1200 ga yaqin to‘quvchi bir yil davomida to‘qigan) bilan bezatilgan. Masjid minbari ham ancha baland bo‘lib, u 11 ta zinadan iborat. Jomeda haftada besh kun kutubxona ham faoliyat yuritadi.
2008 yil masjid huzurida Shayx Zayd jome masjidi markazi tashkil etildi. Ilmiy-tadqiqotlar olib borish, diniy-ma’rifiy jurnal, gazeta hamda darslik va kitoblar nashr etish, audio mahsulotlar tayyorlash ushbu markazning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Masjid kunduzi quyoshda oq va tilla, kechqurun esa boshqa ranglarda yarqirab turadi. Masjid hududida Shayx Zayd ibn Sulton Nahayonning qabri joylashgan bo‘lib, bu yerda kunu tun Qur’on tilovati yangrab turadi.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Bugun, 8 may kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida tahsil olayotgan bosh imom va imom-xatiblar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Markazning ochilish marosimida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan ham e’tiborlidir. Zero, Davlatimiz Rahbari o‘z nutqida: "Bu dargohda islom merosini chuqur o‘rganish, diniy xodimlar va imom-xatiblarning malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ishlarini tashkil etish, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiqdir", — deya ta’kidlagan edi.
O‘quv jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov hamda boshqa professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borildi.
Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar "Davlat va din munosabatlari", "Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida axloqiy me’yorlar", "Fiqh ilmining metodologik asoslari va zamonaviy yondashuvlar" kabi mavzular asosida o‘z bilim va malakalarini oshirdilar.
Mazkur o‘quvlar diniy-ma’rifiy sohada faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, jamiyatda ma’rifat va bag‘rikenglik muhitini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati