frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

“Shayx Zayd” jome masjidi

28.08.2017   6835   2 min.
“Shayx Zayd” jome masjidi

Me’morchilik san’atining durdona ko‘rinishi, dunyoning eng yirik masjidlaridan biri hisoblangan ushbu masjid Birlashgan Arab Amirligining poytaxti Abu-Dabida joylashgan. Masjid uning asoschisi va mamlakatning birinchi rahbari Shayx Zayd ibn Sulton Nahayon ismi bilan nomlangan. Qurilish ishlari 1996 yilda boshlanib, 12 yil davom etgan. Unda 3500 dan ortiq dunyoning 38 ta qo‘shma korxonalarining quruvchi, mutaxassislari mehnat qilgan.

Masjidning rasmiy ochilishi 2007 yilning Ramazon oyida bo‘lgan. Masjid poklik ramzi bo‘lgan oq marmardan bunyod etilgan. Masjidning mehrobiga «Allohning chiroyli ismlari bordir. Uni o‘sha (ism)lar bilan atangiz! Uning ismlarida haqdan og‘ib ketuvchilarni qo‘yaveringiz! (Ular) qilmishlariga (yarasha) jazolanurlar» (A’rof, 180) oyati hamda qibla tomon devorlariga hattotlik usulida Alloh taoloning go‘zal ismlari Kufiy yozuvida bitilgan.

Masjid sig‘imi 41 ming namozxon uchun mo‘ljallangan. Masjid umumiy maydoni 17 ming kv. metr bo‘lib, uning 82 ta gumbazi va to‘rt burchagida 104 metr balandlikdagi to‘rt minoralari bor. Jome bosh gumbazining eni 32,6 metr, balandligi esa 85 metrni tashkil etadi.

Masjid diametri 10 metr, balandligi 15 metr, og‘irligi 12 tonna bo‘lgan qandil (“Ginnes rekordlari” kitobiga kiritilgan) hamda qo‘l mehnatida to‘qilgan dunyodagi eng katta 47 tonna og‘irlikdagi gilam (bu gilamni 1200 ga yaqin to‘quvchi bir yil davomida to‘qigan) bilan bezatilgan. Masjid minbari ham ancha baland bo‘lib, u 11 ta zinadan iborat. Jomeda haftada besh kun kutubxona ham faoliyat yuritadi.

2008 yil masjid huzurida Shayx Zayd jome masjidi markazi tashkil etildi. Ilmiy-tadqiqotlar olib borish, diniy-ma’rifiy jurnal, gazeta hamda darslik va kitoblar nashr etish, audio mahsulotlar tayyorlash ushbu markazning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Masjid kunduzi quyoshda oq va tilla, kechqurun esa boshqa ranglarda yarqirab turadi. Masjid hududida Shayx Zayd ibn Sulton Nahayonning qabri joylashgan bo‘lib, bu yerda kunu tun Qur’on tilovati yangrab turadi.

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otamdan qolgan saboqlar: Insonning qadri qiyin kunlarda bilinadi

29.06.2026   1725   4 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Insonning qadri qiyin kunlarda bilinadi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Otam (Alloh rahmatiga olsin) mehnat faoliyatini 1960-yillarning boshlarida Nigeriyadagi Saudiya Arabistoni elchixonasida boshlagan edilar.

Elchixonada Zayd ismli yana bir xodim ishlardi. Negadir ular bir-birlari bilan unchalik chiqisha olishmasdi.

Bir kuni Zayd aka betob bo‘lib qoldi. Shunda otam, oralaridagi sovuq munosabatga qaramay, uni ziyorat qilishga bordilar. O‘sha davr odamlari his-tuyg‘ularidan ko‘ra burch va odobni ustun qo‘yar edilar.

Zayd aka yotoqda yotardi. Otam esa indamay o‘rnidan turib, uning oyoqlari ostiga shippagini qo‘yib berdilar.

Bu juda oddiy ko‘ringan harakat edi.

Ammo aynan shu kichik e’tibor ularning munosabatini butunlay o‘zgartirib yubordi.

O‘sha ziyorat keyinchalik qariyb 60 yil davom etgan mustahkam do‘stlikning boshlanishiga aylandi.

Zayd aka aslida olijanob fe’l-atvorli inson edi. Chinakam xarakterga ega odam eng kichik ezgulikni ham unutmaydi va uni qadrlaydi.

Otam bilan Zayd aka o‘rtasidagi do‘stlik yillar soni bilan emas, balki birgalikda boshdan kechirgan sinovlar va vaziyatlar bilan o‘lchanardi.

Har bir sinov ularning do‘stligini yanada mustahkamlab borardi.

Qiyin damlarda Zayd aka otamni qo‘llab-quvvatladi, otam ham kerak bo‘lganida Zayd akaga suyanch bo‘ldi.

Ularning fe’l-atvori, turmush tarzi va qarashlari turlicha edi. Ammo ularni umumiy qadriyatlar, o‘zaro hurmat va birgalikda bosib o‘tilgan hayot yo‘li birlashtirib turardi.

Donolar aytishadi: insonlar o‘rtasidagi munosabatlar asosan uch turga bo‘linadi:

  • zavq va hordiq do‘stligi;
  • manfaat do‘stligi;
  • sinov va sadoqatga asoslangan do‘stlik.

Eng katta xatolardan biri – ana shu do‘stliklarning chegarasini adashtirishdir.

Masalan, ba’zi insonlar bilan faqat birga vaqt o‘tkazamiz, suhbatlashamiz, sayr qilamiz va h.k. Bu yillar davom etishi ham mumkin.

Lekin hayot sinovi kelmaguncha, bu munosabatning qanchalik mustahkam ekanini bilib bo‘lmaydi.

Ko‘p marta shunday bo‘ladiki, biz yillar davomida yaqin deb bilgan odamimiz eng kerakli paytda yonimizda bo‘lmaydi.

Aksincha, ayrim insonlar og‘ir kunlarda sadoqatini isbotlaydi.

Shuning uchun ham eng mustahkam do‘stlik – bu quvonchni ham, manfaatni ham, sinovni ham birgalikda yengib o‘ta oladigan do‘stlikdir.

Hayotda tamoyillaringizni baham ko‘radigan, og‘ir damlarda sizni yolg‘iz qoldirmaydigan bunday do‘stlar juda kam uchraydi.

Agar Alloh sizga shunday bir yoki ikki do‘stni nasib qilgan bo‘lsa, bu eng buyuk ne’matlardan biridir.

Otam bilan Zayd aka umrlarining katta qismini bir mamlakatda yashamaganlar.

Otam Jidda shahrida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi. Zayd aka esa Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligida faoliyatini davom ettirib, turli mamlakatlardagi elchixonalarda xizmat qildi.

Ular faqat bayramlarda yoki qisqa muddatlarga uchrashishardi. Shunga qaramay, masofa ularning do‘stligini zaiflashtirmadi. Aksincha, yillar o‘tgan sari bu rishta yanada mustahkamlanib bordi. Go‘yo ular har kuni uchrashib turganday edi.

Nega?

Chunki ularning do‘stligi manfaatga emas, samimiyat va sadoqatga qurilgan edi.

Ayrim insonlar oltinga o‘xshaydi. Ular sinovlarga duch kelgan sari yanada poklanadi, yanada porlaydi.

Boshqalari esa qalayga o‘xshaydi. Hayot olovi tegishi bilan erib, asl qiyofasi namoyon bo‘ladi.

Chinakam insonning qadri aynan qiyin kunlarda bilinadi.

Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar