Tabiatimiz qiziq: oldinlari yoshlar ko‘p gapirsa yoqtirmas edik, endi esa ularning gapirmasligidan ranjiymiz. Bugun ertalab ishga kelayotib ayrim yoshlarimizga, to‘g‘risi achindim ham.
Avtoulovda kelayotib bir yigitchaning telefon o‘ynayotganiga ko‘zim tushib qoldi. o‘yini ham qanaqa o‘yin deng: allaqanday noaniq shakllar orasida ilonga o‘xshagan narsa sudralib yuribdi. Unda na bir manzara bor, na aqlni charxlaydigan mashg‘ulot – faqat vaqtni o‘ldirishga mo‘ljallangan qup-quruq o‘yin.
Unga nima uchun rahmim keldi, bilasizmi?
Quyliqdan Chorsuga qarab kelayotib, avvalo, charog‘on quyosh shahrimizni yoritib, unga qanchalik chiroy baxsh etganini his qilmadi.
Shimoliy vokzal yonidagi ko‘prikning bir vaqtlar kesib tashlangan qismi qayta ulanishi nihoyasiga yetay deb qolibdi. Chorrahaga svetoforlar o‘rnatilibdi. Shuni ham ko‘rmay o‘tib ketdi.
Ha, darvoqe, o‘sha chorrahada bir “moskvich”, bir “matiz”ning orqasidan turtib olgan ekan, shunga boshini bir ko‘tarib beparvogina qarab qo‘ydi.
Yo‘lda davom etdik, atrofdagi yam-yashil daraxtlar, turfa rang gullarni tomosha qilish juda ham maroqli, ko‘ngilga yoqadi, ko‘zni ham ravshan qiladi. U bundan ham benasib qoldi.
Yo‘lning o‘ng tarafida, “Lokomotiv” bog‘i atrofida qandaydir qurilishi bo‘ladimi, o‘shanga joy taxlanayotganga o‘xshaydi. Odamlar javlon urib ishlab yotgan maydonga aqalli bir bora nazar tashlab ham qo‘ymadi.
U birinchi qatorda o‘tirib kelayotgan edi. Yonidagi yo‘lovchi “korzinka”kaga tushmoqchi bo‘lgandi u telefondan ko‘z uzmasdan mashinadan tushib turdi va undan ko‘z uzmagan holda joyiga qaytib chiqib o‘tirdi. “Korzinka”ning oldidagi mashinalar turadigan joyni o‘rash uchun qizil g‘ishtlar keltirib qo‘yilibdi. o‘sha g‘isht uyumlarning birining yoniga tushib chiqdi. Lekin g‘ishtlarni ko‘rgani yo‘q.
Yana u yonidagi odamlar bilan gaplashgani ham yo‘q. Boshqalar ham undan behroq: kimdir unga o‘xshab telefon o‘ynash bilan ovora, kimdir qulog‘iga naushnik (eshitish vositasimi, quloqchinmi, bilmadim, bu so‘z o‘zbekchaga qanday tarjima bo‘ladi) tiqib olib qo‘shiq eshitib kelyapti, kimdir boshqa birov bilan telefonida gaplashyapti yoki hiringlashyapti...
Ilgari odamlar mashinada, avtobusda bir-biri bilan gaplashardi, tanishib olardi, do‘stlashardi, yangiliklardan xabar topardi. Yana avtoulov oynasidan atrofni tomosha qilib xayol surib ketish qanday yoqimli ish. Shunday vaqtda odamning miyasiga ajoyib g‘oyalar keladi hamda tevarak-atrofda nimalar bo‘layotgani, hamshaharlarimiz qanday yangiliklarga qo‘l urayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘radi.
Shu palakat telefon odamlarni ana shunday ne’matlardan mosuvo qilayotir.Qo‘l telefonlari qanchalik takomillashsa, odamlarni shunchalik begonalashtirib boraveradi. Bu ham yetmagandek, ularni behafsala, loqayd kimsalarga ham aylantirmoqda.
Modomiki, loqaydlik illati yoshlar orasida ildiz otsa, buni millatning fojiasi deb bemalol aytavering.
Demak, yoshlarni telefonga qaram bo‘lib qolishdan saqlashimiz lozim ekan.
Xo‘p, telefondagi turli-tuman o‘yinlarga, virtual olamga qaramlikning salbiy oqibatini ularga qanday tushuntiramiz?
Buning eng ibtidoiy usuli ularga “telefondagi quyruqdan oldidagi o‘pka” yaxshi ekanini isbotlab berishdir.
Qachonki, shu ishni uddalay olsak, hammasi yaxshi bo‘ladi, Siz nima deysiz, muhtaram vatandosh!
Damin JUMAQUL
Namangan viloyatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Sanepidqo‘mita va YUNISЕF hamkorligida din yetakchilari uchun “Emlash: ilmiy va diniy asoslar” mavzusida ikki kunlik seminar-trening boshlandi.
Tadbirda aholi salomatligini muhofaza qilishda emlashning o‘rni, uning ilmiy va diniy asoslari hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalari yoritildi. Ishtirokchilarga milliy emlash dasturining natijalari, organizmni himoya qilishdagi muhim jihatlar va joylarda uchrayotgan savol hamda muammolar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminar doirasida imom-xatiblar va otinoyilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, hududlardagi vaziyat, aholi fikrlari, takliflar va muammolar muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlikni kuchaytirish va emlash bo‘yicha aniq va ishonchli ma’lumotlarni aholiga yetkazib borish bo‘yicha kelishib oldilar.
Ilmiy tahlillar so‘nggi yuz yilda emlash ko‘plab xavfli kasalliklarning tarqalishini keskin kamaytirganini ko‘rsatadi. Masalan, 1969 yilgacha har yili 2,6 million insonni halok etgan qizamiqka qarshi vaksina paydo bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kasallik bo‘yicha 2000–2017 yillarda dunyo miqyosida o‘limlar 80 foizga kamaydi. Millionlab bolalarning hayotini izdan chiqargan poliomiyelit esa bugun deyarli yo‘q darajasga tushgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati