Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

25.08.2017 y. Fazilatli o‘n kun

22.08.2017   7388   12 min.
25.08.2017 y. Fazilatli o‘n kun

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Alloh taoloning sizu biz bandalariga ato etgan cheksiz fazlu marhamatlaridan biri shuki, yilning ma’lum oy va kunlarini toatu ibodat qilib, ko‘plab savob topish uchun imkoniyatlar vaqti qilib berdi. Ana shunday fazilatlarga boy, unda qilingan amali solihlarning savobi ko‘paytirib beriladigan oylardan biri Zulhijja oyi, xususan, uning avvalgi o‘n kunidir. Ma’lumki, Zulhijja oyi urush harom qilingan to‘rtta hurmatli oylarning biri sanaladi. Alloh taolo yeru osmonni yaratgan vaqtdan boshlab bu oyni hurmatli qildi. Bu oyda urushish, gunohu ma’siyat amallarni qilish og‘ir gunoh sanaladi. 

Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunining fazilati haqida Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz ﷺ ning qator hadislarida bayon etilgan. Jumladan, Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan:

 

(وَيَذْكُرُوا اسْمَ اللَّهِ فِي أَيَّامٍ مَّعْلُومَاتٍ  (سورة الحج/28

 

ya’ni: “Ma’lum kunlarda Alloh nomini zikr qilish uchun” (Haj surasi, 28-oyat). Abdulloh ibn Abbos رضي الله عنه oyatdagi “ma’lum kunlar”ni “Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni”, deb tafsir qilganlar. Bu kunlarda qurbonlik qilishni niyat qilgan mo‘min-musulmonlar jonliqlarni hozirlaydilar, o‘ninchi kuni Qurbon hayiti namozidan keyin qurbonlik qiladilar. Shuningdek, Arafa kunining bomdod namozidan boshlab takbiri tashriqni ayta boshlaydilar. Shuningdek, Qur’oni karimda kelgan:

(وَلَيَالٍ عَشْرٍ (سورة الفجر/2

ya’ni: “Qasamyod etaman “O‘n kecha” bilan” (Fajr surasi, 2-oyat)ining jumlasini ham Ibn Abbos, Ibn Zubayr va Mujohid رضي الله عنه lar “Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni”, deb tafsir qilganliklari vorid bo‘lgan.

Payg‘ambarimiz ﷺ Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunining fazilati haqida shunday marhamat qilganlar:

عن عبد الله بن عمر أن النبي صلى الله عليه وسلم قال: "ما مِن أيَّامٍ أعظَمُ عندَ اللَّهِ وَ لاَ أَحَبُّ إليهِ فيهنَّ العَمَلُ من هَذِهِ الأَيَّامِ: عشرِ ذي الحِجَّةِ فأَكثِروا فيهنَّ منَ التَّهليلِ و التَّسبيحِ والتَّكبيرِ والتَّحميدِ 

(رواه أبو بكر بن أبي شَيْبَة ، و عبد بن حميد وأبو يعلى، والبيهقي في الشعب بسند صحيح)

ya’ni: Abdulloh ibn Umar رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar ﷺ dedilar: “Hech bir kun va unda qilingan birorta amal Allohning nazdida Zulhijja oyining o‘n kunida qilingandan buyukroq va Unga mahbubroq emas. Bas, bu kunlarda tahlil, tasbih, takbir va tahmidni ko‘p ayting” (Imom Abu Bakr ibn Shayba, Imom Abd ibn Humayd, Imom Abu Ya’lo, Imom Bayhaqiylarning rivoyati).

Muhtaram azizlar! Darhaqiqat, bu kunlarda Alloh taologa yaqinlik hosil qilish imkoniyati mavjud. Shuning uchun bunday fazilatli kunlarni g‘animat bilib, qo‘ldan kelgancha toatu ibodat, zikru tasbih va xayru saxovat qilish maqsadga muvofiqdir. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

 

(يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَنفِقُوا مِمَّا رَ‌زَقْنَاكُم مِّن قَبْلِ أَن يَأْتِيَ يَوْمٌ لَّا بَيْعٌ فِيهِ وَلَا خُلَّةٌ وَلَا شَفَاعَةٌ  وَالْكَافِرُ‌ونَ هُمُ الظَّالِمُونَ  (سورة البقرة/254

 

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Na savdo-sotiq, na oshna-og‘aynichilik va na shafoat (qilish) bo‘lmaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan (shu dunyoda) ehson qilingiz! Kofirlar esa, ular (o‘zlariga) jabr qiluvchilardir” (Baqara surasi, 254-oyat).

Shunday ulug‘ kunlarda, ayniqsa, ota-ona, qavm-qarindoshlar, qarzdorlar, moddiy jihatdan qiynalgan, ehtiyojmand kishilarning holidan xabar olish, ularning hojatlarini chiqarish eng savobli amallardan sanaladi. Mehribonlik uylaridagi norasida go‘daklar, nogironlar shifoxonasidagi yordamga muhtoj kishilar, hatto, ruhiy xasta odamlarning holidan xabar olib, ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish ham ayni savobdir. Bunday ishlarni qilgan kishi savob topishdan tashqari, o‘zining holatiga shukrona qilishga ham o‘rganadi. Zero, Payg‘ambarimiz ﷺ dan shunday hadisi sharif vorid bo‘lgan:

 

(عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اَللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "انْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ أَسْفَلَ مِنْكُمْ وَلَا تَنْظُرُوا إِلَى مَنْ هُوَ فَوْقَكُمْ  فَهُوَ أَجْدَرُ أَنْ لَا تَزْدَرُوا نِعْمَةَ اَللَّهِ عَلَيْكُمْ" (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ

ya’ni: “Dunyoviy ne’matlar borasida o‘zingizdan quyiroq darajadagi kishilarga qarangiz, o‘zingizdan ustunroq kimsalarga boqmangiz, zero bu Allohning sizga bergan ne’matlariga bepisand bo‘lmasligingizga (shukr qilishingizga) sabab bo‘ladi” (Muttafaqun alayh). Hadisning ma’nosi shuki, agar inson bemor bo‘lsa, hayotda undan ham og‘irroq xasta kimsalar bor ekanligini mulohaza qilishi lozim. Agar faqir bo‘lsa, undan ham kambag‘alroq kishilar ham bor ekanligi haqida fikr yuritishi kerak. Agar boshiga biror tashvish tushgan bo‘lsa, odamlar orasida undan ham notinchroq kimsalar borligi haqida o‘ylashi kerak. Shunda u o‘zining holatiga shukr qiladi va uning qadriga yetishga harakat qiladi.

Azizlar! Bu ulug‘ kunlarda qilingan ibodatlarning savobi ham ko‘p bo‘ladi. Xususan, nafl ro‘za tutish haqida Payg‘ambarimiz ﷺ dan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:

(قال النبي صلى الله عليه و سلم: "صِيَامُ يَوْمِ عَرَفَةَ أَحْتَسِبُ عَلَى اللَّهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ وَالسَّنَةَ الَّتِي بَعْدَهُ" (رواه الامام مسلم

ya’ni: Payg‘ambarimiz ﷺ: “Arafa kunining ro‘zasi o‘tgan yilgi va kelasi yilgi gunohlarga kafforat bo‘ladi, deb Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Zulhijja oyining avvalgi o‘n kuni unda eng ulug‘ ibodatlar jam bo‘lgani uchun ham qadrlidir. Ya’ni, Arafa kuni Haj ibodati ado etiladi, Qurbon hayiti kuni Hayit namozi o‘qiladi va Qurbonlik amallari bajariladi, ulardan xayru saxovatlar amalga oshiriladi. Bu kunlarda mo‘min-musulmonlar uchun xursandchilik kunlari birin-ketin ulanib keladi. Ayniqsa, O‘zbekiston ahli uchun ham hayit, ham mustaqillik bayrami qo‘shaloq kelmoqda. Shunday ekan, ushbu fazilatli kunlarda yurtimiz mo‘min-musulmonlari, avvalambor, ota-onaga mehr-oqibatli bo‘lishda, qavm-qarindoshlarga xayr-saxovat qilishda, bemor va muhtojlarni ziyorat etishda hamda gina-qudratlarni unutishda ibrat bo‘lmog‘imiz kerak.

 

Muhtaram jamoat! Fiqhiy masalalarning bayoni borasidagi bugungi suhbatimizda hanafiy mazhabimizda maxsiga mas'h tortishga oid hukmlar haqida so‘z yuritamiz.

 

Maxsiga mas'h tortish tartibi:

  • maxsi tahoratli bo‘lib turib kiyilgan bo‘lishi;
  • muqim kishi maxsiga bir kecha-kunduz mas'h tortishi joiz;
  • musofir esa uch kecha-kunduz maxsiga mas'h tortishi joiz;
  • mas'h tortish muddati tahorat buzilgan vaqtdan boshlanadi;
  • maxsi ustiga barmoqlari bilan chiziq tortiladi;
  • oyoqlarning barmoqlari uchidan boshlab to‘piqqa qarab tortiladi;
  • qo‘lning uchta barmog‘i bilan mas'h tortish farzdir;

 

Mas'h tortish joiz bo‘lmagan holat va uni buzuvchi amallar:

  • oyoqlarning uchta barmog‘i sig‘adigan darajada teshilgan maxsiga mas'h tortish joiz emas;
  • g‘usl vojib bo‘lgan kishiga mas'h tortish joiz emas;
  • tahoratni buzuvchi amallarning barchasi mas'hni ham buzadi;
  • maxsilarni yechish mas'hni buzadi;
  • mas'h tortish muddatining o‘tishi ham buzadi;
  • tahoratli kishi mas'h vaqti tugab maxsini yechsa faqat oyoqlarini yuvadi, lekin tahoratning boshqa amallarini qaytarmaydi.

 

Alloh taolo bu kunlarni barchamizga xayru barakali, elimiz va xalqimiz uchun tinchlik-omonlik kunlari qilsin! Ko‘p yillar mana shunday ulug‘ ayyomlarga sog‘u salomatlikda yetmog‘ligimizni nasibu ro‘zi aylasin! Omin!

25 avgust 2017 yil 35-son tezisiga

 

ILOVA

 

Muhtaram imom-domla! Joriy 2017 yil Qurbon hayitining birinchi kuni  1 sentyabr (zulhijja oyining 10 kuni) juma kuni ekanligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3241-son qarori e’lon qilindi. Shu munosabat bilan Qurbon hayitining kuni va vaqti to‘g‘risida jamoatga e’lon qilishingiz so‘raladi.

Shunga ko‘ra, 2017 yil 1 sentyabr juma kuni Qurbon hayiti namozi Toshkent vaqti bilan 6:05 da, joylarda namoz vaqtidagi tafovutni inobatga olib, quyosh chiqqandan so‘ng 15 daqiqadan keyin o‘qiladi.

 

Alloh taolo Qurbon hayiti namozini barchamizdan qabul aylab, bu kunning sharofati bilan yurtimizni fayzu barakotga to‘ldirsin! Omin!

 

Toshkentdan boshqa shaharlarda quyoshning chiqish va botish vaqtlaridagi farqlar (daqiqa hisobida)

Qurbon hayiti namozi 1 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan 06:05 da o‘qiladi

Shaharlar

Toshkentdan oldin

Shaharlar

Toshkentdan keyin

Qo‘qon

-7 = 05:58

Bekobod

+ 4 = 06:09

Namangan

-10 = 05:55

Jizzax

+ 6 = 06:11

Farg‘ona

- 10 = 05:55

Guliston

+ 7 = 06:12

Andijon

- 11= 05:54

Denov

+ 7 = 06:12

 

 

Jomboy

+ 7 = 06:12

 

 

Samarqand

+ 9 = 06:14

 

 

Shahrisabz

+10 = 06:15

 

 

Qarshi

+12 = 06:17

 

 

Kattaqo‘rg‘on

+12 = 06:17

 

 

Nurota

+14 = 06:19

 

 

Navoiy

+19 = 06:24

 

 

Buxoro

+21 = 06:26

 

 

Xiva

+35 = 06:45

 

 

Nukus

+ 42 = 06:47

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   2204   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA