Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

Uzumning foydalari va zararlari

21.08.2017   23969   2 min.
Uzumning foydalari va zararlari

Uzum inson organizmi uchun nimasi bilan foydali?

Uzum — foydali vitaminlar va minerallar xazinasidir. Uning tarkibida S vitamini, A, RR, N  vitaminlari, V gruppasiga kiruvchi vitaminlar, shuningdek  K vitamini mavjud.

Shuningdek, uzumda natriy, kalsiy, temir, fosfor, bor, ftor, nikel, marganes, sink va   ko‘pgina boshqa foydali metallarni, minerallarni va bir qator nodir foydali moddalarni uchratish mumkin. Bundan tashqari, uzum tarkibida  saraton kasalligi paydo bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatuvchi fitosterin deb nomlanuvchi modda mavjud. Yana uning tarkibida antioksidant ta’sir ko‘rsatuvchi organik kislotalar, foydali ozuqaviy to‘qimalar, shuningdek,  ilmiy tilda flavonoidlar va  monosaxaridlar  deb nomlanuvchi inson organizmi uchun foydali moddalar mavjud.

 Agar zerikarli raqamlar bilan ifodalanadigan tilda aytiladigan bo‘lsa, olimlar tomonidan uzumda ikki yuz xilga yaqin foydali moddalar mavjudligi aniqlangan.

Shuningdek, uzum urug‘i ham inson uchun foydali, unda xushbo‘y moddalar, fitosterinlar va  efir moylari bor.

Uzum immunitetni va yurak muskullarini mustahkamlaydi, tomirlarni kengaytiradi va bosh og‘rig‘ini bartaraf etishda yordam beradi. Uzum qon tarkibidagi xolesterin miqdorini kamaytiradi, ichni yurgizadi.

 Uzumning ozuqaviy quvvati

Uzum parhez mevasi emas, shuning uchun uni iste’mol qilish me’yorida bo‘lishi lozim. Uning ozuqaviy quvvati 100 gram mevasida (uning naviga qarab) 45 dan 63 kkal gachani tashkil etadi. Albatta uning ozuqaviy quvvati baland emas, lekin uning ishtaha ochish xususiyati kuchli bo‘lganidan, ko‘proq ovqat iste’mol qilishga sababchi bo‘ladi.

 Uzum nimasi bilan zararli?

Barchamizga ma’lumki, har bir foydali narsaning zararli tomoni ham bo‘lishi mumkin. Uzumning ba’zi kishilar uchun asosiy kamchiligi tarkibida qand moddasi miqdori juda balandligidadir. Uzumni semirish, qandli diabet, oshqozon yarasi, kariyes kasalliklarida iste’mol qilish maqsadga muvofiq emas. Shuningdek, uni iste’mol qilishdan qonni suyultirish maqsadida dori-darmon iste’mol qilayotganda ham o‘zini tiyish tavsiya etiladi.

                             Jaloliddin Nuriddinov

                                    Manba: hronika.info  

 

Tabobat
Boshqa maqolalar

O‘ng qo‘ling bilan ye!

30.06.2025   4181   5 min.
O‘ng qo‘ling bilan ye!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.



عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا أَكَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيَأْكُلْ بِيَمِينِهِ، وَإِذَا شَرِبَ فَلْيَشْرَبْ بِيَمِينِهِ، فَإِنَّ الشَّيْطَانَ يَأْكُلُ بِشِمَالِهِ وَيَشْرَبُ بِشِمَالِهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangiz yesa, o‘ng qo‘li bilan yesin. Qachon birortangiz ichsa, o‘ng qo‘li bilan ichsin. Chunki shayton chap qo‘li bilan yeb, chap qo‘li bilan ichadi», dedilar (Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilganlar).


Demak, chap qo‘li bilan yeb-ichgan odam Rohmanning amridan yuz o‘girib, shaytonga ergashgan va uning ishini qilgan bo‘ladi.

Shuning uchun bu masalaga katta e’tibor bilan qaramog‘imiz, farzandlarimizga ham o‘rgatmog‘imiz lozim.
 

عَنْ سَلَمَةَ بْنِ الْأَكْوَعِ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَجُلًا أَكَلَ عِنْدَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِشِمَالِهِ، فَقَالَ: كُلْ بِيَمِينِكَ، قَالَ: لَا أَسْتَطِيعُ، قَالَ: لَا اسْتَطَعْتَ، مَا مَنَعَهُ إِلَّا الْكِبْرُ، قَالَ: فَمَا رَفَعَهَا إِلَى فِيهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.


Salama ibn al-Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida chap qo‘li bilan taom yedi. Bas, u zot:

«O‘ng qo‘ling bilan ye!» dedilar.

«Qodir emasman», dedi u.

«Qodir bo‘lmagin! Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi», dedilar u zot. Haligi odam qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi» (Muslim rivoyat qilgan).

Ushbu hadisi sharifdan dinimizda ovqatlanish madaniyatiga qanchalik ahamiyat berilganligini yorqin ko‘rib turibmiz. Albatta, gap ovqatlanishning islomiy madaniyati haqida ketmoqda. Ovqatlanishning islomiy madaniyatlaridan biri o‘ng qo‘l bilan yeyishdir. Har bir musulmon inson bu muhim ishga alohida e’tibor bilan qarashi lozim. Ba’zi bir kishilar bu islomiy madaniyatga rioya qilmasalar, ularni ogohlantirish kerak.

Ushbu rivoyatning qahramoni ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida ovqatlanishning islomiy madaniyatiga rioya qilmay, chap qo‘li bilan taom yeyishga tutindi. Albatta, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu holga beparvo bo‘lishlari mumkin emas edi. Shuning uchun mazkur odobsiz kishiga ta’lim berib:


«O‘ng qo‘ling bilan ye!» dedilar».

Bunday paytda har qanday odam ta’lim beruvchiga tashakkur aytib, o‘zini o‘nglab olishga urinadi. Odob-axloq taqozosi shu. Ammo haligi odam Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga tashakkur aytib, o‘z xatosini tuzatib, o‘ng qo‘li bilan taom yeyishga o‘tish o‘rniga:

«Qodir emasman», dedi».

Ya’ni, bu «Ovqatni o‘ng qo‘li bilan yeya olmayman. Chap qo‘lim bilan yeyaveraman», degani edi. O‘zi noto‘g‘ri ish qila turib, unga mehr ko‘rsatib, xatosini to‘g‘rilab qo‘ygan zot Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bunday betgachoparlik qilgan nobakor har qanday jazoga va qarg‘ishga loyiq edi. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ochiq-oydin qilib:


«Qodir bo‘lmagin!» dedilar».

Ya’ni, «O‘ng qo‘ling bilan taom yeya olmasang, bir yo‘la yeya olmay qolgin», dedilar. Hamda u yerda hozir bo‘lganlarga tushuntirish uchun:


«Uni kibrdan boshqa narsa man qilmadi», deb, qo‘shib qo‘ydilar. Ya’ni, u odam yuqoridagi gapni haqiqatda o‘ng qo‘lida nuqson borligi uchun emas, kibr bilan xatosini tan olishdan bosh tortib aytgan edi.

Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni duoibad qildilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning duolari joyida qabul bo‘ldi.


«Haligi odam qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmay qoldi».

Ajab bo‘ldi! Battar bo‘lsin! O‘z foydasini bilmagan, shariat hukmidan ko‘ra o‘zining kibrini ustun qo‘yadiganlar uchun bu ham kam!


Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:

1. Chap qo‘l bilan taom yeb bo‘lmasligi.
2. Birovning chap qo‘l bilan yeganini ko‘rgan odam tanbeh berib, o‘ng qo‘l bilan yeyishini eslatib qo‘yishi kerakligi.
3. Diniy hukmlar bo‘yicha nasihat eshitgan odam mutakabbirlik qilmasligi kerakligi.
4. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning duolari darhol qabul bo‘lishi.

«Hadis va hayot» kitobi 16-juz