Kech tushganda duradgor ustaxonani yopib uyga ketdi. Kechasi ustaxonaga ilon kirdi. Qorni och ilon yegulik topish ilinjida u yoqdan bu yoqqa o‘rmalab yura boshladi. Qorong‘u xonada u to‘satdan boltaga urilib ketdi. Alam olish niyatida u boltaga o‘ralib olib uni chaqishni boshladi, lekin uning hujumi boltaga mutlaqo zarar yetkazmadi, aksincha ilonning og‘zi jarohatlanib qon oqishni boshladi. Ilon dushmaniga mahkam chirmashib olib, uni bo‘g‘moqchi bo‘ldi. Keyingi kuni duradgor ustaxona eshigini ochganda u yerda boltaning tig‘i ustida qonga belanib, cho‘zilib yotgan ilonga ko‘zi tushdi.
Ilon kimningdir aybi bilan halok bo‘lmadi, o‘zining jahli va adovati tufayli vafot etdi.
Qissadan hissa, ko‘pincha biz jahlimiz chiqqan paytda atrofimizdagilarni nohaq azoblab, diliga ozor berib qo‘yamiz. Vaqt o‘tgach, hammadan ham ko‘ra o‘zimizga ko‘proq ziyon yetkazganimizni anglaymiz.
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Mohira Zufarova
Pokistonning “Associated Press of Pakistan” axborot agentligida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yakunlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada shu yilning 7–11 iyul kunlari O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi bo‘yicha birinchi xalqaro forum bo‘lib o‘tgani, anjuman yakunida forum ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga murojaat yo‘llagani ta’kidlangan.
Qayd etilganidek, murojaatda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va bevosita qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilgan ushbu forum nafaqat nufuzli ilmiy anjuman, balki insoniyatning umumiy ma’naviy va intellektual merosini asrashga qaratilgan global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan tarixiy voqea sifatida baholangan.
Murojaatda forumning Toshkent, Samarqand va Termiz kabi buyuk sivilizatsiya markazlarida o‘tkazilgani chuqur ramziy ahamiyatga ega ekani qayd etilib, aynan shu zaminda jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yetishib chiqqanligi alohida ta’kidlangan.
“Forum ishtirokchilari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish tashabbusini so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim xalqaro gumanitar tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etdi. Ular mazkur markaz kelgusida jahonning yetakchi olimlarini birlashtiruvchi yirik xalqaro ilmiy-ma’rifiy maskanga aylanishiga ishonch bildirdi”, — deya fikr yuritilgan materialda.
Maqolada yozilganidek, O‘zbekistonda tarixiy merosni asrash, fundamental ilm-fanni rivojlantirish va sivilizatsiyalar muloqotini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yuksak baholangan.
Xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Xalqaro islom akademiyasi faoliyati ushbu siyosatning yorqin namunasi sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati