Ayol yo‘l chetida tuxum sotib o‘tirgan choldan so‘radi:
– Tuxum necha pul?
– Donasi 2 dirhamdan.
– 6 donasini 10 dirhamga berasizmi yoki ketaveraymi?
Otaxon noiloj rozi bo‘ldi. Mayli, olaqoling, bugun hali bir dona ham tuxum sotganim yo‘q. Juda bo‘lmaganda savdoimni sizga sotish bilan boshlay. Oxirgi payt savdo unchalik yaxshi emas, juda kam tuxum sotayapman.
Ayol butun boshli boylikni qo‘lga kiritganday 2 dirham arzonga olgan tuxumlarni olib hursand bo‘lib o‘zining qimmatbaho mashinasi tomon yugurdi...
...Ayol dugonalari bilan restoranga bordi. U yerda har doimgidek ko‘p buyurtma berishdi, natijada ko‘pgina iste’mol qilinmagan yeguliklar ortib qoldi.
130 dirhamlik chek olib kelishganda, bu ayol 150 dirham to‘lab qaytimi kerak emasligini aytdi. Ushbu voqea restoran faoliyatida oddiy xol, lekin tuxum sotib kun ko‘rayotgan chol uchun esa og‘riqli masala. Bu ayol 2 dirhamni qizg‘andi, lekin deyarli 150 dirhamni ko‘kka sovurdi.
Nima uchun ana shunday o‘rinlarda savob qilish o‘rniga, qizg‘anchiqlik qilamiz?! Muhtojga berishga mablag‘ orttirolmaymiz, lekin orzu havasga bir necha millionlab sarf qilamiz. Atrofdagilar bizga baho berishi uchun o‘zimizni ko‘rsatamiz, aslida-chi, aslida bahoni Xoliq bermaydimi?!
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Mohira Zufarova
tayyorladi
Quvaytning nufuzli “Al-Seyassah”, “Alwakt News” va “The Times Kuwait” nashrlarida quvaytlik ekspert va jamoat arbobi, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Tijorat arbitraj markazining sobiq bosh kotibi Tariq Yusuf ash-Shumaymiriyning “Samarqanddan Faylakagacha: zamin sivilizatsiya tilida so‘zlaganda nomli maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif joriy yilning avgust oyida yurtimizga amalga oshirgan tashrifi davomida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lgani, boy tarixiy-madaniy meros, me’moriy obidalar, qadimiy bozorlar hamda xalqimizning mehmondo‘stlik an’analari unda katta taassurot qoldirgani haqida yozadi.
Maqolada ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoning qadimiy shahri Samarqand hamda Fors ko‘rfazidagi tarixiy Faylaka oroli xalqlar va madaniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos sivilizatsion ko‘prik vazifasini bajargan. Samarqand Sharq va G‘arbni bog‘lagan quruqlikdagi karvon yo‘llari chorrahasi bo‘lgan bo‘lsa, Faylaka dengiz savdo yo‘llarida muhim strategik makon hisoblangan. Yurtimizdagi ilm-ma’rifatga bo‘lgan yuksak ehtirom va jamoatchilik an’analari Quvayt jamiyatidagi qadriyatlar bilan muayyan mushtaraklikka ega ekani alohida e’tirof etiladi.
Nashrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 17–18 fevral kunlari Quvayt Davlatiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlanadi. Tashrif yakunlari bo‘yicha sanoat, aviatsiya, “aqlli shaharlar”, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat va san’at kabi sohalarda umumiy qiymati qariyb 4,9 milliard dollarlik kelishuvlar va investitsiya loyihalari paketi shakllantirildi.
Shuningdek, Quvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining yurtimizdagi infratuzilma va sog‘liqni saqlash loyihalaridagi ishtiroki amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.
Maqola yakunida ta’kidlanganidek, Samarqand va Faylaka o‘rtasidagi tarixiy mushtaraklik hamda bugungi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar, faol investitsiyalar va madaniy almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati