Hiro g‘ori muborak Makka shahridan 3,5 km uzoqlikda joylashgan. Uning uzunligi 3,5 metr, eniga esa 2 metrni tashkil etadi. Ushbu g‘orda Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy nozil bo‘ldi. Qur’oni karimning quyidagi ilk besh oyatini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qabul qilib oldilar:
«O‘qing (ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Robbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Robbingiz esa karamlidir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o‘rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi», (Alaq surasi, 1-5-oyatlar).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Savol: Birovning telefoni va undagi ma’lumotlarni ruxsatsiz ko‘rish mumkinmi? Chunki ba’zan avtobus, metro kabi ommaviy transport vositalarida ayrim shaxslarning shunday ishlar qilayotganiga guvoh bo‘lib qolamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, birovning telefonidan uning ruxsatisiz foydalanish yoki undagi ma’lumotlarni o‘qish shar’an to‘g‘ri emas. Bu birovning uyiga ruxsatsiz mo‘ralash, xatiga ruxsatsiz qarash kabidir. Zero, bu ishlar Qur’on va hadislarda man etilgan.
Ammo agar murabbiy (ota, ustoz va hokazo) qo‘l ostida tarbiyalanayotgan shaxsning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishidan shubha qilsa, u holda tarbiya maqsadida o‘z qo‘l ostidagi shaxsning telefonini tekshirishiga ruxsat beriladi. Balki ular vaqti-vaqti bilan bolalar va ularga tegishli narsalarni nazorat qilib turishlari kerak, toki ular to‘g‘ri yo‘ldan og‘masinlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi