Misrning Shayx Zoyd shahar hokimiyati “Eng uzun iftor dasturxoni” tashkil etilishini e'lon qildi va shahar aholisini iftorlikka taklif etdi. Iftor dasturxoni taxminan ikki kilometr qilib tayyorlandi.
Iftorlik “Qo'shningiz – sizning uyingiz” shiori ostida bo'lib o'tdi. Shayx Zoyd shahar hokimiyati ishtirokchilarni jamoat birdamligi sifatida taomlarini o'zlari bilan olib kelishga va iftorlik marosimini mahalla ahli bilan baham ko'rishga va ochiq havoda shahardagi eng uzun dasturxon atrofida ovqatlanishga chaqirdi. Iftor tadbiridan so'ng bolalar uchun ko'ngilochar tadbirlar tashkil etildi.
Bu tadbir Ramazon oyida Shayx Zoyd shahrida ilk maratoba tashkil etilgan bo'lsa-da, mahalliy aholi faol ishtirok etdi va bu tadbir ular tomonidan iliq qarshi olindi. Shu bois shahar hokimligi bunday iftorlik dasturxonini kelgusi yil o'tkazishga qaror qildi.
“ash - Sharq al-Avsat” nashriga bergan xabarda Ramazon dasturxoni dastlab 2000 kishiga etishi kutilgani ammo mahalla ahlidan kelgan ishtirokchilar soni 5 mingdan oshib ketgani ta'kidlandi.
Shahar hokimligi bayonotida: “Biz bu tadbirni tashkil etish (Al-Matariya iftor dasturxoni) bilan raqobat qilishni rejalashtirmagan edik va agar biz (Ginnes) kitobiga iftorlik dasturxonini eng uzun ziyofat dasturxoni sifatida yozishni o'ylagan bo'lsak, 5 ming ro'zadorni jamlagani holda bu rekordni yangilagan bo'lardik. Kelgusida shunga harakat qilamiz”, deyiladi.
Misr shaharlari orasida “Eng uzun dasturxon” tashkil qilish mavzusi davom etmoqda. Daqhiliya viloyatidagi (Shimoliy Misr) Mansura shahri ham “Mansura ahli hamjihatlikda iftorlik qiladi” shiori ostida iftorlik dasturxonini (seshanba) tashkil qilib, bu musobaqaga qo'shildi” va Misrning yangi ma'muriy poytaxti 2019 yildagi kabi "Dunyodagi eng uzun iftorlik dasturxoni" deb ta'riflagan iftorlik dasturxonining tashkil etilishini e'lon qildi. Bu bilan u "Ginnesning rekordlar kitobi" tanloviga kirdi, iftorlik dasturxoni 3 ming metrdan oshdi va iftorlikda 7 mingga yaqin kishi ishtirok etdi.
O'MI xodimi I.Ahmedov tayyorladi
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bayrami munosabati bilan “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
– Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Qardosh O‘zbekiston xalqini istiqlol ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik, taraqqiyot va yangi yutuqlar uchun Alloh taolodan xayrli duolar so‘rayman.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston ulug‘vor tarixiy yo‘lni bosib o‘tib, mard va olijanob o‘zbek xalqining mustahkam irodasi tufayli yuksak yutuqlarga erishdi. Bugun mustaqil O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy sohalarda katta taraqqiyotga erishayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.
O‘zbekistonni ikkinchi Vatanim deb bilib, uni hamisha qalbimda asrab kelayotgan inson sifatida qardosh o‘zbek xalqining yutuqlaridan chin dildan quvonaman. O‘zbekiston rivoji va farovonligi yo‘lida bor kuch-quvvatini ayamay kelayotgan fidokor rahbar – Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining beqiyos mehnatlarini alohida e’tirof etaman.
O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida mamlakat so‘nggi o‘n yil davomida Uchinchi Renessans davrini boshdan kechirmoqda. O‘zbekiston bugun davlat rahbarining yuksak siyosiy tafakkuri va sa’y-harakatlari tufayli islom olamida yorqin nur sochayotgan madaniy-ma’naviy markazga aylandi.
Ushbu zahmatlarning yorqin namunasi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazini butun dunyo musulmonlariga taqdim etilgan bebaho tuhfa desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek mutafakkirlarining qimmatli ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish O‘zbekiston zaminining asrlar davomida shakllanib kelgan ma’rifat va irfon markazi maqomini yana bir bor ifodalaydi.
O‘zbekiston yetakchisi bilan har bir uchrashuv va muloqot men uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun cheksiz minnatdorlik bildiraman. Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “El-yurt hurmati” ordenining topshirilishi menda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi va bundan benihoya faxrlanaman.
Mustaqil O‘zbekiston bilan barcha sohalarda aloqalarimizni yanada kengaytirish xalqlarimiz uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratadi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida qaror topgan mustahkam qardoshlik munosabatlari, o‘zaro tashkil etilayotgan uchrashuvlar alohida qadr-qimmatga ega bo‘lib, bizga ma’naviy kuch bag‘ishlaydi.
Davlat rahbarlarimizning sa’y-harakatlari va oqilona siyosati tufayli Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda kengayib, qardoshligimiz ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston qalbimda alohida o‘rin tutadi. Bu mamlakatning har bir yutug‘idan behad quvonaman va uning doimo yuksak cho‘qqilarni zabt etishi uchun duolar qilaman.
O‘zbekistonda oliy diniy ta’lim olib, Ozarbayjon va Kavkazda Shayxulislomlik maqomiga ko‘tarilgan inson sifatida Ozarbayjon va O‘zbekistonning milliy-ma’naviy qadriyatlari hamda tarixiy merosimizga berilayotgan e’tiborni yuksak qadrlayman.
Dunyoda kechayotgan murakkab davrda qardosh xalqlarimiz o‘zlarining tarixiy-ma’naviy meroslariga suyangan holda munosib kelajak qurish yo‘lida ishonch bilan odimlamoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida munosabatlarimizning yanada kengayishi Alloh taoloning bizga ko‘rsatayotgan lutfu karamidir.
Ozarbayjonning ishg‘oldan ozod etilgan hududlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va qayta tiklash ishlari, diniy-ma’naviy merosni qayta tiklash jarayoniga turkiy davlatlar orasida birinchi bo‘lib o‘z ezgu tuhfalarini taqdim etgan O‘zbekiston xalqi va davlat rahbariga chin qalbimizdan minnatdorlik bildiramiz.
Yana bir bor O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qardosh o‘zbek xalqini samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni yo‘llayman.
Alloh taolo O‘zining ulug‘ rahmati va karamidan barchamizni bahramand etsin. Ezgu orzu-niyatlar va xayrli maqsadlarimizning ro‘yobga chiqishida Alloh madadkor bo‘lsin. Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati